Home / YANGILIKLAR / “HAJ – 2023” MAVSUMI UCHUN XIZMAT KOʻRSATISH SOHALARI OʻRGANILDI

“HAJ – 2023” MAVSUMI UCHUN XIZMAT KOʻRSATISH SOHALARI OʻRGANILDI

Shu yil 10 yanvar kuni Saudiya Arabistonida xizmat safarida boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasi “Haj – 2023” mavsumiga tayyorgarlik koʻrish doirasida bir nechta mehmonxonalar, oshxonalar va avtobus saroylari bilan yaqindan tanishib, yuksak darajada xizmat koʻrsatish mezonlari va yuqori sifat talablari nuqtai nazaridan tahliliy oʻrganib chiqildi.

Mazkur sohalar bilan yaqindan atroflicha tanishish jarayonida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev oʻzbekistonlik ziyoratchilar ibodatlarini bekamikoʻst ado etishlari uchun barcha qulay shart-sharoitlarni hozirlashga alohida diqqat qaratdilar.

Makka shahrida joylashgan bir necha mehmonxonalarni koʻzdan kechirish chogʻida delegatsiya aʼzolari ularning kirish foyelari kengligi, xonalardagi sharoitlar, ayniqsa, oʻrinlar soni, sanuzel holati, oshxona sigʻimi, ishchi va tibbiyot guruhlari xizmat koʻrsatishlari uchun ajratilgan joylar bilan yaqindan tanishdilar.

Shuningdek, mutasaddilar hojilarga taom tayyorlash borasida xizmat koʻrsatishi mumkin boʻlgan vakillar bilan uchrashib, oshxonalardagi shart-sharoitlar, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash omborlari, sanitariya-gigiyena talablariga javob berishi, ovqat pishiradigan qozonlar va anjomlar sinchkovlik bilan koʻzdan kechirildi.

Oʻrganish jarayonlarida transport vositalari, xususan Madina va Makka hamda Makka va Jidda yoʻnalishlarida zamonaviy avtobuslar ajratilishiga ham jiddiy eʼtibor qaratildi.

Manba: muslim.uz

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …