Bugun, 9 yanvar kuni Jidda shahrida joylashgan “Superdome” forumlar saroyida boshlangan Haj va umra xizmatlari konferensiya-koʻrgazmasida Oʻzbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etmoqda.
Saudiya Arabistoni Makka Amiri, Ikki muqaddas masjid xodimi maslahatchisi Shahzoda Xolid al-Faysal tashabbusi bilan tashkil etilgan mazkur nufuzli tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Muzaffar Komilov, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari va Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiqjon Toshboyev ishtirok etmoqda.
Ushbu koʻrgazma joriy yilning 12 yanvar kuniga qadar davom etadi. Mazkur xalqaro koʻrgazma Saudiya Arabistoni Podshohligi hukumati “Haj-2023” tadbirlariga puxta tayyorgarlik koʻrish uchun oʻtkazilmoqda.
Tadbirda dunyoning turli davlatlaridan vazirlar, muftiylar, haj va umra tadbirlarini tashkil etishga masʼul Saudiya Arabistonining idoralari va xalqaro kompaniyalar ishtirok etmoqda.
Koʻrgazma doirasida “Haj-2023” mavsumida mehmonxona, ovqatlanish, transport, qurbonlik, Mino, Arafot va Muzdalifa vodiylarida xizmat koʻrsatish boʻyicha zamonaviy loyihalar taqdimot qilinadi.
Ushbu tadbir Saudiya tarixida keng jabhada birinchi bor tashkil etilayotgani bilan katta ahamiyatga ega boʻlib, bu orqali Saudiya hukumati haj va umra ziyoratchilariga sifatli xizmat koʻrsatilishini tashkil etish borasidagi maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan.
Anjuman doirasida Haj va umra ziyoratchilariga koʻrsatilayotgan xizmatlar haqida oʻzbek, arab va ingliz tillarida chop etilgan “Oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun haj va umra xizmatlari” nomli fotoalbom ayrim ishtirokchilarga taqdim etildi.