Home / MAQOLALAR / MUTAASSIBLIK TAʼRIFI VA UNING QOʻLLANILISHI

MUTAASSIBLIK TAʼRIFI VA UNING QOʻLLANILISHI

Soʻngi yillarda sodir boʻlayotgan din bilan bogʻliq boʻlgan voqealar soha mutaxassislarini mutaassiblik, radikalizm va aqidaparastlik kabi zamonaviy dunyo tartibini izdan chiqarishi bilan ajralib turadigan diniy-ijtimoiy hodisalar ustida izlanishlar olib borishga majbur qilmoqda.

Mutaassiblik hodisasi turli shakllarda jamiyat hayotining barcha jabhalarida namoyon boʻlib kelganligi sababli har doim faylasuflar, diniy mutafakkirlar, sotsiologlar, siyosatchilar va madaniyat arboblari orasida qiziqish uygʻotib kelgan.

Xususan, diniy mutaassiblik tarixan fanatizmning bir shakli sifatida uning boshqa turlari orasida alohida oʻrin tutadi. U potensial jihatdan har qanday dinlar atrofida mavjud boʻlib, muayyan tarixiy sharoitlarda rivojlanishi hamda turli diniy va siyosiy guruhlarning oʻz maqsadlariga erishish vositasi sifatida foydalanishi mumkin.

Din ijtimoiy va individual xatti-harakatlarning eng muhim maʼnaviy regulyatorlaridan biri hisoblanadi. Diniy sohadagi eng kichik oʻzgarishlar ham mutaassib odamlarning fikrlari, his-tuygʻulari va harakatlariga katta taʼsir koʻrsatadi.

Sharqda insonlarning mutaassibona xatti-harakatlari mutaassiblik deb aytilgan boʻlsa, Gʻarbda bu hodisaga fanatizm termini qoʻllanib kelingan.

Mutaassiblik – (arabcha – التعصب) – maʼlum bir mafkura va qarashlarga, ayniqsa, diniy-falsafiy, milliy va siyosiy sohalarda haddan ziyod, koʻr-koʻrona va hissiyotlarga berilib ergashish va ularga amal qilish, qandaydir tushunchalar, eʼtiqod yoki dunyoqarashga koʻr-koʻrona sodiqlik sifatida taʼriflangan[1].

Fanatizm va fanat atamalari lotincha fanatice (jahl, gʻazab bilan) va yoki fanaticus (gʻayratli, hayajonli; gʻazablangan, aqidaparast, gʻazabli) sifatdoshlaridan kelib chiqqan boʻlib, fanum (xudoga bagʻishlangan joy, muqaddas joy, ibodatxona) sifat otiga asoslanadi[2].

Fanum va fanaticus ismi sifatlari birlashtirganda, mutaassib atamasi, hayajonli, ilhomlangan, quvnoq yoki jazavali va ibodatxonasiga sigʻinuvchi kabi maʼnolar kelib chiqadi[3].

“Fuqarolik jamiyati va mutaassiblik: qoʻshilgan tarix (Civil Society and Fanaticism: Conjoined Histories)” nomli kitob muallifi Dominik Kolasning mazkur asarida mutaassiblik atamasining tarixiy nuqtai nazardan qoʻllanilishi haqida umumiy maʼlumot bergan.

Jumladan, kitobda Sitseron (miloddan avvalgi 106\43) va Yuvenal (60\140) fÿnÿticusdan gʻazabning sinonimi sifatida foydalangani koʻrsatilgan. XVII asrga kelib kelib mazkur termin Angliyada diniy xurofot, mutaassib va ishtiyoqli atamalari bilan din hamda siyosatda haddan tashqari tanqidiy ishtiyoq yoki gʻayrat maʼnosida qoʻllana boshlangan[4].

Xristian cherkovi ruhoniylari esa mazkur terminni XIX asrdan diniy ibodat va marosimlarni bajarish bilan chegaralanmagan taqvodor dindorlarga nisbatan asriy anʼanalardan yuz oʻgirgan dinsiz yoki liberal fikrli xristianlar tomonidan faol qoʻllanila boshlanganligini taʼkidlashgan[5].

XX asrda kelib, bu atama ateistik lugʻatlarda eng keng tarqalgan tushunchalardan biriga aylandi.

Taʼkidlash joizki, turli xil odamlar uchun bir xil tushunchalar baʼzida butunlay boshqacha maʼnolarni anglatadi. Masalan, diniy mutaassiblik nima? Degan savolga dinga ishonmaydigan odam dindorlikning har qanday koʻrinishi deb javob beradi. U uchun dindorning issiq kunda roʻza tutishi, tarki dunyo qilish va boshqa diniy ibodatlarni amalga oshirilishi – mutaassiblik yoki aqidaparastlik boʻlib tuyiladi.

Shu sababli, dinga ishonmaydigan odam uchun “dindor” va “aqidaparast” tushunchalari deyarli bir xil ahamiyatga ega boʻladi.

Darhaqiqat, barcha xalqlarda har doim oʻz xalqi, mamlakati uchun jonini fido qilganlar ulugʻlangan. Shu oʻrinda bir savol tugʻiladi: inson oʻz eʼtiqodi uchun oʻlishga tayyormi yoki boshqa odamlarni oʻldirishga? Mana shu yerda taqvodor dindor va mutaassib shaxs oʻrtasidagi chegara koʻrinadi. Haqiqiy dindor odam oʻz manfaatlari uchun boshqalarning erkinligiga tajovuz qilish gʻoyasini qoʻllab-quvatlamaydi.

Aksariyat dinlarning Xudo toʻgʻrisidagi taʼlimotida Yaratgan odamlarga nisbatan hech qanday zoʻravonlikka yoʻl qoʻymasligi va bandalar ham oʻz erkinligini himoya qilishi lekin boshqaning erkinligiga tajovuz qilmasligi bayon qilinadi.

Shu bilan birga, dissident[6]lar va mutaassiblar yoki shunga oʻxshash atamalarni maʼlum bir tarafga nisbatan qoʻllaydiganlar aksariyat hollarda oʻzlarining notoʻgʻri qarashlariga kuchli bogʻliq boʻladilar.

Misol uchun, partizan dushmanlari nazarida terrorchi boʻlib koʻrinishi mumkin, lekin u oʻz tarafdorlari nazarida ozodlik uchun kurashuvchidir.

Bundan tashqari, muayyan guruhlarni mutaassib deb belgilaydigan kishining oʻzi ham bir vaqtning oʻzida mutaassib boʻlishi mumkin.

Masalan, protestantlik harakatini boshlab bergan Martin Lyuter ikonoklast[7]lar va dehqonlar urushi faollarini (1524\25) mutaassiblar deb hisoblardi, shunga qaramay u oʻz asarlarida katolik cherkovini yoʻq qilishga, dehqonlar qoʻzgʻolonini qonli bostirishga hamda yahudiy sinagogalari va maktablariga oʻt qoʻyishga chaqirgani uning oʻzi ham fanatik dunyoqarash ega boʻlganidan dalolat beradi[8].

Eʼtiqodlari va amaliyotlari turlicha boʻlganlarni mutaassib deb hisoblash tendensiyasi bizni bu atamani ishlatishdan qaytarmasligi kerak. Oʻz joniga qasd qilgan hudkush terrorchi oʻz dushmanlari tinch fuqarolar bilan birga portlatib yuborganda, uning niyati oʻzi uchun juda yaxshi boʻladi. Ammo bu bizni terrorist atamasidan voz kechishimiz va uni shahid yoki ozodlik kurashchisi kabi ijobiy atamalar bilan almashtirishimiz kerak degani emas.

Taʼkidlash joizki, mutaassib atamasidan baʼzan umumiy foydalanishda va ilmiy adabiyotlarda juda keng maʼnoda qoʻllanilganligi sababli baʼzilar mazkur atamadan foydalanish jarayonlarning toʻliq mohiyatini ochib bermasligini taʼkidlab, bu termindan ilmiy lugʻatlarni chiqarib tashlashni daʼvo qiladilar[9].

Masalan, Tonu Lextsaar diniy fundamentalizmni xaritalashda shunga oʻxshash muammolarga duch kelgan. U mutaassiblikni yaxshiroq tushunish uchun bu atamaga aniqroq taʼrif berish kerakligini aytgan[10].

Hozirgi kunda barcha dinlar doirasida diniy mutaassiblik namunalarini topish va uning taʼsiri zoʻravonliksiz ham halokatli boʻlishi mumkinligi maʼlum boʻlmoqda.

Mutaassib ota-onalar oʻz farzandlarini zamonaviy inson taraqqiyoti va ijtimoiylashuv qonunlariga zid ravishda tarbiyalashlari, zamonaviy oilalarda qiz bolalarga oʻqish va yozishni oʻrgatish notoʻgʻri deb hisoblaydigan mutaassib oila boshliqlarining harakatlari natijasida bolalar savodsiz boʻlib ulgʻayishi mumkin.

Shuningdek, baʼzan odamlarning haddan tashqari chidamliligi hech kimga emas, balki oʻzlariga ham ziyon etkazadi.

Masalan, taqvodor buddistlar oʻz eʼtiqodlarini boshqalarga yuklamaydilar, bahslashmaydilar va oʻzlarining haq ekanliklarini isbotlamaydilar. Ularning mutaassibligi asosan chuqur kontsentratsiyada, uzoq davom etadigan ruhiy amaliyotlarda namoyon boʻladi, ular duch keladigan sinovlar koʻpincha aqlga sigʻmaydi va baʼzida odamlarni aqldan ozishiga olib keladi.

Shu oʻrinda, turli soha vakillari tomonidan mutaassiblik atamasiga berilgan taʼriflarni koʻrib chiqish bizga mazkur terminni teranroq tushunish imkonini beradi.

Misol uchun, Amerikalik faylasuf Jorj Santayana[11] “Aql hayoti: Inson taraqqiyoti bosqichlari” nomli kitobida “Fanatizm maqsad unutilganda saʼy-harakatlarni ikki baravar oshirishdan iborat” deya taʼrif bergan.

Uinston Cherchillning taʼkidlashicha, “Fanatik shaxs – oʻz fikrini oʻzgartirishga qodir boʻlmagan va mavzuni hech qachon oʻzgartirmaydigan kishidir” deya taʼkidlagan.

Din psixologi Tonu Lextsaar fanatizm atamasini odatdagidan tashqariga chiqadigan haddan tashqari va ehtirosli tarzda biror narsaga intilish yoki himoya qilish deb taʼriflagan.[12].

Ingliz faylasufi Jon Lokk (1632\1704) mutaassib atamasini kimgadir toqat qilmaydigan odam deb tushungan boʻlib, bu bugungi kunda atamaning asosiy maʼnolaridan biri hisoblanadi.

Sloveniyalik yozuvchi, ssenariynavis, rejissyor va aforist Jarko Petan esa bu toifa insonlarni “Mutaassiblar – yashashdan koʻra koʻproq intensiv oʻladigan odamlardir” deya taʼriflagan.

Madaniyatshunos, filolog va zamonaviy falsafaga katta taʼsir koʻrsatgan nemis faylasufi Fridrix Nisshe “Albatta, mutaassiblik iroda kuchining yagona shaklidir, unga hatto zaif va oʻziga ishonchi yoʻq odamlar ham erisha oladilar” deya mutaassiblik haqidagi oʻz qarashlarini bayon qilgan.

Pravoslav eʼtiqodi boʻyicha maqolalar chop etiladigan “Foma” nomli jurnalda mutaassib shaxsga “Hamma halok boʻladi, yolgʻiz men qutulaman deb oʻylaydigan odamdir[13] deya taʼrif berilgan.

Xulosa oʻrnida shuni aytish mumkinki, fanda mutaassiblik atamasi turli soha vakillari tomonidan turlicha taʼriflangan boʻlsa-da, diniy gʻoyalarga mutaassibona berilib ketganlik butun xalqlarga halokatli taʼsir koʻrsatadi va ularning tanazzulga yuz tutishiga olib keladi.

Diniy fanatizm bir guruh odamlarni belgilangan qoidalarga muvofiq yashaydigan podaga aylantirib, har bir kishini oʻziga xoslik
va ichki erkinlikdan mahrum boʻlishiga olib keladi.

[1] Sovetskaya voyennaya ensiklopediya. — Moskva: Voyenizdat, 1980. — T. 8. — S. 248
[2] Terms and their translations Kleis R, Torpats Ü. Gross L. Freymann H. Ladina-eesti sõnaraamat. Tallinn: Valgus, 2002. – r 442.
[3] Hughes M. Johnson G. Fanaticism and Conflict in the Modern Age. London: Frank Cass, 2005. – R.1
[4] Kalmer M. The many faces of fanaticism. ENDC Proceedings. – Tartu, 2011. №14. – P.31
[5] Chto takoye fanatizm? Kogo mojno nazvat fanatikom? 06.28.2007 g. https://pravoslavie.ru/6950.html.
[6] Dissidentis — qarshilik qiluvchi, qoʻshilmaydigan. Boshqacha oʻylovchi, hukmron tuzum, mafkura bilan kelishmaydigan. 1950-80 yillarning oʻrtalarida bir qator sotsialistik mamlakatlarda mavjud tuzumga qarshi boʻlganlarning umumiy nomi.
[7] Iconoclast – diniy ibodatda ishlatiladigan tasvirlarni yoʻq qiluvchi. VIII-IX asrlarda Vizantiya cherkovida piktogramma va boshqa diniy tasvirlarni hurmat qilishni bekor qilishga intilgan harakat tarafdori. XVI-XVII asrdagi puritanlar.
[8] Kalmer M. The many faces of fanaticism. ENDC Proceedings. – Tartu, 2011. №14. – P.32
[9] Bryan D. Fanatics, Mobs and Terrorists: The Dynamics of Orange Parades in Northern Ireland. – Fanaticism and Conflict in the Modern Age. – London & New York: Frank Cass, 2005, P – 154.
[10] Lehtsaar T. Usulisest fundamentalismist religioonipsühholoogi pilguga. Usuteaduslik Ajakiri. – Estoniya, 2009. №59. – P.30
[11] Jorj Santayana (1863-1952 yillarda yashagan) amerikalik faylasuf va yozuvchi boʻlib, “Aql hayoti”, “Skeptizm va hayvoniy eʼtiqod” va “Soʻnggi puritan” nomli falsafiy asarlari bilan mashhur boʻlgan.
[12] Lehtsaar T. Äärmusliku usugrupi psühholoogia. – Tartu: Tõnu Lehtsaar kirjastus, 1997. – P.9
[13] Ispoved religioznogo fanatika. Pravoslavnыy jurnal dlya somnevayuщixsya “Foma”. – Moskva, 2004. №6 (23) – 1 s.
Bahodir DAMINOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita
Diniy-ijtimoiy jarayonlarni oʻrganish axborot-tahlil markazi
bosh mutaxassisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …