Abu Hafs Umar Nasafiy oʻz davrining buyuk ulamolari, oʻz yurtining peshqadamlaridan ilm olgan. Allomaning ustozlari haqiqatdan ham asrining eng ilmli va yetuk olimlari edilar. Bu haqda “Hidoya” asarining muallifi quyidagicha yozadi: Najmiddin Umar Nasafiyning shunday deganini eshitganman: “Men besh yuz ellik shayxdan hadis rivoyat qildim”.
Shuningdek, Margʻinoniy alloma ustozlarining ismlarini oʻzining “Taʼdadu ash-shuyux li Umara mustatrofun ala-l-hurufi mustatorun” yaʼni (Umar shayxlarining harflar asosida bitilgan ajoyib sanogʻi) nomli asarida jamlaganini aytadi. Ushbu asar bizgacha yetib kelmagan. Bundan tashqari allomaning “Kitob al-qand” asarida ham koʻplab ulamolar qatorida oʻz ustozlarining hayoti va ijodi haqida maʼlumotlar keltirib oʻtgan.
Umar Nasafiy birinchi ustozi sifatida Abul Abbos Mustagʻfiriyning nevarasi, hofiz Abu Rajo Qutayba ibn Muhammad al-Usmoniy an-Nasafiyni (vaf. 473/1081) eʼtirof etadi. Abu Rajo Qutayba Nasafdagi “Bob maqsura” degan joydagi juma masjidida imlo darslarini oʻtganida yoshgina talaba birinchi marta hadislarni qogʻozga tushira boshlaydi. Allomaning mashhur ustozlaridan quyidagilarni keltirish mumkin: Faxrul Islom Bazdaviy nomi bilan tanilgan olim Ali ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim ibn Muso ibn Iso ibn Mujohid Abulhasan (vaf. 482/1089). U oʻz zamonasining peshqadam ulamolaridan boʻlib, nihoyatda faqih inson boʻlgan. Ushbu olimning “Al-mabsut”, “Sharh al-jomi al-kabir val jomi as-sagʻir” va fiqh borasida “Usuli Bazdaviy” nomi bilan mashhur kitobi eng mashhur va maqbul asarlardan hisoblanadi. Manbalarda Umar Nasafiy oʻz shogirdlariga “Usuli Bazdaviy”ni rivoyat qilganliklari keltiriladi;
Muhammad ibn Muhammad ibn Husayn. Faxrul Islomning ukasi, alloma Abul Yasr al-Bazdaviy an-Nasafiy (vaf. 493/1100) Movarounnahrdagi hanafiy shayxlaridan boʻlib, Samarqanddagi “Dor al-Juzjoniy” nomli markazda talabalarga hadis va boshqa ilmlardan dars bergan;
Ismoil ibn Ibrohim ibn Muhammad ibn Muhammad ibn Nuh ibn Zayd ibn Noʻmon ibn Abdulloh ibn Hasan ibn Zayd ibn Nuh abu Muhammad an-Nuhiy an-Nasafiy (tugʻ. 423) ham Umar Nasafiyning ustozlaridan boʻlib, u haqida oʻzining “Tilbatit talaba” asarida maʼlumot berib, uning 481-hijriy sanada vafot etganligini aytadi. Bundan tashqari “At-taysir fit-tafsir” asarida ham ushbu ustozi haqida quyidagi maʼlumotlarni keltiradi: “Imom, ustoz, notiq Abu Muhammad Ismoil ibn Muhammad an-Nuhiy an-Nasafiy, Alloh rahmat qilsin va undan rozi boʻlsin, shayxim edi. Bizga Ali roziyallohu anhuning baʼzi avlodlaridan rivoyatlar qilgan”[1];
Ahmad ibn Abdulloh ibn Yusuf ibn al-Fazl as-Sibgʻiy (vaf. XII asr 1-yarmi) Samarqand ahli imomlaridan boʻlib, Yusuf ibn Yahyo Balxiydan hadislar eshitgan va undan esa hofiz Abu Hafs Nasafiy va boshqalar hadis eshitishgan;
Umar ibn Muhammad Umar ibn Ahmad ibn Xushnom al-Xushnomiy al-Buxoriy (XII asr). U haqida Samʼoniy shunday deydi: “Faqih, fozil, munozir, adib boʻlgan. Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Haydar al-Jaʼfariy al-Buxoriydan hadis eshitgan va undan Abu Hafs Nasafiy hadis eshitgan. Besh yuz yigirma ikkinchi yil zulqaʼda oyida Buxoroda vafot qilgan”;
Bundan tashqari imom Abu Hafs Nasafiy imom Abu Muhammad Abdurrohman ibn Abdurrohim al-Assor al-Bandimashiy (vaf. 524/1130), Abulhasan Ali ibn Yusuf ibn Muhammad Binkatiy (XII asr), Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abdurrohim ibn Muhammad ibn Ahmad al-Jurjusoriy al-Balxiy (XII asr), Abulmuayyad Maymun ibn Abilula Ahmad ibn al-Hasan al-Hatimiy an-Nasafiy (XII asr) kabi ulugʻ ustozlardan taʼlim olgan va hadislar rivoyat qilgan[2].
Abu Hafs Nasafiyning koʻplab ulugʻ ustozlari boʻlganidek, undan yuzlab shogirdlar tahsil olishgan. Chunki u oʻz davrining yetuk olimi, islomiy ilmlarning bilimdoni va koʻplab hadislar rivoyat qilgan buyuk shaxs edi. Allomaning shogirdlaridan koʻplab mashhur ulamolar yetishib chiqqani ham uning naqadar eʼtirofga loyiq ekanligiga dalolat qiladi. Abu Hafs Nasafiyning mashhur shogirdlaridan quyidagilarni keltirib oʻtish maqsadga muvofiqdir: Abu Hafs Nasafiyning eng mashhur shogirdlaridan biri oʻgʻli Ahmad ibn Umar Abu Lays boʻlib, Majd nomi bilan tanilgan edi. Samʼoniy oʻzining kitobida uning 507-hijriy sanada tavallud topganligi, otasi va boshqalardan fiqhni oʻrganganligi, shu bilan birga, otasidan koʻplab hadislar eshitganligi, faqih, fozil hamda yetuk voiz boʻlganligini yozadi. Shuningdek, 552 yili Bagʻdoddan vataniga qaytayotganda Bistom yaqinidagi Qumsa degan joyga yetganida qaroqchilar bu karvonning yoʻlini toʻsib, yetmishdan ortiq kishini qatl qilishadi. Ularning aksariyati ulamolar boʻlib ularning ichida Ahmad ibn Umar ham boʻlganligini keltiradi;
Abu Hafs Nasafiyning eng mashhur shogirdlaridan yana biri “Hidoya” asarining muallifi Ali ibn Abu Bakr ibn Abdul Jalil al-Fargʻoniy al-Margʻinoniydir. U imom, faqih, hofiz, muhaddis, mufassir, usulchi olim, barcha islom ilmlarida yetuk va mohir, oʻz zamonasining peshqadam ulamosi boʻlgan. Koʻpgina mashhur ulamolardan fiqh ilmini oʻrgangan. Shulardan biri ins va jinlarning muftiysi Abu Hafs Umar Nasafiydir. Uning Margʻinoniyga “Sahihul Buxoriy”dan ijozat berganliklari aytiladi;[3]
Shayx, imom Abul Abbos Ahmad ibn Muso ibn Iyso ibn Maʼmun al-Kashshiy al-Hanafiy (XII asr) Abu Hafs Nasafiyning eʼtirof etgan shogirdlaridan boʻlib, faqih kishi boʻlgan. U kishi “Majmuʼul havodis van-navozil val-voqiot” nomli nafis asar yozgan.
Bundan tashqari Abu Hafs Nasafiyning Burhoniddin al-Hasan ibn Muhammad al-Kosoniy (XII asr), Muhammad ibn Abdul Jalil ibn Abdul Malik ibn Ali ibn Haydar as-Samarqandiy (XII asr), Muso ibn Abdulloh ibn Ibrohim ibn Muhammad ibn Sinon al-qahtoniy (XII asr) va boshqa koʻplab shogirdlari undan ilm olgan va hadislar eshitgan[4].
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi