Home / MAQOLALAR / Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmas!

Alloh taolo isrof qilguvchilarni sevmas!

Alloh taolo oxirzamon ummatini ummatlar ichida eng afzali qildi. Ularning afzalligi har bir ishda vasatiy boʻlganlaridandir. “Vasatiy” soʻzi “oʻrta”, “moʻtadil” va “afzal” kabi maʼnolarni anglatadi. Alloh taolo bu haqida Qurʼoni karimda bunday marhamat qiladi: “…sizlarni oʻrta ummat qildik” (Baqara surasi 143-oyat).

Darhaqiqat, bu ummatning har bir ishi moʻtadillik ustiga qurilgan. Isrof – ijtimoiy illatlardan biri. Bu soʻz “haddidan oshish” maʼnosini anglatadi. Istilohda esa har bir narsada Alloh taolo belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zot bergan neʼmatlarni oʻz oʻrniga sarf etmaslik isrofdir. Urfda esa mol-davlatni zoye qilishga isrof deyiladi. Oʻzbek tilida “isrof” soʻzi bilan birga “uvol qilish” va “neʼmatni qadrlamaslik”, “nest-nobud qilish” kabi ifodalar ham qoʻllanadi.

Isrofning katta-kichigi boʻlmaydi! Lekin uning maʼnosini tushuntirish uchun olimlardan biri quyidagi misolni keltiradi: “Kosa tagida ortib qolgan taomni toza yemaslik ham isrofdir”. Endi bir oʻylab koʻraylik, kosa tagida ortib qolgan ozgina taomni yeb qoʻymaslik isrofgarchilikka kirsa-yu, hayotimizdagi keraksiz dabdababozliklarni nima deb baholash mumkin?!

Barcha ulamolar isrofning harom va gunohi kabira ekaniga ittifoq qilganlar.

Alloh taolo isrofgarni suymaydi.

Bu haqida Alloh taolo Oʻz Kalomi majidining Anʼom surasi 141-oyatida bunday marhamat qiladi: “Va isrof qilmanglar. Albatta, U isrof qilguvchilarni sevmas”.

Isrofgar shaytonning doʻstidir.

Isrofgarlar shaytonlarning birodarlaridir. Shayton esa Parvardigoriga nisbatan oʻta noshukur edi” (Isro surasi 27-oyat).

Isrof deganda, koʻpchilik yemoq-ichmoqning ortib qolishini tushunadi, xolos. Lekin isrofning juda koʻp turlari bor. Ularning eng koʻp tarqalgan koʻrinishlaridan biri oziq-ovqatdagi isrof.

Alloh taolo yemoq-ichmoqda isrofga berilishdan qaytaradi. Bu haqida Oʻz Kitobida bunday marhamat qiladi: “Yenglar, ichinglar, ammo isrof qilmanglar. Zero, U isrof qilguvchilarni sevmas” (Aʼrof surasi 31-oyat).

Abdulloh ibn Amr ibn Oss roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Isrof va takabburlik qilmagan holda yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar!” dedilar” (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Yemoq-ichmoqdagi isrof nafs xohlagan har narsani yeyaverish, harom va shubhali narsalarni isteʼmol qilish hamda toʻygandan keyin yeb-ichish bilan boʻladi.

Miqdom ibn Maʼdiykariba roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Odam bolasi toʻldiradigan idishlarning eng yomoni qorindir. Odam bolasiga qaddini tutadigan luqmalar yetarlidir. Agar juda lozim boʻlsa, taomi uchun uchdan bir, sharobi uchun uchdan bir va nafasi uchun uchdan bir”, dedilar” (Imom Termiziy rivoyatlari).

Tibbiyot olimlarining taʼkidlashicha, aksariyat kasalliklar notoʻgʻri va koʻp ovqatlanishdan kelib chiqadi.

Shu oʻrinda suv isrofi haqida ham bir oz toʻxtalsak. Suv Alloh taoloning eng katta neʼmatlaridan biri boʻlib, inson hayotini suvsiz tasavvur qilib boʻlmaydi.

Yer yuzida chuchuk suv zaxirasi juda oz. Dunyoda ichishga yaroqsiz qariyb 98 foiz suvni ummon va dengizlarning shoʻr suvi tashkil qiladi. Shundan ichishga yaroqlisi faqatgina 2 foiz chuchuk suvdir.

Oʻz bandalariga oʻta mehribon Parvardigori olam Qurʼoni karimda butun insoniyatga qarata bunday marhamat qiladi: “Sizlar oʻzlaringiz ichadigan suv haqida hech oʻylab koʻrdingizmi? Uni bulutlardan sizlar yogʻdirdingizmi yoki Biz yogʻdirguvchimizmi? Agar Biz xohlasak, uni shoʻr qilib qoʻygan boʻlar edik. Bas, shukr qilmaysizlarmi?” (Voqea surasi 68-70-oyatlar).

Koʻcha-koʻyda ichimlik suv isrof boʻlayotganiga koʻp guvoh boʻlamiz. Uyda baʼzan ehtiyojimizdan ortiqcha suv sarflaymiz, tejamaymiz. Shuni unutmaslik kerakki, hatto tahoratda boʻlsa ham, suvni isrof qilish yaramaydi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam tahorat qilayotgan Saʼd roziyallohu anhuning oldidan oʻtdilar va: “Bu qanday isrofgarchilik?!” dedilar. Shunda Saʼd roziyallohu anhu: “Tahoratda ham isrof boʻladimi?” dedi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ha, garchi oqar daryo oldida boʻlsangiz ham, isrof boʻladi!” dedilar” (Imom Ahmad rivoyatlari).

Janobi Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam tahoratlariga bir mudd (0,688 litr), gʻusllariga esa bir soʻ (2,752 litr) suv ishlatardilar. Biz ham mana shularga amal qilsak, suv bilan bogʻliq muammolar yechimiga hissa qoʻshgan boʻlamiz. Kelajak avlodga bebaho neʼmatni yetkaza olamiz.

Isrof masalasi kiyim-kechakka nisbatan ham qoʻllanadi. Inson oʻziga kerakli liboslarnigina kiyishga odatlanishi lozim. Moda ortidan quvib, son-sanoqsiz kiyim-kechak va turli liboslarni sotib olish ham isrof.

Muhtoj kishilarga ehson va sadaqa qilish margʻub amallardan va buning uchun bandaga ulkan savoblar vaʼda qilingan. Ammo bu borada ham meʼyordan oshilsa, isrofgarchilikka yoʻl qoʻyilgan boʻladi. Saxovat goʻzal fazilatlardan biri boʻlsa-da, bu borada xasislik va isrofgarchilik oʻrtasidagi meʼyorni tutish muhimdir.

Qoʻlingni boʻyningga bogʻlab olma! Uni bir yoʻla yozib ham yuborma! Yana malomat va hasratda oʻtirib qolmagin!” deyiladi Qurʼoni karimning Isro surasi 29-oyatida.

Ushbu oyati karimada mol-davlatning sarfi aslida qanday boʻlishi kerakligi bayon qilinmoqda.

“Qoʻlingni boʻyningga bogʻlab olma!”, yaʼni baxil boʻlma! Oyati karimada baxillik juda ham ajoyib oʻxshatish bilan vasf qilinmoqda. Qoʻlini boʻyniga bogʻlab olgan odam hech qachon hamyoniga qoʻl sola olmaydi va undan pul olib, birovga ehson qilmaydi. Shuning uchun baxil qoʻlini boʻyniga bogʻlab olgan kishiga oʻxshatilmoqda.

“Uni bir yoʻla yozib ham yuborma!”, yaʼni qoʻlingni bir yoʻla yozib, bor-yoʻgʻingni boshqalarga berib, tugatib ham qoʻyma!

“Yana malomat va hasratda oʻtirib qolmagin!” Oʻylamasdan, borini behuda sarflab, sariq chaqasiz qolgan odam malomatga uchraydi. Uni hamma malomat qiladi. Notoʻgʻri va nooʻrin tasarrufini qoralaydi. Shuningdek, vaqt oʻtgandan keyin uning oʻzi ham qilgan ishiga pushaymon boʻlib, hasrat-nadomat chekadi.

Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, tutgan yoʻllari buning oʻrtasida – moʻtadildir”, deyiladi Qurʼoni karimning Furqon surasi 67-oyatida.

Xayr-ehsonda isrofgarchilik qilib, turli tadbir va marosimlarda kimoʻzarga, dabdabalarga berilish ortida kibr va riyo illatlari yotadi. Bunday illatlar insonni dunyo va oxiratda halokatga olib boradi.

Yuqorida moddiy neʼmatlar isrofi haqida eslab oʻtildi. Lekin isrofning eng yomon koʻrinishi maʼnaviy isrofgarchilikdir. Ulardan biri ibodatdagi isrofdir.

Buni qarangki, hamma narsani tartib-intizom bilan ado etishga chaqirgan dinimiz ibodatlarda ham moʻtadil boʻlishga va isrofga yoʻl bermaslikka chorlaydi!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Darhaqiqat, bu din – yengildir! Biror kishi dinni qiyinlashtirsa, uni magʻlub qiladi. Shunday ekan, toʻgʻri boʻling, yaqinlashing, bashorat bering, yengillashtiring va ertalab, zavoldan keyin hamda tunning bir qismida ibodat bilan yordam soʻranglar!” deb marhamat qildilar” (Imom Nasoiy rivoyatlari).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam masjidga kirganlarida ikki ustunga tortilgan arqonni koʻrdilar va “Bu nima arqon?” dedilar. “Bu Zaynabning arqoni. Agar u ibodat qilib charchasa, unga osiladi”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Uni yechinglar! Har kim oʻz quvvatiga qarab namoz oʻqisin. Agar charchasa, yotsin!” dedilar” (Muttafaqun alayh).

Bugungi kunda baʼzi insonlar haddan oshib, shaxsiy imkoniyatlarini hisobga olmay, ibodatga qattiq kirishishi natijasida oʻzini mashaqqatga qoʻymoqda. Bu holat dinimiz koʻrsatmalariga ziddir. Tananing ham haqqi bor. Har bir haq egasiga oʻz haqqini berish lozim. Ibodatlarda moʻtadillikka amal qilmaslik ortida shaytonning oʻsha ibodatlardan bezdirib, ularni tark qildirish rejasi yotadi.

Bu borada yuqoridagi hadisi sharif bizlarga dasturulamal boʻladi.

Umr Alloh taoloning bandaga bergan eng ulugʻ neʼmatlaridan biridir. Umrning boshqa neʼmatlardan farqi shundaki, boshqa barcha neʼmatlar qoʻldan ketgach, yana unga erishish mumkin, ammo umr bunday emas. Umr insonga bir marotaba beriladi. Oʻtib ketgach, ortga qaytmaydi. Umr shu darajada ulugʻ neʼmat boʻlishiga qaramay, afsuski, uni behuda ishlarga sarflab, juda ham koʻp isrof qilib yuboramiz.

Ilm va isteʼdodning ham isrofi bor. Ilm-maʼrifat hosil qilish – eng ulugʻ fazilatlardan. Ilm sohibi boʻlgach, avvalo, ilmiga amal qilish va uni boshqalarga ham oʻrgatish har bir ziyo ahlining zimmasidagi vazifasidir. Aks holda, amal qilinmagan va oʻzgalarga oʻrgatilmagan ilm isrof hisoblanadi. Buning oxiratdagi javobgarligi ogʻir boʻladi.

Alloh taolo bergan har bir neʼmatni qadrlab, shukrini ado etuvchi xalqlardan boʻlishimizni nasib aylasin! Isrof va shunga oʻxshagan nojoiz illatlardan Oʻz panohida asrasin!

Ibrohimjon INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 14-dekabr, 254-son

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …