Home / MAQOLALAR / BUGUNGI OʻYLAR…

BUGUNGI OʻYLAR…

Mamlakatimizda chorak asrdan ziyodroq davr mobaynida erishilgan barcha yutuqlar, hamma yoʻnalishdagi taraqqiyotga, asrlarga tatigulik oʻzgarishlarga, hech shubhasiz, Bosh qomusimiz huquqiy asos boʻlib xizmat qildi.

Asosiy Qonunimiz xalqimizning koʻp asrlik tajribasi, betakror mentaliteti, beqiyos urf-odatlari, oʻziga xos orzu-oʻylariga binoan ishlab chiqilgan. Eʼtiborli jihati, undagi normalar muqaddas dinimiz qoidalariga ham toʻla-toʻkis muvofiq keladi. Bu esa jahon davlatlarining hammasida ham bor emas!

Bugun dunyoni kuzatsangiz, ayrim davlatlarda davom etayotgan urushlar, qonli toʻqnashuvlar, sarson-sargardonliklarni koʻrib yoqa ushlaysiz… Chet davlatlar ommaviy axborot vositalari tarqatayotgan xabarlarni oʻqishga, koʻrishga yurak chidamaydi…

Shukrki, behisob shukrlarki, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik hukm surmoqda! Mamlakatimizda oʻn oltita diniy konfessiya faoliyat yuritmoqda. 130 dan ziyod millat va elat vakillari oʻzaro ahil, tinch yashab kelmoqda. Konstitutsiyamizning 18 moddasida “Oʻzbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega boʻlib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, eʼtiqodi, shaxsi va ijtimoiy mavqeidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar” deb belgilab qoʻyilgan.

Qurʼoni karimda esa Baqara surasining 256 oyatida “Dinda zoʻrlash yoʻq, zero, toʻgʻri yoʻl yanglish yoʻldan ajrim boʻldi…” deb, inson shaʼni, qadr-qimmati yuqori ekani, har bir shaxsning huquqiy daxlsizligi kafolatlangan.

Bosh Qomusimizning 31 moddasida hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlangan. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yoʻl qoʻyilmasligi qayd etilgan.

Konstitutsiyamizda xotin-qizlarning erkaklar bilan teng huquqli ekani belgilab qoʻyildi. Muqaddas dinimiz ayol kishini ona sifatida qadrlab, oilani charogʻon etishni, kelajak nasllar tarbiyasini unga topshirdi. Shu bilan birga, ayolga ilm olishni farz qildi. Hadisi sharifda “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir!” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari) deyiladi.

Bosh Qomusimizning xalqchilligi shundaki, uning alohida bir bobi oilaga bagʻishlanib, unda er bilan xotin, ota-ona bilan bolalar hamda qarindoshlar oʻrtasidagi, shuningdek bolalar tarbiyasiga oid meʼyorlar koʻrsatib oʻtilgan. Bu bilan ham boshqa koʻplab davlatlarning konstitutsiyalaridan farqlanib, gʻayrioddiy boʻlib, ajralib turadi.

Islom dini keksalarga ehtirom koʻrsatish, ularga eʼtiborli boʻlishga chaqiradi. «Rabbingiz Uning Oʻzigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga “uf!..” dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli soʻz ayt!» deb marhamat qilinadi Qurʼoni karimda Isro surasining 23-24 oyatlarida.

Hadisi shariflarda ota-onaga xizmat qilish jannatga kirishning kafolati ekani taʼkidlanadi. Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onasini qarigan paytlarida topsayu, ikkovlariga yoki birlariga xizmat qilib, jannatga kira olmasa, xor boʻlsin, xor boʻlsin, xor boʻlsin!” – dedilar (Imom Muslim rivoyatlari).

Konstitutsiyamizning 66 moddasida “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar oʻz ota-onalari haqida gʻamxoʻrlik qilishga majburdirlar” deb belgilangan.

Yuqoridagi oyati karima va hadisi sharif bilan Bosh Qomusimizning 66 moddasida qayd etilgan meʼyorlarni oʻqigan kishi dinimizning naqadar ulugʻ, Konstitutsiyamizning qanchalik xalqchil ekaniga yana bir karra amin boʻladi.

Muxtasar aytganda, Konstitutsiyamiz – mamlakatimizning nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining huquqiy asoslari, balki maʼnaviyatimiz, maʼrifatimiz, milliy qadriyatlarimizni himoya qilishning huquqiy asosidir!

Ibrohimjon domla INOMOV
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …