Home / MAQOLALAR / OʻRTA ASR SHARQ ALLOMALARINING ISLOMIY-GʻOYAVIY QARASHLARI DUNYO HAMJAMIYATI NIGOHIDA

OʻRTA ASR SHARQ ALLOMALARINING ISLOMIY-GʻOYAVIY QARASHLARI DUNYO HAMJAMIYATI NIGOHIDA

Inson oʻz davrininggina emas, oʻz tarixi, oʻz avlodining farzandidir. Bizdagi gʻurur, iftixor, insoniylik oʻtmish avloddan meros boʻlib qolgan. Shuning uchun oʻzini ajdodlarning maʼnaviy vorisi sifatida tasavvur qilmagan odam, toʻla maʼnoda shaxs boʻlib yetisha olmaydi[1]. Jamiyat ham oʻz taraqqiyotiga erishish yoʻlida hamisha ildizi orqali uning taniga singgan xalqning asl farzandlari ilmdan oziqlanib boradi.

 Islom dini Oʻrta Osiyo xalqlari tarixida, uning madaniyati va sivilizatsiyasi shakllanishida katta rol oʻynagan. U boshqa dinlardan farqli ravishda faqat taʼlimot va mafkuranigina emas, balki siyosat va hayot tarzi ham edi. Islom diniga xos ana shu universallik musulmonlar maʼnaviyatining hamma sohalarini qamrab olgan. Qurʼon, shariat va hadislarga har bir musulmonning ijtimoiy, siyosiy, axloqiy, huquqiy, maishiy va hokazo faoliyati qatʼiy belgilangan va tartibga solingan. Bu esa kishilar oʻrtasidagi munosabatlarni takomillashtirishga, boylik va qashshoqlik, donishmandlik va nodonlik va oqillik va johillik oʻrtasidagi ziddiyatlarni mumkin qadar bartaraf etishga imkon beradi. Markaziy Osiyo tarixida siyosiy aql-idrok bilan maʼnaviy jasoratni, diniy dunyoqarash bilan qomusiy bilimdonlikni oʻzida mujassam etgan buyuk arboblar koʻp oʻtgan. Imom Buxoriy,Termiziy, Xoja Bahovuddin Naqshbandiy, Ahmad Yassaviy, al-Xorazmiy, Beruniy, ibn Sino, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa koʻplab buyuk ajdodlarimiz milliy qadriyatimizni rivojlantirishga ulkan hissa qoʻshdilar. Imom al-Buxoriy va Abu Iso Muhammad at-Termiziylarning hayoti va ilmiy merosi islom olamida ayniqsa, muhim manbalar hisoblanib, ular yashagan davr hadis ilmining rivojidagi oltin davr hamdir. Islom dunyosidagi eng nufuzli manbalar deb tan olingan 6 ta ishonchli hadislar ( As sihoh as-sitta ) ham ularning nomlari bilan bogʻliqdir.

 Imom al-Buxoriy umri davomida ilm izlab sayohat qilgan va u “Hadis ilmida Amir al-Moʻminiyn” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan. Imom al Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih”, “Al – Adab al-mufrad” asarlari ayniqsa, katta ahamiyatga ega boʻlib, uning hadislar toʻplami Qurʼondan keyingi ikkinchi oʻrinda turadigan manba deya eʼtirof etiladi. 1998 – yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni Bilan buyuk hadisshunos olimning 1225 yillik tavallud kunining nishonlandi va Imom al-Buxoriy maqbarasining qayta tiklanishi tarixiy voqea boʻlib qoldi[2].

 Abu Iso Muhammad at-Termiziy ham hadisshunos olim sifatida Sharq allomalari orasida alohida oʻringa ega. At-Termiziyning “Al-Jomiʼ”, “Ash-Shamoil an-Nabaviya”, “Al-ilal fil-hadiys” kabi asarlari ayniqsa, islom olamida mashhurdir. “Ash-Shamoil an-Nabaviya”        asari paygʻambar Muhammad alayhissalomning shaxsiy hayotlari, suvrat va siyratlari, odatlari haqidagi hadislarni oʻz ichiga olgan muhim manbadir.

 Yana buyuk ajdodlarimizdan Abu Mansur al-Moturidiy sunʼiy eʼtiqodidagi ikki yirik oqimlardan biri boʻlmish Moturidiya oqimining asoschisi. Moturidiy Samarqandda dastlabki ilmlarni oʻrganib, “Hanafiya” mazhabi olimlaridan saboq olgan va faqihlar hamda muhaddislar bilan doimiy muloqotda boʻlgan. Abu Mansur al-Moturidiy islom dinidagi sunʼiylarning toʻrtta asosiy mazhabi asoschilarining asarlarini oʻrganib, fiqh va kalomga oid kitoblar yozgan. Uning “Kitob at – tavhid”, “Taʼvilot al-Qurʼon ” asarlari ayniqsa mashhurdir. Abu Mansur al-Moturidiy islom dini “Hanafiya” mazhabini Movarounnahrda tarqalishi va oʻzidan keyingi avlodlarga qusursiz yetkazishda katta hissa qoʻshganligi dunyo olimlari tomonidan eʼtirof etilgan. Moturidiy “Imom al-mutakallimin” (Hidoyat yoʻli imom va mutakallimlar imomi ) deya eʼtirof etiladi. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999 yil 3 – dekabrda qabul qilingan qaroriga binoan 2000 yilda allomaning 1130 yilligi tavallud sanasining nishonlangan.

 Abu Bakr ibn Ali Ismoil Qaffol ash-Shoshiy ( 903 -976 yy )ning ham qonunshunoslikka oid asarlari islom mamlakatlariga keng tarqalgan. U yoshligidan Imom al-Buxoriy va Abu Iso Muhammad at-Termiziylarning ilmiy merosini va umuman fiqh bilimlarini atroflicha oʻrganadi.[3] U ilm izlab Hijoz, Bogʻdod, Damashq kabi shaharlarga boradi. Qaffol ash-Shoshiyning qonunshunos va tarix boʻyicha ustozi Abu – Jaʼfar Muhammad ibn Jarir at-Tabariydir. Ash-Ashʼariy Qaffol ash-Shoshiyning ikkinchi ustozi boʻlib, undan kalom ilmini oʻrganadi. Qaffol ash-Shoshiyning “Odob al-Qozi”, “Odob al-Bahs” asarlari juda mashhurdir. Qaffol ash-Shoshiy “ Hazrati Imom ” deya ulugʻlanadi.

 Sharqda yashab ötgan va jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qöshgan buyuk ajdodlarimiz xalqimizning milliy iftixori boʻlib qoldilar. Ularning nomlari jahon Sivilizatsiyasi taraqqiyotiga qoʻshgan buyuk hissalari hozirgi kunda butun dunyoga maʼlum.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
  1. Maʼnaviyat yulduzlari. T., “Fan”,1999.
  2. Islom ensiklopediyasi. T., 2004.
  3. Milliy istiqlol gʻoyasi: asosiy tushuncha va tamoyillar. T, 2000.
  4. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Hadis 1-4 jild T, 1997.
  5. Abdurahmonov Abdulhay Saodatga eltuvchi bilim I-II kitob.T, “Movarounnahr” 2003.
  6. “Imom al-Buxoriy va uning dunyo madaniyatida tutgan oʻrni” mavzuidagi xalqaro ilmiy konferensiya materiallari. Samarqand, 1998.
  7. Sulaymonova F. Sharq va Gʻarb. T, 1997.
  8. Xayrullayev M. Uygʻonish davri va Sharq mutafakkiri. T, 1971.
  9. Zohidiy A. Turkistonda oʻrta asr arab – musulmon madaniyati. T, 1990.
  10. Ibrohim Mikoil oʻgʻli Veliyev. Qoffol Shoshiy. Qisqacha maʼlumotnoma. T, “ Istiqlol ”, 2005.
[1] I. Rahimov , A. Otamurodov “Fanlarning falsafiy masalalari”. T., 2005. B- 121
[2] Maʼnaviyat yulduzlari. T., “Fan”, 1999 B -78
[3] Ibrohim Mikoil oʻgʻli Veliyev. Qoffol Shoshiy. Qisqacha maʼlumotnoma. T, “ Istiqlol ”, 2005. B-32
Dilnoza FAYZIYEVA,
Buxoro viloyati Yuridik texnikumi oʻqituvchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …