Home / YANGILIKLAR / “Sahihi Buxoriy”ning oʻzbek tilidagi sharhi nashrdan chiqdi

“Sahihi Buxoriy”ning oʻzbek tilidagi sharhi nashrdan chiqdi

MUHADDISLAR SULTONI, BUYUK BATANDOSHIMIZ ABU ABDULLOH MUHAMMAD IBN ISMOIL AL-BUXORIY RAHMATULLOHI ALAYHNING “SAHIHI BUXORIY” NOMI BILAN SHUHRAT QOZONGAN “AL-JOMEʼ AS-SAHIH” (“ISHONCHLI TOʻPLAM”) KITOBI MUSULMONLARNING KOʻPCHILIGI, AHLI SUNNA VAL-JAMOA ULAMOLARINING ITTIFOQI BILAN QURʼONDAN KЕYINGI ENG SAHIH KITOB SIFATIDA EʼTIROF ETILGAN.

Davlatimiz rahbari 2017 yil 19 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida soʻzlagan nutqida: “Markaziy Osiyo Uygʻonish davrining koʻplab yorqin namoyandalarining islom va jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan bebaho hissasini alohida qayd etmoqchiman.

Ana shunday buyuk allomalardan biri Imom Buxoriy oʻz ahamiyatiga koʻra, islom dinida Qurʼoni karimdan keyingi muqaddas kitob hisoblangan “Sahihi Buxoriy”ning muallifi sifatida butun dunyoda tan olingan”, degan edi.

Muhaddislar sultoni, buyuk vatandoshimiz Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy rahmatullohi alayhning “Sahihi Buxoriy” nomi bilan shuhrat qozongan “al-Jomeʼ as-sahih” (“Ishonchli toʻplam”) kitobi musulmonlarning koʻpchiligi, ahli sunna val-jamoa ulamolarining ittifoqi bilan Qurʼondan keyingi eng sahih kitob sifatida eʼtirof etilgan.

Mamlakatimizda ushbu asar oʻzbek tiliga bir necha bor tarjima qilingan. Biroq ularda hadislarning sharh va izohlari yoʻq hisobi, faqat ayrim oʻrinlardagina juda kam va qisqa izohlar mavjud. Shu maʼnoda, “Sahihi Buxoriy” matnlarining quruq tarjimalarini tushuna olmagan omma, xususan, yosh avlod oʻrtasida har xil bahs-munozara va tortishuvlar yuzaga kelayotgani tabiiy.

Asarni tushunarli, sodda tilda taqdim etish hamda dunyo ulamolari bilan hamnafas boʻlish, mazkur manbaning asl haqiqatlari, maxfiy sirlari va yashirin durlarini namoyon etish hamda musulmon ummati va yoshlarni sof islomiy aqida, pokiza mazhab va toza odob-axloqli boʻlishga targʻibot va tashviqot qilish maqsadida asarning koʻp jildli sharhi yaratildi. Asarni toʻliq va mufassal izohlashga alohida eʼtibor berilib, ayrim hadislar sharhi hatto yuz sahifagacha yetdi.

Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Sahihi Buxoriy” asarining oʻzbek tilidagi sharhi taqdimoti boʻlib oʻtdi. Soʻzga chiqqanlar Imom Buxoriy merosini oʻrganish zarurati, alloma asarlarining bugungi kundagi ilmiy ahamiyati, ularni tadqiq etishning hozirgi holati va istiqboldagi vazifalar haqida batafsil toʻxtaldilar.

— Bugungi taqdimotning amaliy-ilmiy ahamiyati juda ham yuksak, — dedi Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. — Kitob xalqimizga muborak, yoshlarimizga ibrat boʻlsin! Bugun biz Imom Buxoriydek aziz ajdodlarimiz asarlarini izohlab, butun dunyoga tanitishga haqlimiz. Buyuk ajdodimizning sahih kitobi ilk bora oʻzbek tilida, mukammal shaklda taqdim etilmoqda. Kitobning sharhi tahsinga sazovor. Bu borada ulamo, olim, mutaxassis, tilshunos, dinshunos allomalarga mashaqqatli mehnatlari uchun cheksiz minnatdorlik bildiramiz.

“Sahihi Buxoriy”da ayrim soʻz va iboralarning arab tilidagi grammatik qoidalari tahlili ham berilgan, bu madrasa toliblariga qoidalarni toʻliq tushunib olish va eski sharhlarni oʻqib, anglashda qoʻl keladi. Oʻylaymizki, kitob nafaqat Oʻzbekiston, balki butun dunyo xalqlari uchun qimmatbaho maʼnaviy meros sifatida qadr topadi.

Munojat MUMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 29 noyabr, 243(765) son

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …