Amaliy tashrif bilan Saudiya Arabistonida boʻlib turgan Prezident maslahatchisi Muzaffar Komilov boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Makka shahridagi “Fairmont Makkah” minorasidagi Astronomiya muzeyi faoliyati bilan tanishdi.
Muzey dunyoviy va diniy bilimlarni oʻzida mujassam etgan, shuningdek, mavjud eksponatlarda astronomiya olami va Qurʼonda keltirilgan oyatlarning qiyosiy tahlili oʻz aksini topgan.
Tarixiy majmua toʻrt qavatdan iborat boʻlib, 600 metr balandlikda joylashgan. Muzeyda sayyohlar galaktika modellari va astronomiya mavzusidagi eksponatlarni tomosha qilishlari mumkin. Shuningdek, muzeyning tomosha maydonchasidan “Kaʼba” ziyoratchilarini yuqoridan koʻrish imkoniyati ham mavjud.
Shunisi eʼtiborga loyiqki, Makkaning soat minorasi dunyodagi eng baland bino boʻlib, “Big Ben” deb nomlanuvchi Vestminsterdagi London minorasidan ham balanddir.
Minora soati 100 million elementdan iborat shisha mozaika bilan qoplangan boʻlib, u yomgʻir va shamoldan himoya qilinadi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi muzey arxitekturasi va eksponatlari bilan yaqindan tanishib, Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidagi yangi muzeyda ham galaktika modellari va astronomiya mavzusida foto va video kontent yaratish gʻoyasini ilgari surdi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi uchun Saudiya tomoni Hiro madaniyat mavzesini namoyish etdi. Ushbu mavze Saudiya tomonidan yangi amalga oshirilayotgan loyiha boʻlib, ushbu hudud “Tashrif buyuruvchilar markazi”, “Qurʼoni Karim muzeyi”, “Madaniy kutubxona”, “Sur togʻidagi Vahiy muzeyi”, “Saudiya qahvasi muzeyi”, “Hiro bogʻi” va turli savdo doʻkonlarini oʻz ichiga oladi.
“Qurʼoni Karim muzeyi” Makkada Hiro togʻi yonida joylashgan va Qurʼoni Karimga ixtisoslashgan birinchi majmua hisoblanadi. Muzey Allohning Kitobi bilan tanishtiradi va Qurʼonning musulmonlar hayotiga sezilarli taʼsirini namoyish etadi. Bu yerda, shuningdek, qator zamonaviy texnologiyalar va oʻziga xos osori-atiqalar, Qurʼoni Karimning eng bebaho qoʻlyozmalari toʻplami mavjud.
“Vahiy” muzeyida esa kutib olish zali, paygʻambarlar va vahiy paviloni, Muhammad (S.A.V) paygʻambarga bagʻishlangan boʻlim, Hiro gʻori paviloni, Hiro gʻorining real modeli, moʻminlarning onasi boʻlmish Xadicha ona haqidagi xona, farishta Jibroil paviloni joylashgan.
Muzeyning barcha boʻlinmalarida interaktiv usulda namoyish etuvchi audio-vizual monitorlar mavjud boʻlib, ular paygʻambarlarga vahiy kelishi, xususan, Muhammad (S.A.V)ga nozil qilingan vahiy qissasi va ularning siyratlari toʻgʻrisida hikoya qiladi.
“Saudiya qahvasi muzeyi”da Saudiya Aradistoni madaniyatining asosiy tarkibiy qismi boʻlgan hamda mehmondoʻstlik va saxiylik ramzi hisoblangan Podshohlikning oʻzi xos qahvasi namoyish etiladi. Bu yerga kelgan ziyoratchilar Saudiya Arabistonining turli mintaqalarida “Saudiya qahvasi”ni tayyorlashda ishlatiladigan turli ingrediyentlar va usullar bilan yaqindan tanishishlari mumkin.
“Hiro madaniyat mavzesi” loyihasi orqali Saudiya Arabistoni Hukumati Podshohlikning tarixiy madaniyatini dunyo hamjamiyatiga namoyish etishga katta ahamiyat berayotgani qayd etildi.