Home / YANGILIKLAR / Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Saudiyaga amaliy tashrif chogʻida Madina shahridagi mashhur muzeylar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar

Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolari Saudiyaga amaliy tashrif chogʻida Madina shahridagi mashhur muzeylar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar

Joriy yil 15-17 noyabr kunlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Jamoat va diniy tashkilotlari bilan hamkorlik boʻyicha maslahatchisi M.Komilov boshchiligidagi delegatsiya Saudiya Arabistoni Podshohligida boʻldi. Ushbu amaliy safar Oʻzbekiston Prezidentining Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasida Imom Buxoriy hayoti va faoliyatini aks ettiruvchi interaktiv muzey tashkil qilish tashabbusining ijrosi yuzasidan tashkil etildi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi aʼzolari Madina shahridagi “Paygʻambar” masjidi ziyoratidan soʻng ushbu masjid binosi arxitekturasini oʻrganishdi.

Soʻngra ushbu shahardagi “Paygʻambar siyrati va islom sivilizatsiyasi xalqaro muzeyi” direktorining oʻrinbosari Yahyo Kinaiy bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Ya.Kinaiy Oʻzbekistonda barpo etilayotgan “Imom Buxoriy hayoti va madaniy merosiga bagʻishlagan muzey” qurilishiga kerak boʻladigan maʼlumotlarni taqdim etishga va oʻzaro tajriba almashishga tayyor ekanligini qayd etdi.

Suhbatdosh Saudiya Arabistoni hukumati va Butunjahon musulmonlari uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ushbu muzeyning qurilishi va hozirgi faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

Muzeyning koʻrgazma zallari, kutubxonasi va qoʻlyozmalar fondi faoliyati oʻrganildi. Jumladan, Muhammad (SAV) paygʻambarning tarjimai hollari, xususan, Madina shahriga hijratlari, qurilgan masjidlar va ularning meʼmorchiligi bilan yaqindan tanishildi.

Ushbu muzey “Paygʻambar” masjidi yaqinida joylashgan boʻlib, u 2021 yilning 2 fevralida Butunjahon musulmonlari uyushmasi tomonidan barpo etilgan dunyodagi Islom muzeylarining birinchisi hisoblanadi.

Mazkur muzey arab, ingliz, ispan, urdu, fransuz, turk va indoneziya kabi yetti tilda ifodalovchi displeylar va interaktiv ekranlar orqali Islom olami tarixi va Paygʻambar Muhammad (S.A.V) hayotlari bilan yaqindan tanishtiradi.

Muzey rahbariyatining taʼkidlashicha, ushbu muzey mazmuni “Islomning bagʻrikengligi va moʻtadilligini namoyish etish uchun dunyoning barcha hududlarida Paygʻambarimizning toʻgʻri yondoshuvini tarqatish mumkin boʻlgan tarixiy merosi”ni oʻzida aks ettiradi.

Shu bilan birga, Saudiya Arabistoni Haj va umra vaziri oʻrinbosari Hasan Allamnaxra Butunjahon musulmonlari uyushmasi Bosh kotibi Muhammad bin Abdulkarim Isa bilan muloqot qilgani va uning quyidagi soʻzlarini yetkazishdan mamnunligini bildirdi:

 “Saudiya Arabistoni zaminida Oʻzbekiston delegatsiyasini qutlashdan behad mamnunman. Delegatsiyaning maqsadidan kelib chiqib, muzeyning barpo etilishiga oid maʼlumotlarni taqdim etishga va lozim boʻlsa tegishli mutaxassislarni yuborishga tayyorman”.

Mamlakatimiz delegatsiyasi Madina shahridagi “Dar al-Madinah” muzeyi faoliyati bilan ham tanishdi. Mazkur muzey Madina shahri merosi va tarixini turli arxeologik toʻplamlar, vizual galereyalar va Madina bilan bogʻliq nodir tasvirlar bilan namoyish etadi.

Ushbu muzey Saudiya Arabistoni fuqarosi Abdulaziz bin Abdurahmon bin Ibrohim Kaʼkiy tomonidan tashkil etilgan boʻlib, u xususiy muzey hisoblanadi.

Muzeyda Madina shahrining madaniy merosini aks ettiruvchi hamda landshaft, odamlar va yillar davomida qanday shakllanganligini koʻrsatuvchi 2000ga yaqin eksponat namoyish etiladi.

Muzey Madina shahrining tarixiga oid vizual galereyalar va noyob fotosuratlar toʻplamini oʻz ichiga oladi. Muzeydagi eng diqqatga sazovor buyum bu islomda mashhur kamonchi va Muhammad Paygʻambarning hamrohlaridan biri boʻlgan Saad ibn Abu Vaqosga tegishli kamondir.

Oʻzbekiston delegatsiyasiga Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirining xalqaro hamkorlik boʻyicha oʻrinbosari Hasan Allamnaxra hamrohlik qildi.

Manba: “Dunyo” AA 

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …