Shu yil 19 noyabr kuni Saudiya Arabistoni Podshohligi Haj va umra ishlari vaziri taklifiga binoan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari mazkur vazirlik qarorgohiga tashrif buyurdilar.
Haj va umra ishlari vaziri Tavfiq bin Favzon ar-Rabia janoblari hamda Muftiy Nuriddin domla hazratlari oʻrtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish yuzasidan oʻzaro muloqot boʻlib oʻtdi.
Muftiy hazratlari Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi hamkorlik ravnaq topayotgani, ayniqsa, haj va umra tadbirlarini tashkil etish sifatini oshirish, diniy-maʼrifiy, ilmiy-tadqiqot va ziyorat turizm sohasidagi aloqalarni yanada yaxshilashga katta eʼtibor qaratish zarurligini alohida taʼkidladilar. Jumladan, haj va umra safariga boruvchi ziyoratchilarga xizmat koʻrsatish sifatini yanada oshirish yuzasidan ham oʻz fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Haj va umra ishlari vaziri javob soʻzida joriy yil avgust oyida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga tashrifidan soʻng ikki tomonlama munosabatlar rivojlanib borayotgani va Oʻzbekiston har jihatdan muhim mamlakat ekanini taʼkidladi. Tavfiq ar-Rabiʼa janoblari davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga tashrifi davomida oliy darajadagi muzokaralar va imzolangan bitimlar oʻzaro hamkorlik koʻlamining yanada kengayishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Shuningdek, vazir Oʻzbekistondan kelayotgan haj va umra qiluvchilar uchun barcha shart-sharoitlarni hozirlashga doim tayyor ekanini izhor etish barobarida oʻzbekistonlik ziyoratchilar muborak ibodatlarni ado etish chogʻida barchaga namuna boʻlayotganlarini maʼlum qildi.
Taʼkidlash joizki, muhtaram Prezidentimiz topshirigʻiga muvofiq, Oʻzbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni safari davomida Samarqand viloyatidagi Imom Buxoriy majmuasida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarida Madina shahrida joylashgan “Paygʻambarimiz alayhissalom siyratlari va islom sivilizatsiyasi muzeyi” tashrif buyuruvchilariga yaratilgan shart-sharoitlar va raqamli texnologik ishlanmalardan foydalanish borasidagi tajribalarni ham oʻrgandilar.