Home / YANGILIKLAR / ISLOHOTLAR VA TASHABBUSLAR EʼTIROFI

ISLOHOTLAR VA TASHABBUSLAR EʼTIROFI

16 NOYABR – XALQARO BAGʻRIKЕNGLIK KUNI

Soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini jadal taraqqiy ettirish, mamlakatni rivojlangan davlatlar qatoriga qoʻshish sari katta qadamlar tashlanib, ezgu tashabbuslar ilgari surilmoqda.

Jumladan, turli diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik, ahillik, hamjihatlik kabi rishtalarni yanada mustahkamlash, ulugʻ allomalarning boy ilmiy merosini oʻrganish, islom dinining tinchlikparvar va maʼrifatga asoslangan tamoyillarini qaror toptirish borasidagi tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak baholanyapti.

Mamlakatda fuqarolarning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsion huquqlarini taʼminlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglik va dinlararo doʻstlik-hamkorlik gʻoyalarini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Xususan, 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yoʻnalishi — xavfsizlik, diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikka bagʻishlangani ham mazkur masalaga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida qaralishini bildirsa, 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston Taraqqiyot strategiyasi dasturining 5-yoʻnalishi doirasida Jamiyatda millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik muhitini mustahkamlash masalasi alohida maqsad sifatida bayon etilgani — ushbu yoʻnalish alohida masala sifatida muntazam eʼtiborda ekanini koʻrsatadi.

Shundan kelib chiqib, tegishli davlat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan vijdon erkinligi huquqini taʼminlash hamda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Bugungi kunda Oʻzbekistonda jami 2335 diniy tashkilot adliya idoralari tomonidan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan. Shundan 2 139 tasi islomiy, 174 tasi xristian diniy tashkiloti, 8 tasi yahudiy, 6 tasi bahoiy jamoalari, 1 tasi krishnani anglash jamiyati, 1 tasi buddaviylar ibodatxonasi va 1 tasi Oʻzbekiston Bibliya jamiyatidir.

Din ishlari boʻyicha qoʻmita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashining tarkibida Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan diniy konfessiyalar vakillari aʼzolari 9 tadan 17 taga kengayib, hozir ushbu kengashning yigʻilishlari yiliga ikki marta oʻtkazilayotganini yangilik sifatida eslab oʻtish maqsadga muvofiq.

Diniy bagʻrikenglik borasidagi islohotlar haqida gap ketganda, joriy yilning 5 iyul kuni qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi qonunini alohida qayd etish lozim.

Ushbu qonun konfessiyalararo totuvlikni taʼminlash, jamiyatda turli din va eʼtiqod vakillari oʻrtasida oʻzaro bagʻrikenglik, hamjihatlikni yanada mustahkamlashda huquqiy asos boʻlib xizmat qiladi.

Qonundagi prinsipial yangiliklar haqida gapirganda, ular diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning izchil davomi sifatida, avvalo, har bir insonning vijdon erkinligini taʼminlash uchun qulay sharoitlarni yaratishga, huquqni qoʻllash amaliyotiga aniqliklar kiritishga alohida eʼtibor qaratilganini taʼkidlash oʻrinlidir.

Qonun asosida diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish va tugatish bilan bogʻliq tartib soddalashtirilib, bu borada muhim yengilliklar joriy etildi.

Xususan, mahalliy diniy tashkilotlar, jumladan, masjidlar va boshqa konfessiyalar ibodatxonalarini tashkil etish boʻyicha tashabbuskor fuqarolar soni ikki barobar kamaytirilib, 50 nafardan kam boʻlmagan etib belgilandi. Shuningdek, diniy tashkilotning markaziy boshqaruv organi va diniy taʼlim muassasalarini tuzish uchun ham 100 nafar tashabbuskor boʻlishi haqidagi talab bekor qilindi.

Respublikamizda turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi insonlarning barcha ibodat va marosimlarini emin-erkin bajarib, diniy bayramlarini keng miqyosda nishonlashi uchun ham har tomonlama imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Jumladan, musulmonlarning ikki Hayit bayrami, nasroniylarning Pasxa va Rojdestvo, yahudiylarning Peysax, Purim va Xanuka bayramlari keng nishonlanmoqda. Ushbu sanalarda konfessiya yetakchilarining bir-birini oʻzaro bayram bilan tabriklashi yaxshi anʼanaga aylangan.

16 noyabr — Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan turli diniy konfessiya vakillari, xorijiy davlat va xalqaro tashkilotlar masʼullari ishtirokida har yili xalqaro konferensiya oʻtkazilar edi. Soʻnggi yillarda mazkur sana munosabati bilan turli konferensiya va anjumanlar, davra suhbati va uchrashuvlarni oʻz ichiga qamrab olgan “Bagʻrikenglik haftaligi”ning joriy etilgani, shubhasiz, jamiyatda bagʻrikenglik gʻoyalarining mustahkamlanishi, turli millat va elat hamda diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik va hamjihatlik munosabatlarining yanada mustahkamlanishiga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekistondagi diniy erkinlik, dinlararo barqarorlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash borasida jiddiy qadamlar tashlangani, bu boradagi ijobiy oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyat eʼtiboriga tushdi.

Xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi bir qator ekspertlar, soha mutaxassislari mamlakatimizga tashrifi chogʻida diniy erkinlikni taʼminlash, amaldagi normalarni soddalashtirish, radikalizmga qarshi kurashish, qolaversa, maʼrifiy islom gʻoyalarini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarga oʻzlari bevosita guvoh boʻlyapti.

Shuni alohida taʼkidlash kerakki, yurtimizda minglab mahkumlarning afv etilishi, fuqarolarning turli roʻyxatlardan chiqarilishi, diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi soddalashtirilishi, shuningdek, “Mehr” operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan ayollar va yosh bolalarning yurtimizga olib kelinishi, diniy tashkilotlarni roʻyxatdan oʻtkazish tartib-taomillarining soddalashtirilishi ekspertlar tomonidan yuqori darajadagi islohotlar sifatida eʼtirof etilmoqda. Qolaversa, Oʻzbekiston diniy sohadagi “Alohida tashvish tugʻdiradigan davlatlar” roʻyxatidan chiqarilgani ham bu boradagi ishlarning yorqin amaliy ifodasidir.

Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekistondagi diniy bagʻrikenglik borasidagi faoliyat dunyodagi koʻp konfessiyali mamlakatlarga namuna qilib koʻrsatsa arziydigan darajada ekani xalqaro ekspertlar, turli diniy konfessiya rahbarlari tomonidan baralla yangramoqda.

Shuningdek, Oʻzbekistonning ushbu yoʻnalishdagi ilgʻor tashabbuslari xalqaro hamjamiyatning olqishiga sazovor boʻlmoqda. Misol uchun, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga koʻra, 2018 yil 12 dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida tashkilotga aʼzo 193 mamlakat tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasini shular jumlasiga kiritish mumkin.

Mazkur rezolyutsiya jahonda ekstremizm, terrorizm muammosi avj olib, turli din va eʼtiqod vakillariga nisbatan toqatsiz, murosasiz munosabatlar kuzatilayotgan bir vaqtda global tahdidlarga qarshi kurashishning samarali vositasi sifatida maʼrifat, taʼlim-tarbiya masalasini ilgari surgani, barchaning taʼlim olish huquqini taʼminlash, savodsizlik va jaholatga barham berishga koʻmaklashish, eng muhimi, bagʻrikenglik va oʻzaro hurmatni qaror toptirish, diniy erkinlikni taʼminlashga qaratilgani bilan jahon hamjamiyatining eʼtiborini tortgani yanada ahamiyatli.

Joriy yil 16-20 may kunlari Toshkent va Buxoro shaharlarida “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi boʻlib oʻtdi. Tadbirda oʻnga yaqin davlat, jumladan, AQSH, Angliya, Avstriya, Saudiya Arabistoni Podshohligi, Indoneziya, Nigeriya, Gana kabi mamlakatlarning 30 dan ortiq taniqli ilohiyotshunos, diniy ulamo va rasmiy mutasaddi vakillari ishtirok etdi.

Forum doirasida koʻp millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalalarida qonun ustuvorligini taʼminlash, turli din vakillari oʻrtasida oʻzaro ishonch va hurmatni mustahkamlash boʻyicha ilgʻor amaliyot bilan tanishish yuzasidan ilmiy-amaliy seminarlar oʻtkazildi.

Forum yakuni boʻyicha “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilindi. Hujjatda Oʻzbekiston tajribasidan kelib chiqib, jahon hamjamiyati bilan dunyoda maʼrifat va diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirish, shuningdek, turli dinlar oʻrtasidagi muloqotni kuchaytirishga boʻlgan chaqiriq ifodalangani ham yurtimizdagi bagʻrikenglik siyosatining naqadar toʻgʻri oʻzanda ketayotganiga yaqqol dalildir.

Xulosa qilib aytganda, koʻp konfessiyali davlatlar, xususan, Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik borasidagi yondashuvlar va qarashlarga yangicha nigoh bilan nazar tashlash, ushbu yoʻnalishdagi faoliyatni tizimli va tartibli tashkil etishni zamonning oʻzi taqozo etmoqda.

Oʻzbekiston tajribasi va ushbu yoʻnalishdagi islohotlar tom maʼnoda oʻzining ijobiy samarasini bermoqda. Bu esa, oʻz navbatida, mamlakatdagi turli konfessiya vakillarining oʻzaro ahil, inoq va hamjihatlikda faoliyat yuritishiga asos boʻlayotir.

Pirovardida, yurtdagi tinchlik va osoyishtalikni taʼminlash hamda oʻzaro hamjihatlik muhitini yanada mustahkamlashga erishilmoqda.

Ilhom MAʼRUPOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi maslahatchisi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 16 noyabr, 234(756) son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …