Home / ALLOMALAR / XVI ASRDA BUXORODA ILMIY FAOLIYAT OLIB BORGAN XORIJLIK BЕSH NAFAR OLIM

XVI ASRDA BUXORODA ILMIY FAOLIYAT OLIB BORGAN XORIJLIK BЕSH NAFAR OLIM

Shayboniylar (1500-1599) davri ilm-maʼrifat va madaniyatda temuriylar (1370-1500) davomchilari boʻlib, ular davrida ham Buxoro va, aytish mumkinki, Movarounnahr diyori butun islom olamida oʻz shon-shuhratini yoʻqotmagan edi. Masalan, Buxoroda XVI asrda paydo boʻlgan va ilmiy faoliyat yurita boshlaganiga bugun 500 yil boʻlgan “Mir Arab” madrasasi ilk davridanoq butun islom olamida shuhrat qozondi. Unga butun dunyodan talabalar kelib, tahsil ola boshladilar. Uning shuhratiga yana bir sabab, dunyoning mashhur olimlari kelib, u yerda dars berganlar. Mustafo ar-Rumiy, Kamoliddin Ibrohim ash-Shirvoniy, Mavlono Fazlulloh ibn Roʻzbehon ash-Sheroziy, Asomiddin Ibrohim al-Isfaroiniy va Gʻiyosiddin al-Bahrobodiy kabi olimlar “Mir Arab” madrasasi qurilgandan keyin Movarounnahrga kelib, ilmiy faoliyat olib borganlar. Biroq, hanuzgacha ushbu olimlar toʻgʻrisida yetarlicha maʼlumotlar uchramaydi, uning Movarounnahrdagi ilmiy faoliyatlari toʻliq oʻrganilgan emas. Mazkur olimlarning hayoti va ijodi Oʻzbekistonda deyarli ilmiy tadqiq qilinmagan, desak mubolagʻa boʻlmaydi.

XVI asrda Buxoroga kelib ilmiy faoliyat olib borgan olimlardan biri Mustafo ar-Rumiy (vaf. 963/1556) hisoblanadi. U zot uzoq muddat Buxoroda istiqomat qilib, hadis fanida dars bergan.

Mavlono Safiyuddin Mustafo ar-Rumiy haqida “Muzakkiri ahbob” tazkirasida “Mavlono Rumning taniqli kishilaridandir”, deyilgan. Boshqa oʻrinda esa uni “Sanad al-muhaddisin” deb zikr qilingan. Uning avvaliga Makkai mukarramada “Farjai Aʼlo” madrasasida hadis va “Qurʼon” tafsiridan dars bergani, keyin Buxoroda bir muddat hadisdan dars berish bilan ham shugʻullangani aytib oʻtilgan. U mantiq, hikmat, tib, usul va furuʼ ilmlarida mahorat kasb etgani qayd qilingan. Biroq, uning aynan qaysi sanada Buxoroga kelgani va bu yerda qancha muddat boʻlgani aytilgan emas[1].

“Ayn at-tavorix” asarida olimni “Mudarris al-hadis” (“Hadis fanidan dars beruvchi”) va “Musnid al-Buxoro” (“Buxoroning hadis ilmidan sanad beruvchisi”) deb taʼriflangan va uni Sayyid Jamoliddin muhaddis al-Haraviy (vaf. 926 h./1520 m.) shogirdi, deb qayd qilingan[2].    

Hadis ilmi boʻyicha mutaxassis boʻlgan Mustafo ar-Rumiy, Buxoroda asosan, “Mishkot al-masobeh”dan dars bergan. Uni oʻqib tugatilganidan soʻng esa oʻz shogirdlariga ijoza (shahodatnoma) ham taqdim qilgan. Uning bergan ijozatnomasidan 2 ta matni OʻzR FA SHI qoʻlyozmalar fondida saqlanayotgan “Mishkot al-masobeh”ning ikkita qoʻlyozmasida saqlab qolingan[3]. Bir qoʻlyozmadagi ijoza esa Muslihiddin Mustafo ar-Rumiy tomonidan 963 h./1556 m. yili yozilgan[4]. Demak, shu yili ham Mustafo ar-Rumiy talabalarga dars bergan.

Mazkur qoʻlyozmalar va ulardagi qaydlar asosida Mustafo ar-Rumiy Buxoroda 945-963 h./1538-1556 m. yillarda istiqomat qilib, “Mir Arab” madrasasida hadis fanidan talabalarga dars bergan, deb taxmin qilishimiz mumkin[5].           

Buxoroda mashhur boʻlgan olimlardan yana biri Asomiddin Ibrohim ibn Muhammad Arabshoh al-Isfaroiniy (vaf. 943/1537) hisoblanadi. U Hirotda “Shohruh Mirzo” mardasasida mudarris boʻlgan, 1520 m. yilda esa Buxoroga kelgan. Uning “Sharh al-Aqoid an-nasafiya”ga hoshiyasi mavjud.

“Muzakkiri ahbob”da Ubaydullohxon (hukmronlik yillari 1533-1540) Asomiddin Isfaroiniyga peshindan keyin arab tilida bitta ruboiy yozib yuborgani, u esa namozshomgacha ruboiyni sharh qilib bitta risola yozib joʻnatgani qayd qilingan. Tazkirada aytilishicha, “mazkur ruboiyning har bir misrasi bobida olti yuz ellik maʼno aytganlar”[6].

“Kashf az-zunun”da Asomiddin Ibrohim al-Isfaroiniyning “Sharh ash-Shofiya” asari toʻgʻrisida maʼlumot berilgan[7].

Biroq, Asomiddin Isfaroiniy bilan Ubaydullohxonning orasi buzilib qoladi. Bunga Qozi Mahmud Azizon (XVI asr) bilan boʻlgan bahs-munozara sabab boʻladi. Qozi Azizon Ubaydullohxonning fiqhdagi ustozi va fatvo toʻplami muallifi edi[8]. Shuning natijasida, uni Buxorodan chiqarib yuboriladi.

“Muzakkiri ahbob”da aytilishicha, Asomiddin Isfaroiniy Samarqandda 943 h./1537 m. yili vafot qilgan va Xoja Ahror valiy hazratlari qabrlari yoniga dafn qilingan. 

XVI asrda Buxoroga kelib ilmiy faoliyat olib borgan olimlardan yana biri Mavlono Fazlulloh al-Amin ibn Roʻzbehon al-Xunjiy ash-Sheroziy al-Isfahoniy (1458-1521) boʻlib, yirik olim. 1475-1482 yillarda Bagʻdod, Shom, Makka, Madina shaharlarida tahsil olgan. Shialar xuruji davrida Buxoroga kelib yashab qoladi. Shayboniyxon vafot qilganida, u Samarqandda edi. Ubadullohxonni qoʻllab-quvvatlagani bois yana Buxoroga kelib umrining oxirigacha yashab qoladi.

“Muzakkiri ahbob”da “Keksalik yoshiga yetib, Buxoroda vafot etgan kishilar” faslida Fazlulloh ibn Roʻzbehon muhaddis va mufassir sifatida zikr qilingan. Koʻplab asarlari borligi, fors tilida tafsir yozgani, hadis kitoblarini sharhlab bergani, shogirdlari koʻp ekani, “sunnat bidʼat ahli orasidagi tafovutlarni aniq koʻrsatuvchi kitob” muallifi ekani, oshkora (jahriy) zikr qilishi, Buxoroning Xiyobon koʻchasida dafn qilingani qayd qilingan[9].

Fazlulloh ibn Roʻzbehon Movarounnahr hukmdori Ubaydullohxonga atab 1512 yili “Suluk al-muluk” asarini bitgan. 1508-1509 yilda esa “Mehmonnomai Buxoro” asarini bitgan. Bundan tashqari, “Halli tajrid”, “Badeʼ az-zamon  fi qissati Hayy ibn Yaqzon”, “Taʼrixi olamoroyi Yaminiy”, “Sharh Qasidai burda” asarlarini yozgan. Olimning “Mehmonnomai Buxoro” asarining ilmiy-izohli tarjimasi 1976 yili Moskvada nashr qilingan.

XVI asrda Buxoroga kelib ilmiy faoliyat olib borgan olimlardan yana biri “Sayf al-ulamo”, yaʼni oʻz davrida “Olimlar qilichi” faxriy unvoni bilan tanilgan Kamoliddin Ibrohim ash-Shirvoniy hisoblanadi. U zot Buxoroda istiqomat qilgan, Samarqandda bir muddat yashagan. Buxoroda Bahoudin Naqshband (1318-1389) qabri yoniga dafn qilingan. Buxoroda dars berish bilan shugʻullangan[10]. Ibrohim ibn Ali ash-Shirvoniy haqida “Moʻjam al-muallifin”da 892 h./1487 m. yildan oldin hayot ekani yozilgan[11]. K.Brokkelmann uning “ar-Risola ash-shofiya fi maʼrifat al-aruz va-l-qavofiy” nomli asari borligini yozgan[12].

XVI asrda Buxoroga kelib ilmiy faoliyat olib borgan olimlardan yana biri hindistonlik faylasuf olimlardan hisoblangan Gʻiyosiddin al-Bahrobodiydir. U falsafa (hakamiyot) ilmida mohir boʻlgan. Talabalar madrasalarda eng oxirgi bosqichda oʻqiydigan “Hikmat al-ayn” kitobidan saboq bergan. “Muzakkiri ahbob”da aytilishicha, “Hikmat ilmi boʻyicha yaxshi asarlari bor” va u ham Bahouddin Naqshband hazratlarining qabrlari yoniga dafn qilingan[13].

Qadim Movarounnahr diyori azaldan ilm-fan markazlaridan boʻlib kelgan. Bu yerning hukmdorlari ham ilm-fan homiylari sifatida butun dunyoga dong taratgan. Madrasalar va oʻquv yurtlarida Musulmon Sharqining barcha tomonlaridan talabalar oqib kelishgan. Movarounnahrning barcha yirik shaharlarida dunyoning turli tomonlaridan kelgan olimlar va ulamolar ilmiy faoliyat olib borganlar. Bu barcha davrlarga xos jihat ekani sir emas. XVI asrda ham shayboniylar hukmronlik qilgan Movarounnahr ilm markazi sifatidagi oʻrnini saqlab qola bildi. Buxoro, Samarqand, Kesh, Xorazm, Toshkent va Fargʻona shaharlariga dunyoning turli tomonlaridan olimlar kelib-ketib turar, ayrimlari bir muddat, boshqalari esa butunlay qolib, oʻzlarining ilmiy faoliyatlarini olib borishgan, bu yerlik olimlar bilan ilmiy hamkorlik qilishgan. Ana shunday olimlardan bir nechtasi haqida, garchi ularning soni koʻp boʻlsa-da, Mustafo Rumiy, Asomiddin Isfaroiniy, Fazlulloh ibn Roʻzbehon Isfahoniy, Kamoliddin Shirvoniy, Gʻiyosiddin Bahrobodiy kabi olimlar toʻgʻrisida bu yerda birlamchi maʼlumotlar berishga harakat qildik.

[1] Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob / Fors tilidan Ismoil Bekjon tarjimasi. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993. – B. 325.
[2] Hoji Abdulazim Sharʼiy Somiy Buxoriy. Ayn ut-tavorix. OʻzR FA SHI-1 kutubxonasi, № 4217. – V. 177b.
[3] Valiyuddin at-Tabriziy. Mishkot al-masobeh. OʻzR FA SHI-1 kutubxonasi, № 6663 va № 3745.
[4] Valiyuddin Tabriziy. Mishkot al-masobeh. Oʻzbekiston Milliy Universiteti kutubxonasi qoʻlyozmasi, № 193. – V. 1a-537a.
[5] Aminov Kh. “Buhara Mir Arap medresesi müderrisi: Mustafa Rûmî” (Buxorodagi “Mir Arab” madrasasi mudarrisi: Mustafo Rumiy) // Uluslararası “Orta Asyaʻdan Anadoluʻya İslâmî İlimler” Sempozyumi Bildirleri Kitabı . Karabûk Universitesi (Turkiye), 2021. – S. 409-412.
[6] Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob / Fors tilidan Ismoil Bekjon tarjimasi. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993. – B. 172.
[7] Hoji Xalifa. Kashf az-zunun. 2-jild. – Istanbul: Maarif matbaasi, 1941. – B. 1021.
[8] Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob / Fors tilidan Ismoil Bekjon tarjimasi. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993. – B. 24.
[9] Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob / Fors tilidan Ismoil Bekjon tarjimasi. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993. – B. 68-74.
[10] Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob / Fors tilidan Ismoil Bekjon tarjimasi. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993. – B. 74.
[11] Umar Kahhola. Moʻjam al-muallifin. 1-jild. – Bayrut: Dor ehyo at-turos al-arabiy, 1957.  – B. 66.
[12] Brockelmann: g ,II, 194.
[13] Hasanxoja Nisoriy. Muzakkiri ahbob / Fors tilidan Ismoil Bekjon tarjimasi. – Toshkent: Abdulla Qodiriy nomidagi Xalq merosi nashriyoti, 1993. – B. 156.
Hamidulloh AMINOV,
OʻzFA SHI katta ilmiy xodimi,
tarix fanlari nomzodia

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …