Home / PRЕSS-RЕLIZLAR / “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida “Markaziy Osiyo – islom sanʼati oʻchogʻi” mavzusida oʻtkaziladigan xalqaro Forum

“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida “Markaziy Osiyo – islom sanʼati oʻchogʻi” mavzusida oʻtkaziladigan xalqaro Forum

“Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida
“Markaziy Osiyo – islom sanʼati oʻchogʻi”
mavzusida oʻtkaziladigan xalqaro Forum

PRЕSS RЕLIZI

1-3 noyabr 2022 yil                                                                                          Samarqand shahri

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 maydagi “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi”ni tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 282-son Qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 12 oktyabrdagi majlisi 104-bayoni ijrosi yuzasidan joriy yil 1-3 noyabr kunlari “Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi” doirasida Turizm va madaniy meros vazirligi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom hamkorlik tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA-IRSIKA) hamda qator mutasaddi vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda Samarqandda “Markaziy Osiyo – islom sanʼati oʻchogʻi” mavzusida xalqaro Forum oʻtkazilmoqda.

Forumdan koʻzlangan maqsad – Islom tarixi va madaniyatiga oid qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari, bu borada Oʻzbekiston va xorij tajribasi, kitobat, muqovasozlik, xattotlik sanʼatini tiklash va oʻrganishga doir zamonaviy ilmiy-tadqiqot natijalari bilan tanishish va tajriba almashishdan iborat.

Forum doirasida “Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari” mavzusida xalqaro koʻrgazma, “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzusida islom amaliy sanʼati turlari boʻyicha festival va hunarmandlar savdo yarmarkasi, shuningdek, “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etiladi.

Tadbirlarda mahalliy va yetakchi nufuzli xorijiy tashkilotlar va ilmiy muassasalar rahbar hamda tadqiqotchilari, soha mutaxassislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida faoliyat olib borayotgan xattotlar, kulollar, naqqoshlar, qogʻoz ishlab chiqaruvchilar, shuningdek, diniy soha vakillari, taniqli islomshunos olimlar va OAV xodimlari ishtirok etadi.

Joriy yilning 1 noyabr kuni, soat 15.00 da Samarqanddagi “Boqiy shahar” majmuasida Forumning ochilishi boʻlib oʻtadi. Unda tashkilotchilar (Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, IRCICA Bosh rahbari, Mahmud Erol Qilich, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov) mehmonlarni qutlab, mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar samaralari xususida soʻz olishadi hamda forumning maqsad va vazifalari, uning doirasida oʻtkazilayotgan tadbirlar mohiyati haqida maʼlumotlar berishadi.

Forumning asosiy tadbirlari shu yerning oʻzida “Movarounnahrda kitobat madaniyati” mavzusida islom amaliy sanʼati turlari boʻyicha festival va savdo yarmarkasi bilan boshlanadi. Festival va yarmarkada mamlakatimizning Toshkent, Samarqand, Buxoro va Fargʻona viloyatlari hamda Qoraqalpogʻistondan 30 nafarga yaqin hunarmand ustalar ishlari namoyish etiladi.

Tarixdan maʼlumki, arab yozuvi islom dinining maʼnaviy-maʼrifiy hamda madaniy taraqqiyoti uchun katta xizmat qilgan. Dastlab Qurʼoni karim teri, sopol, yogʻoch va qogʻozlarga koʻchirilib jamlandi. Oʻrta asrlarda, hali kitob chop etish ixtiro etilmagan mahalda har qanday asar qoʻlda koʻchirilib, kitob holiga keltirilgan. Shu bois, kitob koʻchirish oʻsha davrda eng eʼtiborli hunar va sanʼat hisoblangan. Bu hunar egalari xattot yoki kotib deb nom olib, koʻplab allomalarimiz ham oʻz asarlarini shu kasb egalariga koʻchirtirgan. Natijada qogʻoz ishlab chiqarish, xat turlari, teriga ishlov berish, yogʻoch va buyumlarga naqsh solish kabi bir qancha islomiy sanʼat turlari shakllandi. Arab yozuvi turli sanʼat namunalariga koʻcha boshladi.

Bugun qayta chiroy ochayotgan tarixiy obidalarimiz, masjid va madrasalarimizning peshtoqidagi xattotlik namunalari kishi eʼtiborini oʻziga tortadi. Ayniqsa, yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarda katta qiziqish uygʻotadi. Xattotlik Sharq mamlakatlarida oʻziga xos alohida yoʻnalish kasb etgan va fan darajasiga koʻtarilgan bebaho sanʼat turidir. Oʻrta Osiyo xalqlari tomonidan islom dinining qabul qilinishi munosabati bilan bu oʻlkaga “Qurʼoni karim” nozil qilingan arab yozuvi kirib keldi. Bu sanʼat azaldan Sharqda husnixat, xattotlik, Gʻarbda esa kalligrafiya nomi bilan keng shuhrat qozongan.

Davlatimiz tarixida Buxoro, Xiva, Qoʻqon, Samarqand va Toshkent xattotlik maktablari shakllangan. Xattotlik sanʼatidan meʼmorchilik va xalq amaliy sanʼati jumladan, abru, kulolchilik, kandahorlik, mayolika, naqqoshlik, yogʻoch oʻymakorligi va zardoʻzlikda ham keng foydalanilgan.

Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq etish markazi (IRSIKA) bilan hamkorlikda oʻtkazilayotgan forum doirasidagi festival va savdo yarmarkasi ham asrlar davomida ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelayotgan xattotlik, abru, kulolchilik, kandakorlik, mayolika, naqqoshlik, yogʻoch oʻymakorligi, qogʻoz ishlab chiqarish, miniatyura, zardoʻzlik, kashtachilik, pichoqchilik, gilamdoʻzlik sanʼatini yanada rivojlantirish, yurtimizning turli hududlarida mazkur sanʼat maktablarini tashkil etish va bu sohalarga qiziquvchilar orasida ushbu sanʼatni keng targʻib qilish maqsadlarini koʻzlaydi.

Majmuada festival va savdo yarmarkasi bilan birgalikda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va IRCICAning Xalqaro islom xattotlik koʻrgazmasi ham tashkil etiladi.

Arab kalligrafiyasi boʻyicha mahorat darsi va islom sanʼatiga oid davra suhbati Forumning navbatdagi tadbiri hisoblanadi. Tadbir “Boqiy shahar” majmuasida shu kunning oʻzida soat 16.30 da boshlanadi. Mahorat darsi va davra suhbati Turkiyada oʻtkazilgan xattotlik musobaqasining 10 dan ortiq gʻoliblari tomonidan olib boriladi. Ishtirokchilar amaliy mashqlar asosida xattotlik sanʼati namunalarini yaratish koʻnikmalari hamda islom sanʼati borasidagi bilimlarini yanada mustahkamlash imkoniga ega boʻlishadi.

2 noyabr, soat 10.00 da Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida “Markaziy Osiyo-islom sanʼati oʻchogʻi” xalqaro forumi doirasida Qurʼoni karimning Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari koʻrgazmasi tashkil etilib, Oʻzbekiston madaniy merosini saqlash, oʻrganish va ommalashtirish boʻyicha Butunjahon jamiyati tomonidan tayyorlangan “Katta Langar Qurʼoni: kecha va bugun” loyihasi taqdimoti oʻtkaziladi.

Qurʼoni karimning Oʻzbekiston fondlarida saqlanayotgan qadimiy nusxalari koʻrgazmasini oʻtkazishdan koʻzlanayotgan asosiy maqsad yurtimiz uzoq tarixdayoq milliy va diniy qadriyatlar, ilm-fan, sivilizatsiyalar markazi boʻlganini yana bir bor keng jamoatchilikka, xalqaro ilmiy doira vakillariga namoyon etishdan iborat. Koʻrgazmada Toshkentda saqlanayotgan Hazrati Usmon Musʼhafining teriga koʻchirilgan nusxasi, Katta Langar Qurʼonining koʻchirilgan va faksimile nusxalari hamda yurtimiz fondlarida saqlanayotgan Qurʼoni karimning qadimiy nusxalari namoyish qilinadi.

Ushbu koʻrgazma hamyurtlarimiz qalbida alohida faxr uygʻotishiga shubha yoʻq. Negaki, dunyoda Musʼhafi sharifning ilk nusxalarini koʻz qorachigʻidek asrab kelayotgan mamlakat, qolaversa, hadis, tafsir, fiqh, kalom kabi islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qoʻshgan ulugʻ allomalari bor xalq kamdan-kam topiladi. Koʻrgazmaga tashrif buyurganlar mutafakkirlarimiz nafaqat matematika, geografiya, astronomiya, falsafa, tibbiyot, grammatika, etnografiya kabi dunyoviy ilmlar, shuningdek, meʼmorlik, naqqoshlik va rassomlik singari nafis sanʼat bobida, balki diniy ilmlar sohasida ham yaratgan oʻlmas asralari orqali yuksak natijalarga erishganiga yana bir karra ishonch hosil qiladi. Ushbu tadbir orqali IX-XII asrlar islom olamida ilm-fan rivojining “oltin davri”ga aylanishida aynan Movarounnahr olimlarining hissasi beqiyos boʻlgani ham targʻib etiladi.

Ayni paytda ushbu koʻrgazma xalqaro jamoatchilik, xorijdagi manfaatdor ilmiy doiralar uchun ham gʻoyat foydali tadbir boʻladi. Chunki, chet elliklar Qurʼoni karimning eng qadim nusxalari bilan tanishish barobarida, xalqimizning milliy va diniy qadriyatlarga sadoqati, buyuk ajdodlar xotirasiga hurmat-eʼtibori, ilm-fanga boʻlgan munosabatiga guvoh boʻlishadi. Yangi Oʻzbekistonda yosh avlodni ham jismonan, ham maʼnan yetuk insonlar etib voyaga yetkazish borasidagi yutuqlar, milliy-maʼnaviy sohalardagi islohotlar berayotgan yuksak natijalardan bahramand boʻlishadi.

Shu kuni soat 11.15 da Markazda “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirish masalalari” mavzusida xalqaro konferensiya ochiladi. Unda mahalliy va xorijiy tashkilotlar, universitetlar, ilmiy-tadqiqot markazlari ilmiy xodimlari ishtirok etadi. Konferensiyaning “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimini takomillashtirishda Oʻzbekiston va xorij tajribasi” nomli I shoʻbasi yigʻilishida yurtimiz va Turkiya hamda Qozogʻiston davlatlaridan 22 nafar olim va mutaxassis maʼruza qiladi.

3 noyabr, soat 9.00 da “Ipak yoʻli” Turizm va madaniy meros xalqaro universitetida mazkur xalqaro konferensiyaning “Nodir manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilish, reyestr tuzish va raqamlashtirish masalalari” mavzusidagi II shoʻbasi ish boshlaydi. Unda mamlakatimiz, Turkiya, Misr, Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Tojikiston davlatlarining yana shuncha (22) nafar olim maʼruzalari tinglanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisidagi” PQ-126-son qaroriga asosan yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimi yoʻlga qoʻyildi. Qarorda qadimiy yozma manbalar davlat reyestrini yuritish va ularni konservatsiya hamda restavratsiya qilish vazifalari belgilab berildi.

Xalqaro konferensiya ham qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish tizimidagi mavjud muammolarni amaliy faoliyat asosida bartaraf qilish, nodir manbalarni konservatsiya va restavratsiya qilishni yanada takomillashtirish borasida Oʻzbekiston va xorij tajribasini muvofiqlashtirish hamda uni qadimiy yozma manbalar reyestrini tuzish va raqamlashtirish ishida amaliyotga keng qoʻllash maqsadlarini koʻzlaydi.

Anjuman davomida tizimdagi muammolar aniqlanib, yutuq va kamchiliklar belgilab olinadi hamda sohani yanada takomillashtirishga oid taklif va mulohazalar ishlab chiqiladi.

Konferensiya yakunlariga koʻra mamlakatimizdagi muzeylar, kutubxonalar va arxiv fondlarida saqlanayotgan qadimiy yozma manbalarning davlat reyestrini tuzish va doimiy monitoringini yuritish boʻyicha soha mutaxassislarining koʻnikmalari oshiriladi, davlat reyestri asosida qadimiy yozma manbalarning turlari boʻyicha (qoʻlyozma, toshbosma manbalar, tarixiy hujjatlar) kataloglar va elektron nusxalarini yaratish jarayonida yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar tahlil etilib, manbalar konservatsiyasi va restavratsiyasi bilan shugʻullanayotgan soha xodimlarining muntazam ravishda kasbiy salohiyatini oshirish boʻyicha Oʻzbekiston va xorij tajribasi oʻrganiladi.

Ishtirokchilarda muzeylar, kutubxonalar va davlat tashkilotlaridagi yozma manbalarga oid maʼlumotlar Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga majburiy tartibda, boshqa shaxslar (fuqaro va shaxsiy qoʻlyozma fond egalari) esa ixtiyoriy asosda taqdim etish tartibi boʻyicha koʻnikma hosil qilinadi. Shuningdek, nodir yozma manbalarni saqlash va tadqiq etish borasidagi ishlar keng jamoatchilikka yetkaziladi.

Konferensiya soʻngida koʻrilgan masalalar va tinglangan maʼruzalar asosida yakuniy xulosa qabul qilinadi.

“Markaziy Osiyo – Islom sanʼati oʻchogʻi” nomli xalqaro forum soʻnggida ishtirokchilarning Imom Buxoriy ilmiy merosini oʻrganishning ahamiyatini yorituvchi yakuniy bayonoti qabul qilinadi.

Maʼlumot oʻrnida: soʻnggi yillarda yurtimizda diniy-maʼrifiy sohadagi keng koʻlamli islohotlar nafaqat yurtimiz balki, butun Islom olamida mashhur soha vakillari tomonidan ham yuksak eʼtibor bilan tan olinmoqda.

Jahon hamjamiyati tomonidan Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichi deb eʼtirof etilayotgan bu davr mobaynida Davlatimiz Rahbari tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro darajadagi ilmiy-tadqiqot markazlari dunyoning eng nufuzli ilmiy markazlari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatib, birgalikda yirik ilmiy loyihalarni amalga oshirmoqda.

Islom tarixi va madaniyati yoʻnalishiga oid bilimlarni oshirish, qadimiy qoʻlyozma va toshbosma asarlarni taʼmirlash yoʻnalishida hamda asrlar davomida shakllanib kelayotgan madaniy meros, xattolik sanʼati va hunarmandlik kabi sohalar yana qaytadan tiklanmoqda.

Forum tadbirlari Oʻzbekistonning islom sanʼati oʻchogʻi boʻlganligini yana bir bor namoyish etish bilan birga, yurtimizda ziyorat turizmini yanada rivojlantirishda muhim oʻrin tutadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi
Matbuot xizmati