Home / FOTO LAVHALAR / YOSHLAR OGOHLIKKA CHORLANDI

YOSHLAR OGOHLIKKA CHORLANDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan Samarqand davlat chet tillar institutida “Jaholatga qarshi maʼrifat” gʻoyasi asosida “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” nomli maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, institut oʻqituvchilari va talaba yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirni institutning Maʼnaviyat va yoshlar masalalari boʻyicha prorektori Otabek Gʻaybullayev ochib, mavzu yuzasidan fikr-mulohalarini bildirdi.

Bugungi kunda kishilar ongini zabt etish va boshqarishning yangi usullari koʻpayib bormoqda. Internet va ijtimoiy tarmoqlarda nosogʻlom axborot tarqatilishi natijasida dunyoning turli nuqtalarida beqarorliklar yuzaga kelayotgani sir emas. Global dunyoning koʻplab taʼsir vositalari ezgulik yoʻlida emas, nomaqbul gʻoyalar tashviqotiga yoʻnaltirilgani barchani birdek hushyor torttiradi.

Yoshlar bilan oʻtkazilgan muloqotda turli axborot xurujlariga qarshi mafkuraviy immunitetni mustahkamlash,  atrofdagi voqea-hodisalarga nisbatan mustaqil fikrga ega boʻlish koʻnikmalarini oshirib borish, buning uchun muttasil ilm egallash zaruratiga alohida urgʻu berildi.

Markaz ilmiy xodimlari J.Jumayev va B.Mahmudov maʼruzalarida, shuningdek, davlat va din munosabatlari, islom dinining asl mohiyati, mutaassibona, radikal, ekstremistik gʻoyalar toʻriga ilinishning ayanchli oqibatlari, mazkur jarayonlarda “Jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish” gʻoyasining tobora ortib borayotgan ahamiyatiga eʼtibor qaratildi.

Tadbirda islom dinini niqob qilgan buzgʻunchi oqim va harakatlarning gʻayriislomiy faoliyati tanqid ostiga olindi.

Maʼruzachilar talabalarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob berdi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …