Home / ALLOMALAR / ALI IBN USMON AL-FARGʻONIYNING ISLOM ILMLARI RIVOJIGA QOʻSHGAN HISSASI

ALI IBN USMON AL-FARGʻONIYNING ISLOM ILMLARI RIVOJIGA QOʻSHGAN HISSASI

Allomaning toʻliq ismi Ali ibn Usmon ibn Muhammad ibn Sulaymon Sirojuddin al-Fargʻoniy at-Taymiy al-Hanafiy al-Moturidiydir. Tugʻilgan yili nomaʼlum. 575/1173 yilda vafot etgan. Ali ibn Usmon al-Fargʻoniy hanafiy mazhabi uchinchi daraja mujtahidi “mujtahid fi-l-masoil” (baʼzi oʻrinlarda taxrij ulamolari) darajasiga erisha olgan kam sonli fargʻonalik faqihlardan sanaladi. Mahmud ibn Sulaymon al-Kafaviy “Kataib al-aʼlam” asarida faqihni uchinchi darajadagi mujtahidlar qatorida sanab oʻtgan.

Ali ibn Usmon al-Fargʻoniy furuʼ al-fiqhga bagʻishlangan “Fatavai sirajiyya” asarining “Adab al-muftiy” bobi va boshqa bir qancha oʻrinlarda uning tarjih darajasiga erishgan faqih boʻlganligiga dalolat qiluvchi  ishoralar mavjud. Olim “Fatava”sining “Adab al-muftiy” qismida quyidagilarni yozadi: “Agar fatvoda Abu Hanifa bir taraf, ikki shogirdi bir taraf boʻlib qolsalar, muftiy (mujtahid) oʻzi ixtiyor qilganini oladi. Ammo sahih qavl shuki, agar muftiy mujtahid darajasiga yetmagan boʻlsa, sakkizta masaladan yettitasida Abu Hanifaga ergashadi”, deya oʻzining ijtihod uslubini bayon qilib oʻtadi. Faqih buning sababini bir qancha sabablarga bogʻlaydi. Ulardan quyidagilarni misol qilish mumkin: “Imom Shofeʼiy: «Insonlar fiqhda Abu Hanifaga boqimandadirlar”, deb aytadi». Shuningdek, asarning “Kitob al-favoid” qismida Abu Yusufning ushbu soʻzini keltiradi: “Agar Abu Hanifa ilmda barglari koʻp ulkan daraxt boʻlsalar, men oʻsha daraxtning eng kichik yaprogʻiman”. Maʼlum boʻladiki, Ali ibn Usmon al-Oʻshiy fatvo masalalarida Abu Hanifaning uslublariga koʻproq ergashgan.

Ali ibn Usmon hadis ilmida ham bir qancha asarlar muallifi hisoblanadi. Uning hadis ilmidagi bosh asari “Gʻurar al-axbar va durar al-ashʼar” hisoblanadi. Olim bu haqida “Nisab al-axbar” nomli boshqa bir hadis toʻplamida aytadi: “Gʻurar al-axbar”dagi mavzularning kengayib ketgani bois uni muxtasar qilgan holda “Nisab al-axbar”ni yozdim». Demak, “Nisab al-axbar” “Gʻurar al-axbar”ning ixchamlashtirilgan koʻrinishidir. Afsuski, “Gʻurar al-axbar” asari bizgacha yetib kelmagan. “Nisab al-axbar”ning qoʻlyozma nusxalari dunyoning turli kitob fondlarida saqlanmoqda. Ulardan “Nisab al-axbar li tazkira al-axyar” nomli (Istanbul, Sulaymoniya kutubxonasi, Lolali fondi, 1504-inv.raqam), saudiya­lik olim doktor Muhammad ibn Turkiy kutubxonasidagi “Nisab al-axbar li-t-tazkir ʼan an-Nabi al-muxtar” nomli qisman toʻliq holdagi nusxasi, yana “Nisab al-axbar fi tahdis an-Nabi al-muxtar” nomli bir nusxasi (Qohira, “al-Maktaba al-Azhariyya”, 5649-inv.raqam), Misrning janubidagi Soʻhaj shahrida joylashgan “Maktaba at-Tahtoviy” kutubxonasida 1498-yilda yozilgani qayd etilgan “Nisab al-axbar li tazkira al-axyar – Muxtasar gʻurar al-axbar va durar al-ashʼar” nomli toʻrtinchi nusxasi roʻyxatga olingan.

Mazkur asarda tasavvufiy mavzular va narsalarning fazilatlari borasida kelgan hadislar toʻplangan. Muallif uni tuzishda 15 ta hadis manbalariga tayangan.

“Nisab al-axbar”ga “Mashariq al-anvar sharh Nisab al-axbar”, “Savaqib al-axbar” hamda “Yavaqit al-axbar” kabi mualliflari nomaʼlum sharhlar yozilgan. Ushbu sharhlarning “Nisab al-axbar” kabi hanuzgacha zamonaviy nashrlari tayyorlanmagan va chuqur tahlil etilmagan. Shu bois baʼzi manbalarda yuqoridagi sharhlar ham Ali ibn Usmon al-Fargʻoniyning oʻziga tegishli ekani zikr etiladi.

Bundan tashqari olim 1001 ta hadisni qamrab olgan “Nisab al-axbar” asarida oʻzi rivoyat qilgan hadislarni jamlagan. Mazkur hadislarning sanadini keltirish jarayonida oʻzi hadis eshitgan roviylar ismlarini zikr qilib oʻtadi. Bu esa allomaning muhaddis olim boʻlib yetishida koʻplab roviylardan hadis eshitgani va bu sohasidagi ustozlari koʻpchilikni tashkil qilishiga dalolat qiladi, degan xulosaga kelishimizga sabab boʻladi.

Ali ibn Usmon al-Fargʻoniy hadis ilmiga oid oʻzining “Musnad Anas ibn Molik” asarida Anas ibn Molik (r.h.)dan 300 ga yaqin hadisni ikki yoʻl: Nosiruddin Muhammad ibn Sulaymon va Abdulloh ibn Umar ibn Saʼd at-Toliqoniy tariyqlari orqali rivoyat qilganini aytadi.

Ali ibn Usmon al-Oʻshiyning ustozlari geografiyasini oʻrganishda uning ilm yoʻlida safar qilgan shaharlar xaritasini ham shakllantirish imkoni mavjud. “Nisab al-axbar”da muallif tomonidan qayd etilgan maʼlumot asosida uning oʻzi bevosita taʼlim olgan ustozlarini quyidagicha saralash mumkin:

Ali ibn Usmon al-Oʻshiy samarqandlik olimlardan Alouddin Abu-l-Mahomid Muhammad ibn Abdulhamid as-Samarqandiydan (v.552/1157) Imom at-Termiziyning (vaf. 279/892) “al-Jomeʼ as-Sahih”ini  va Nosiruddin Muhammad ibn Yusuf as-Samarqandiydan (vaf. 556/1161) Husayn ibn Yahyo al-Buxoriy az-Zandavistiyning (vaf. 400/1010) “Ravzat al-ʼulama” va Muhammad ibn Ahmad al-Marvaziyning “al-Iqnaʼ” hamda Abu Ubayd Qosim ibn Salom al-Bagʻdodiyning “Gʻarib Abu Ubayda” asarini taʼlim olgan. Shuningdek, olim “Fatava”sida koʻpgina oʻrinlarda Nosiruddin as-Samarqandiyning fiqhiy qarashlaridan foydalangan va ustozining “al-Multaqat fi-l-fatava al-hanafiyya” hamda “al-Jamiʼ al-kabir fi-l-fatava” asarlaridan iqtiboslar berib oʻtadi.

Nasaflik ustozlari Abu Sobit al-Pazdaviydan Abu Abdulloh Tohir al-Marvaziyning (v.410/1019) “Uyun al-majalis” va Abu Mutiʼ Makhul an-Nasafiyning (v.218/833) “al-Luʼluiyyat” asarlarini, Abu-l-Qosim Mahmud ibn Ali an-Nasafiydan Abu-l-Lays as-Samarqandiyning (vaf. 373/983) “at-Tanbih al-gʻafilin”, Shiruya ibn Shahrador ad-Daylamiyning (v.509/1115) “Firdavs al-axbar bi maʼsur al-xitab” va Muhammad ibn Bishrovayh al-Balxiyning “Kanz al-axbar” asarlaridan taʼlim olgan.

Allomaning Bistom shahridan boʻlgan ismi maʼlum yagona ustozi Qozi Zuhruddin Abu-l-Qosim Ali ibn al-Hasan al-Bistomiydan Bistom shahrida Imom al-Buxoriyning “Shihab al-axbar” asarini oʻrgangan.

Ali ibn Usmon al-Oʻshiyning Fargʻona vodiysidan yetishib chiqqan va ulardan bevosita taʼlim olgan ustozlari qatorida Abu-l-Mahosin Zahiruddin Kabir Hasan ibn Ali al-Margʻinoniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Sulaymon al-Oʻshiy va Sayfuddin Muhammad ibn Muhammad al-Xoʻjandiylarni sanab oʻtish mumkin. Alloma Zahiruddin al-Margʻinoniydan “Sahih al-Buxoriy” va “Sunan at-Termiziy”, Muhammad ibn Sulaymon al-Oʻshiydan “Musnad Anas ibn Malik”, Sayfuddin Muhammad ibn Muhammad al-Xoʻjandiydan Xoʻjand shahrida Ahmad ibn Abdulloh Xaffof as-Saraxsiyning  “Kitab al-Yavaqit” asarini oʻrganadi. Olim “Nisab al-axbar” asarida “Yavaqit”ni ustozining Xoʻjanddagi uyida ikki marotaba oʻqib berganini yozadi.

Ali ibn Usmon al-Oʻshiy ilmiy merosining bir qancha asarlar bilan cheklanib qolishiga Fargʻona vodiysida XII asr uchinchi choragi yakunida tarqalgan vabo xastaligi oʻz taʼsirini oʻtkazgan, deyish mumkin. Uning Islom olamida shuhrat qozongan “Badʼ al-amali”, “Fatava” hamda “Nisab al-axbar” kabi asarlarining bir yilda, yaʼni 569/1173-yilda yozib tugatilishi, umrining oxirida oʻzidan ilmiy meros qoldirishga kirishganini koʻrsatadi.

Ali ibn Usmon al-Oʻshiy oʻzining “Badʼ al-amali”, “Fatavai sirajiyya” va “Nisab al-axbar” kabi uchta asarini aynan 569/1173 yilda yozib tugatgan. Buni muallif har bir asarining soʻnggida oʻzi tomonidan qayd etib qoldirgan.

Agar ushbu asarlarning hajmi, ularning balogʻat va fasohat bilan, juda goʻzal va ravon tilda yozilganini eʼtibor qilsak, muallif ularni bir yildan kam boʻlmagan muddatda yozib tugatganini bilib olish mumkin. Balki ketma-ket bitilgan asarlar muallifning keng tarqalgan xastalikdan erta vafot etishidan xavotirda boʻlganini ham koʻrsatar, bu shunchaki taxmin. Lekin ushbu asarlar bilan yaqindan tanishilganda Ali ibn Usmon al-Oʻshiy haqiqatdan ham oʻzi egallagan sohalardagi bilimlarini tezroq kitob holiga keltirishga uringanini koʻrish mumkin. Muallif shu tufayli oʻz asarlarini sodda va muxtasar shaklda bayon qilgan.

Qadimda Movarounnahr diyori va hozirgi Markaziy Osiyo deb yuritiluvchi mintaqada allomaning kalom ilmiga oid “Badʼ al-amali” asari mashhur hisoblanadi. Mana bir necha asrlardan buyon Movarounnahr diyori va hatto hozirgi kunimizda ham Oʻzbekiston hududida joylashgan madrasalarda talabalarga ushbu asardan taʼlim berib kelinmoqda. Shu bilan birga, mazkur asar moturidiy va ashʼariy olimlari tomonidan chuqur oʻrganilishi hamda unga zamonamiz olimlari tomonidan ham bir qancha sharhlar bitilgani uning kalom ilmiga oid muhim manba ekanini koʻrsatadi.

“Badʼ al-amali” asari 66 baytdan iborat boʻlib, nazmiy uslubda yozilgan. Bugungacha unga Izzuddin ash-Shofeʼiyning “Daraj al-maʼali sharh Badʼ al-amali”, Mulla Ali al-Qoriyning “Zavʼ al-maʼali sharh Badʼ al-amali”, Shihobuddin at-Tunisiyning “Nashr al-lali bi sharh Badʼ al-amali”, Ibn Kotibning “Zavʼ al-lali sharh Badʼ al-amali” va Muhammad ibn Sulaymon al-Halabiyning “Nuxba al-lali li sharh Badʼ al-amali” kabi oʻnlab sharhlar yozilgan. Shuningdek, ushbu asarga zamondosh olimlardan Muftiy Rizo al-Haqqning “Badr al-layali sharh Badʼ al-amali”, Muhammad Ahmad Omuhning “Durar al-gʻavali sharh Badʼ al-amali” va Qozi Shayx Muhammad Ahmad Kanʼonning “Jamiʼ al-lali sharh Badʼ al-amali” kabi asarlari orqali sharhlangan. Oʻzbekistonlik olimlardan Abdulqodir Abdur Rahim 2012-yilda “Badʼ al-amali”ga “Eʼtiqod durdonalari” nomli oʻzbekcha sharh yozgan.

Ali ibn Usmon al-Oʻshiy “Fatavai sirajiyya” asaridagi fatvolarini nafaqat moʻtadil uslubda ishlab chiqqani, balki ularni muxtasar shaklda bayon qilganini taʼkidlash lozim. Shu sababli uning “Fatava”sidan koʻplab mujtahid faqihlar oʻz kitoblarida istifoda qilganlar. Masalan, “Fatavai Olamgiriyya”da Ali ibn Usmon al-Oʻshiydan 300 ga yaqin masalada rivoyat qilingan. Alloma Ibn Obidiyn hamda ibn Nujaymlar “Bahr ar-raiq”da yuzga yaqin oʻrinda Ali ibn Usmon al-Oʻshiyga murojaat etganlar. Zaynuddin ibn Nujaym “Bahr ar-raiq”ning muqaddimasida keng istifoda qilgan manbalar qatorida “Fatavai sirajiyya”ni sanab oʻtadi. Hatto shofeʼiy mazhabi olimlari ham Ali ibn Usmon al-Oʻshiyga koʻp oʻrinlarda murojaat etganlar. Xususan, Jaloluddin as-Suyutiy “al-Ashbah va an-nazair”da hamda ibn Hajar al-Haytamiy “Fatavai hadisiyya”da olimning fatvolarini keltirib oʻtganlar.

Shuningdek, “Fatavai tatarxaniya” sohibi uni oʻz asarida moʻtabar manbalar qatorida zikr etadi. Alloma as-Sijistoniy “Sirojiyya”da boshqa kitoblarda uchramaydigan koʻplab navodir va voqeʼot masalalari keltirilganini taʼkidlaydi.

Hanafiy olimlarining asarga bergan taʼriflari muallifning hukmlarni istinbot qilishda moʻtadil yoʻl tutganini koʻrsatadi. Oʻz oʻrnida oʻtgan mujtahidlarning rojih qavllarini saralab olinishi keyingi davr olimlarining “Fatavai sirajiyya” murojaat etishlariga sabab boʻlgan. Darhaqiqat, Ali ibn Usmon al-Oʻshiyning mazkur asari muallifning oʻzi taʼkidlaganidek: “Ushbu kichik hajmli kitob eng foydali fatvolarni jamlagan va fardlardan umumlarni ajratib olgan kitobdir”.

Ali ibn Usmon al-Oʻshiy hadis ilmi taʼlimi uchun Oʻsh shahridan boshqa Margʻinon, Xoʻjand, Samarqand va Buxoro shaharlariga safar uyushtirgan. Ushbu safarlari davomida Movarounnahrdagi koʻplab hadis olimlaridan hadislarni yod olgan.

Olim fiqh ilmiga oid “Fatavai sirajiyya”dan tashqari, “Sharh Muxtalif ar-rivaya” (Najmuddin an-Nasafiyning “Muxtalif ar-rivaya” asariga sharh), “Javahir al-ahkam fi-l-fiqh” kabi asarlarni ham yozib qoldirgan.

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
  1. Sirojuddin Ali ibn Usmon al-Oʻshiy. Fatava as-sirajiyya. – JAR: Dor ʼulum az-Zakariyo, 2011. – B. 18, 96, 602, 614.
  2. Sirojuddin al-Oʻshiy. Nisab al-axbar. Sulaymoniya kutubxonasi. Lolali fondi. 1504-inv. raqam. 1a-5b.
  3. Ibn Obidiyn. Radd al-muxtar. – Riyod: Dor olam al-kutub, 2009. V, – B. 279.
  4. Jaloluddin as-Suyutiy. al-Ashbah va-n-nazair. – Bayrut: Dor al-kutub al-ʼilmiyya. II, – B.65.
  5. Ibn Hajar. al-Fatava al-hadisiyya. – Bayrut: Dor al-maʼrifa, 2002. II, 97.
  6. Ferhat Gökçe. Ali b. Osman el-Ûşî ve Müsnedü Enes isimli eseri/Dinbilimleri Akademik Araştirma Dergisi, 2018. XVIII, 39–40; Ûşî. Mehmet Sait Toprak. Hadiste Derlemecilik Devrinin Başlaması ve Ûşîʻnin Nisâbʻul-Ahbârʻı ile birlikte. – İzmir: Dokuz Eylül Üniversitesi, 2005. 21.
  7. Abdulqodir Abdur Rahim. Eʼtiqod durdonalari. – T.: “Movarounnahr”, 2012. – B. 5-12.
  8. S.Oqilov. Abu Mansur al-Moturidiy ilmiy merosi va moturidiya taʼlimoti. – T.: “Hilol-nashr”, 2017. – B.
Muxiddin XAKIMOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita boʻlim boshligʻi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …