Home / YANGILIKLAR / KOʻR-KOʻRONA TAQLID – JOHILLIK

KOʻR-KOʻRONA TAQLID – JOHILLIK

Bismillahir Rohmanir Rohim.

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri boʻlgan oʻzbek tili xalqimiz uchun milliy oʻzligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho maʼnaviy boylikdir. Turkiy tillarning katta oilasiga mansub boʻlgan oʻzbek tilining tarixi xalqimizning koʻp asrli kechmishi, orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va gʻalabalari bilan chambarchas bogʻliq.

Soʻnggi yillarda ona tilimizni tom maʼnoda davlat tiliga aylantirish yoʻlida katta chora-tadbirlar koʻrildi. Jumladan, maʼnaviy hayotimizni yanada rivojlantirish, taʼlim-tarbiya ishlarini zamon talablari asosida tashkil etish, madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalarini takomillashtirish, kitobxonlik madaniyatini oshirish boʻyicha qabul qilingan oʻnlab farmon va qarorlar oʻzbek tili ravnaqiga xizmat qilmoqda.
Davlat tilini rivojlantirishga qaratilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda yana bir muhim qadam qoʻyildi. Prezidentimiz 2020-yil 20-oktyabr kuni “Oʻzbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmonni imzoladi. Ushbu tarixiy hujjat ona tilimizning davlat va jamiyat hayotidagi taʼsiri va mavqeini yanada oshirishga keng yoʻl ochmoqda.
Oxirgi yillarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti faoliyati yoʻlga qoʻyilishi, azim poytaxtimiz markazidagi Milliy bogʻ hududida Adiblar xiyoboni bunyod qilinishi, hududlarda ijod maktablari tashkil etilishi va Vazirlar Mahkamasi huzurida davlat tilini rivojlantirish boʻyicha alohida tuzilma taʼsis etilgani oʻzbek tilining nufuzi va mavqeini oshirishda muhim bosqich boʻldi.

Ommalashayotgan jiddiy muammo

Afsuski, jamoat joylarida, koʻchalarda, binolar peshtoqida yozuvlar, turli lavha va reklamalar koʻpincha xorijiy tillarda, maʼnaviyatimizga yot mazmun va shakllarda aks ettirilmoqda. Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi.
Bugungi kunda tillarning bir-biriga salbiy taʼsiri va chetdan nooʻrin soʻzlar kirib kelishi koʻlami ortmoqda. Yurtimizda ham bu jarayon asta-sekin yuz berayotgani, turli nomlarni ifodalashda koʻr-koʻrona taqlid qilinayotgani xavotirli holatdir. Chunki ijtimoiy obektlarga nom berish – bu shunchaki shaxsiy yoki xususiy ish emas. Bu barchamizning vatanparvarlik va maʼnaviy saviyamizni yaqqol koʻrsatadigan oʻziga xos mezondir.

Maʼrifatparvar Abdulla Avloniy bobomiz aytganidek: “Har bir millatning dunyoda borligʻin koʻrsatadurgan oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yoʻqotmak millatning ruhini yoʻqotmakdur”.

Ona tili har bir millatning ruhi, davlatning timsoli. Mutafakkir Alisher Navoiy “Koʻngil maxzanining qulfi til va ul maxzanning kalidin soʻz bil”, yaʼni inson qalbining xazinasi til, bu qalb xazinasining kaliti soʻzdir, deganida tilning nainki muloqot, balki dillarni bogʻlovchi vosita ekaniga urgʻu bergan.

Oʻzbek tili boy va qadim tarixga ega boʻlishiga qaramay, soʻnggi paytlarda savdo doʻkonlari, xizmat koʻrsatish shoxobchalari va tamaddixonalarning nomi ajnabiy tilda atalishi yoki koʻchalarda chet tillardagi tushunarsiz atamalar koʻpayishi oʻz tilimizga nisbatan hurmatsizlikni keltirib chiqarmoqda.

Taassufki, tijoriy sohada mijozlarni jalb etish, mahsulotni ommabop darajaga koʻtarish yoki moʻmin-musulmonlar ongida diniylik bor degan tasavvurni uygʻotish maqsadida arab va turk tillaridagi jozibador nom, islomiy soʻz va atamalardan keng foydalanish jamiyatda koʻr-koʻrona taqlidga olib kelmoqda. Toʻgʻri, hamma jarangdor, yoqimli eshitiladigan, yodda qolarli nom qoʻyishni xohlaydi. Lekin nom qoʻyishda maʼno, mantiqqa ham eʼtibor qaratish lozim. Qolaversa, har qanday chet tildagi soʻzning oʻzbek tilidagi muqobili mavjud. Hatto barcha uchun tushunarli nodir iboralar ham juda koʻp.

Qayd etganimizdek, oʻzlashma soʻzlarning tez surʼatlarda kirib kelishi kuzatilmoqda. Masalan, arab tilidagi ism va joy nomlaridan foydalanish, yangi tugʻilgan chaqaloqqa mintaqa uchun noanʼanaviy ism qoʻyish, ovqatlanish shoxobchalariga turlicha nom berish, shuningdek, diniy mazmundagi yozuvlar aks etgan lavhalarni avtomashina kabi turli texnika vositalariga yopishtirish holatlari shular jumlasidan. Masalan, arab tilida oʻzbek tili fonetikasiga toʻgʻri kelmaydigan jihatlar, jumladan, toʻrt xil “ze” harfi, uch xil “se” harfi bor. Bular talaffuzda ham, maʼnoda ham bir-biridan keskin farq qiladi. Oʻzbek tilida esa bitta “ze”, bitta “se” harfi bor. Xalqimizda arabcha ismlar qoʻyishda mazkur jihatlarga eʼtibor qilinmayapti. Oqibatda odamlarni arabcha ismlari bilan chaqirishda ham, koʻzlangan maʼnoni ifodalashda ham koʻp xatolarga yoʻl qoʻyilmoqda.

Ayniqsa, liboslarga turli diniy atama va shakllarni yozib olish nojoiz. Baʼzilar kiyim va avtoulovlarga “Alloh”, “Muhammad”, “Mashaalloh”, “La ilaha illalloh” kabi muborak kalimalar yoki oyatlarni yozib oladi. Shunday yozuv va iboralar bor liboslarni kiyish mumkin emas, yaʼni dinning ehtiromini buzadigan narsalar yozilgan kiyim kiyish joiz emas. Mazkur liboslar qachondir oyoq-osti boʻlsa yoki vaqti kelib tashlab yuborilsa, ularning hurmatiga putur yetadi. Oqibatda bu ishni qilgan kishi katta gunohkor boʻladi.
Islom dini manbalarida Alloh taoloning ism va sifatlari, oyati karimalar, hadislar, paygʻambarlarning ismlari yozilgan narsalar bilan ayrim nojoʻya joylarga kirish katta zarar ekani alohida bayon etilgan. Arab tili Qurʼon tili ekani va u yuksak eʼzoz-u ehtiromga munosibligini barchamiz eʼtirof etamiz. Ushbu muborak til va yozuvlarni hurmatsiz qilishga hech kimning haqqi yoʻq.

Bundan tashqari, shunday liboslarda xoʻjakoʻrsinlik, riyo kabi alomatlar ham uchraydi. Vaholanki, dinga eʼtiqod qilishning tub asosi qalb amallaridir. Alloh taolo bu haqda quyidagicha marhamat qiladi: “Ish bundoq. Kim Allohning shiorlarini ulugʻlasa, bas, albatta, bu qalblarning taqvosidandir” (Haj surasi, 32-oyat). Boshqa bir oyati karimada: “Shundoq ekan, oʻzingizni oqlamang, U kim taqvodorligini yaxshi biladir” (Najm surasi, 32-oyat).

Saudiya Arabistoni yirik ulamolari hayʼatining fatvosida: “Bu kabi ishlar Qurʼoni karim va Paygʻambar alayhissalom sunnatida asli yoʻq, bidʼat ishlardan”, deyilgan.
Alloh taoloning goʻzal ismlari hurmati vojib zikrlardan. Alloh taolo ular bilan duo qilishga chaqirgan. “Allohning goʻzal ismlari bordir. Bas, Unga oʻsha (ism)lar ila duo qiling va Uning ismlaridan ogʻadiganlari tek qoʻying. Yaqinda qilgan amallariga yarasha jazolanurlar” (Aʼrof surasi, 180-oyat).

Alloh taoloning ismlaridan ogʻish, asosan, ikki yoʻl bilan boʻladi: birinchisi – Alloh taologa loyiq boʻlmagan ismlarni qoʻllash, ikkinchisi – Alloh taologa xos boʻlgan ismlarni Undan boshqaga ishlatish.
Shu oʻrinda aytish kerakki, ajnabiy tilda yozilib, koʻpincha fahsh va haqorat maʼnolarini anglatuvchi liboslardan ham saqlanish kerak. Aslida dinimiz liboslar sodda, ortiqcha naqshi nigorlardan xoli, oq rangda boʻlishini targʻib qiladi. Islom tarixida Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamga hadya qilingan naqshli kiyim u zotni bir oz chalgʻitdi. Shunda: “Buning belgilari meni chalgʻitdi”, deganlari rivoyat qilingan.
Odat tusiga kirib borayotgan notoʻgʻri ishlardan yana biri – doʻkon va maishiy xizmat koʻrsatish maskanlarining muqaddas soʻzlar bilan nomlanishi. Ming afsuski, aksariyat nomlanishlarda faoliyati din bilan bogʻliq boʻlmasa-da, goʻyoki taqvodorlik va halollikni koʻrsatish maqsadida Allohning ismi sifatlari va Qurʼoni karimdagi suralarda kelgan soʻzlardan foydalanish holatlariga guvoh boʻlmoqdamiz. Faraz qilaylik, savdo yoki xizmat koʻrsatish shoxobchalariga hech qachon “Alloh”, “Xudo” yoki “Haq” degan ismlar qoʻyilmaydi-ku, Alloh taoloning qolgan ismlari ham shunday aziz-u mukarramdir.

Nomlarning oldiga bilib-bilmasdan “ال”– “al” qoʻshimchasini qoʻshish koʻpaymoqda. Aslida arab tilida ism guruhiga kiruvchi soʻzlar aniq yoki noaniq holatda boʻladi. Noaniq holatdagi ismni aniq holatga oʻtkazish uchun soʻzga “ ال ” old qoʻshimchasi qoʻshiladi. Shuningdek, ayrim ismlarning oldiga “ ال ” – “al” qoʻshilishi Allohning 99 ta muborak ismidan birini anglatadi.
Shunday ekan, bunday muqaddas ismlarni xizmat qildirish mutlaqo joiz emas. Chunki ishchi-xodimlar tomonidan yoʻl qoʻyilgan nuqson va kamchilik tufayli mazkur muqaddas ismlarga nisbatan turli noloyiq holatlar yuzaga keladi. Bu kabi shiorlarning hurmati vojib ekaniga oyatdan dalil keltirdik. Bunday nomlardan tijoriy niyatlarda foydalanish aslo mumkin emas. Hatto bu borada Saudiya Arabistonida 1420 hijriy yilda tijoriy nomlar nizomi podshohlik farmoni ham eʼlon qilingan.
Yana bir jihat. Ota-bobolarimiz din bilan bogʻliq jihatlarga juda ehtiyotkor munosabatda boʻlgan. Tasbehlari koʻksilaridan pastga tushmagan, joynamozlarini baland joylarga qoʻyganlar. Arab yozuvidagi matnlar bitilgan ashyolarni mehr bilan ehtiyotlab saqlaganlar. Chunki ular dinga aloqasi bor har bir narsaga alohida odob bilan muomala qilganlar. Chunki bu dinimiz talabi. Aksincha, Alloh taoloning shiorlarini oyoq osti qilish, ulardan birortasini kamsitish, behurmat qilish, mensimaslik, xor qilish moʻmin kishining diniga raxna soladi, Alloh saqlasin.

Ustunlik chin eʼtiqod va samimiylikda

Qurʼoni karimda odamlarning tili va rangidagi farqlar Alloh taoloning hikmati ekani koʻp bor bayon etilgan. Dunyodagi turli-tumanlik Yaratganning irodasi bilan bogʻliq. Alloh dastlab odamzodni bir ota va bir onadan yaratdi, soʻngra ularni turli millat va elat hamda xalqlarga ajratdi. Bu borada Qurʼoni karimda bunday deyiladi: “Ey, insonlar! Darhaqiqat, Biz sizlarni bir erkak (Odam) va bir ayol (Havvo)dan yaratdik hamda bir-birlaringiz bilan tanishishingiz uchun sizlarni (turli-tuman) xalqlar va qabila (elat)lar qilib qoʻydik” (Hujurot surasi, 13-oyat).

Bunday rang-baranglikda fazilat juda koʻp. Islom taʼlimotiga koʻra, butun bashariyat jinsi, irqi, rangi, tili, ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, barchasi barobardir.
Bu borada Rasul alayhissalom: “Insonlar taroq tishlari kabi tengdirlar. Arabning boshqa xalqlardan, oqning qoradan, erkakning ayoldan ustunligi yoʻq. Faqat taqvoda, xolos”, deb marhamat qilganlar. Demak, dinga faqat taqlidiy, koʻr-koʻrona amal qilish bilan ish bitmaydi. Balki chin eʼtiqod va ixlos bilan koʻzlangan maqsadga yetiladi.
Maʼrifatparvar Isʼhoqxon Ibrat: “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun saʼy-harakat qilsinlar, lekin avval oʻz ona tilini koʻzlariga toʻtiyo qilib, ehtirom koʻrsatsinlar. Zero, oʻz tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.

Demak, tilni ham muhim omil, aziz va qadrli unsurlar qatorida bilib, sof saqlash barchamizning insoniy burchimizdir. Har qanday tilga, xususan, ona tiliga, biror darajada boʻlsin, nopisandlik yoki kamsitish bilan qarash inson va el qadriga hurmatsizlik, inson va xalq hamiyatiga daxl qilish boʻlib, kishilar koʻnglini ogʻritishi tabiiydir. Ona tilidagi sobitlik har bir davrda dolzarb boʻlgan.
Til boyishga moyil. Ammo bu qanchalik tabiiy jarayon boʻlmasin, qaysi tildan qachon, nimani olish yoki olmaslikni bilish kerak. Bir tilning boshqa tilga taʼsiri boyish bilan birga, til buzilishi boʻlishi mumkin. Bu jarayon ham ijobiy, ham salbiy maʼnoda, zohiriy va botiniy holda kechadi. Biz esa koʻpincha koʻzga koʻrinib turgan narsalarnigina koʻramiz-u, parda ortidagilarni payqamaymiz. Toʻgʻrirogʻi, koʻzga tashlanib turgan natija yoki oqibatni koʻramiz-u, ularni keltirib chiqarayotgan tub sabablarni mutlaqo sezmaymiz.

Tilning boyishi ham, buzilishi ham ikki xil yoʻsinda kechadi. Biri – xorijiy soʻzlarni oʻrinli va nooʻrin qoʻllash. Ikkinchisi – xorijiy tilning taʼsiri.

Xulosa shuki, globallashuv sharoitida milliy tilimiz sofligini saqlash, lugʻat boyligini oshirish, turli sohalarda zamonaviy atamalarning oʻzbekcha muqobilini yaratish, ularning bir xil qoʻllanishini taʼminlash dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
Muqaddas dinimiz zohirga haddan tashqari eʼtibor qaratib, botinni esdan chiqarishdan qaytaradi. Shu bilan birga, solih amallarni koʻproq qilib, qalbimizdagi ixlos va niyatni toʻgʻri va goʻzal qilishga undaydi.
Alloh taolo milliyligimiz va imon-eʼtiqodimizda sobitqadam aylasin.

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi faxriy doktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022-yil 22-oktyabr, 217-son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …