Shu yil 19-oktyabr kuni Ozarbayjonning Boku shahrida Turkiy davlatlar muftiylarining III-yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari, Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, Shayxulislom Ollohshukur Poshozoda, Turkiya diyonat ishlari boshqarmasi raisi, doktor Ali Erbosh, Qozogʻiston musulmonlari diniy idorasi raisi, bosh muftiy Navroʻzboy hoji Tagʻanuli, Turkmaniston muftiysi Yalqob hoji Xoʻjakeldiyev va Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Bagʻdod Amreyev hamda bir qator mutasaddilar ishtirok etdi.
Anjumanda Muftiy hazratlari Turkiy dunyoning diniy idoralari oʻrtasidagi aloqalarini mustahkamlash, global muammolarga birgalikda yechim topish va Islom dini sofligini asrash borasidagi imkoniyatlarni birlashtirish bugungi kunda juda ham muhim ekanini taʼkidladilar. Shuningdek, bugungi fitnalar, buzgʻunchi gʻoyalar va axborot xurujlari avj olgan bir paytda global tahdidlar qarshisida Turkiy dunyo xalqlari birdamlikda muammolarni bartaraf qilishga jiddu jahd qilishlari kerakligini urgʻuladilar.
Muftiy hazrat soʻzlari yakunida Imom Moturidiy taʼlimotini chuqur tadqiq etish va keng yoyishga bagʻishlangan Turkiy davlatlar ulamolari Forumini 2023 yilda Oʻzbekistonning qadim Samarqand shahrida oʻtkazish taklifini taqdim etdi.
Yigʻin davomida Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari soʻz olib, ayni kunda yechimini kutayotgan muammolar, ularni hal etishda hamkorlik qilish va hozirgi davrdagi tahdidlarga qarshi birgalikda kurashish zarurligi toʻgʻrisida soʻz yuritdilar.
Yigʻilishda bildirilgan taklif va mulohazalarni inobatga olib, tegishli qarorlar qabul qilindi