Haqiqatning muxlislari – uning doʻstlaridir.
Maʼnaviy qadriyatlarimizning tiklanishi bilan tarix sahifasidagi bizga nomaʼlum boʻlgan koʻplab muammolarni oʻrganish, tahlil qilish va ilmiy jihatdan asoslab berish bugungi kunda muhim masalaga aylandi. Milliy madaniyatimizning rivojlanishi tabiiy ravishda uning asosiy manbai boʻlmish madaniy merosimizni chuqur va ilmiy asosda izchil oʻrganishimizni taqozo etadi.
Arablar Movarounnahrni istilo qilgach oʻlkamizdagi maʼnaviy, madaniy merosni yoʻqqa chiqarib, oʻz siyosatini olib bordi. Bu borada ularga islom dini, Qurʼoni karim dastur vazifasini oʻtadi. Natijada arab tilini, islom dinini, Qurʼoni karimni oʻrgangan kishilarning soni koʻpayib ularning jamiyatdagi nufuzi ham oshib bordi. Bu oʻz navbatida Movarounnahrda IX-XII asrlarda ijtimoiy-iqtisodiy hayot bilan birgalikda maʼnaviy, madaniy hayotning ham rivojlanishini – “Sharq renessansi”ni keltirib chiqardi. IX-XII asrlarda oʻlkamizni boshqargan mahalliy hukmdorlar madaniyat va maʼnaviyatning rivoji uchun qulay muhit yaratdiki, natijada yurtimizdan chiqqan buyuk daholar oʻz qobiliyati, ijodi bilan jahon madaniyati durdonalarining xazinasini boyitdi. Bu davrda dunyoviy bilimlar bilan birgalikda islom madaniyati ham rivojlandi.
Markaziy Osiyo xalqlari madaniyatining yuksalishida islom dini va uning insonparvarlik gʻoyalari, shuningdek, turli tariqat yoʻllarining ahamiyati katta rol oʻynagan. Musulmon olamida tasavvuf tariqatining ham salmoqli oʻrni bor. Jumladan, X asrdan boshlab Movarounnahrning shaharlarida yuzaga kelgan futuvvat taʼlimoti va islom olamidagi ijtimoiy-siyosiy hayot gʻarb va sharq adiblarining eʼtiborini oʻziga jalb etib keldi. Islomga doir barcha masalalar va atamalarni, musulmon mamlakatlariga oid maʼlumotlarni oʻzida jamlagan “Islom ensiklopediyasi”ning yaratilishi bu eʼtiborning natijasidir.
Ensiklopediya XX asrning boshida nashr etilgan. Nemis, golland, fransuz va ingliz sharqshunoslari uning asosiy tashabbuskorlari boʻlgan. Bu toʻrt jildli kitob 1908-1938 yillarda bir vaqtda nemis, ingliz va fransuz tilida Leydunda nashr etilgan. Ensiklopediya 1933-1965 yillarda arab tiliga tarjima qilingan va 1950 yilda Istanbulda turk tilida qayta ishlangan va toʻldirilgan holda chop etilgan. 1954 yildan beri Yevropa va Amerikaning yirik sharqshunoslari ”Islom ensiklopediyasi”ni qayta nashr qilish ustida ish olib bormoqda.
1965 yil Londonda (B.Lewis, Ch.Pellat va J.Schachtlar tomonidan) ”Islom ensiklopediyasi”ning yangi nashri chop etildi. Bu qomusiy asarda futuvvat tariqatiga oid qiziqarli maʼlumotlar mavjud boʻlib, shu mavzudagi bibliografiya ham qayd etilgan. Futuvvat taʼlimoti oʻrta asrlarda hunarmandchilik ustaxonalarida keng tarqalgan. Movarounnahrdagi bunday ustaxonalarga oid maʼlumotlar quyidagi asarlarda ham uchraydi: M.Xartman ”Die Ostturkishin Handschiriften der Sammlung” (1904 yil, Msos), M.Gavrilov “Lef korps de métiers en Asie Controle et leur status” (1928 yil, Moskva), A.K.Borovkov “K istorii bratstvo “Axi” v Sredney Azii” (1953 yil, Moskva).
Shuningdek, biz tadqiq etayotgan mavzuga oid qimmatli maʼlumotlar olmoniyalik yirik islomshunos olim Frans Teshner (Franz Taeshner)ning “Zunfte und Bruderschaftten in islam” (1979 yil, Munchen) nomli asarida mavjud. Arab, turk, fors manbalaridan olingan qimmatli maʼlumotlarni jamlagan bu asarni kitob shaklida koʻrish Frans Teshnerga nasib etmadi (muallif 1967 yil 11 noyabrda vafot etadi). Ishni shogirdi Gustav E.fon Grenbaum (Gustav E.Fon Grenbaum) davom ettiradi, lekin Grenbaumning ham vafot etishi kitob chop etilishini yana orqaga surgan [1:9]. Asar futuvvat borasidagi bilimning batafsil yoritishga harakat qilingani, manbalarning tarjimasi izohsiz aynan keltirilgani bilan qimmatlidir.
Olmoniyalik sharqshunoslardan olima Annamari Shimmel oʻzining (“Mustische Dimensionen des Islam” 1995 yil, Munchen) kitobida [3:348-350] futuvvat haqida maʼlumot beradi. Unda Suxravordiya taʼlimotining futuvvatga ancha ijobiy taʼsiri boʻlgani qayd etilgan. Mohsin Zokeri ham (Mohsen Zakeri “The Origins ofʻ Ayyaran and Futuwwa”) oʻz asarida bizni qiziqtirgan mavzu haqida fikr bildirar ekan, yuz ellik yildan buyon futuvvat borasida gʻarb olimlari tadqiqotlar olib borayotganini bayon etadi. Asarning kirish qismida futuvvat taʼlimoti turli ijtimoiy fan sohasi vakillarining, jumladan, diniy fanlar tadqiqotchilarining, iqtisodchilarning, adabiyot tarixi mutaxassislarining va faylasuflarning diqqatini oʻziga jalb etgani va bu sohada koʻplab adabiyotlar yaratilgani qayd etiladi. XIX asrning boshida yashagan Jozef fon Hommer (Jozef fon Hammer) gumanizmning oltin davrida Oʻrta asrlardagi Yevropa ritsarlarining mahorati va jasoratini ilk marta “Islomiy jasorat tarziga” oʻxshatadi. Albatta, Jozef fon Hommer futuvvat haqidagi fikrida haqli edi. U futuvvatni xalifa An-Nasr qayta tashkil etganini ham eʼtirof etgan. Aynan shu xalifa davrida saroy futuvvati rivojlanib, uni talqin qiluvchi bir qancha kitoblar yaratilgan.
Josef fon Hommerning shogirdi Herman Top (Herman Top) 1913 yili oʻz asarini nashr ettirdi. U tarixda birinchi boʻlib savdogarlar va hunarmandlar tashkilotining anʼanalari va ularda futuvvatning oʻrni masalasini yoritib berdi. Herman Top xalifa An-Nasr uchun Ibn Meʼmor yozgan XII asrga oid “Futuvvat paygʻomi” asarini tarjima qildi. Bu tarjimaning nashr etilishi futuvvat borasidagi izlanishlarning jonlanishiga sabab boʻldi. Jozef fon Hommer Yevropa ritsarlari va savdogarlarining ichki tartib-qoidasini musulmonlar birodarligining gʻoyalariga oʻxshatgan va bu gʻoyalarni oʻz tadqiqotiga asos qilib olgan.
Yevropa anʼanalarini islom madaniyati bilan taqqoslash futuvvat qoʻlyozmalaridagi ilk maʼlumotlarning asl mazmunidan chetlashishga olib keldi. Faqat Herman Topning talabasi va doʻsti Frans Teshner ilmiy hayotining asosiy qismini futuvvatning kelib chiqishini oʻrganishga sarfladi va futuvvat taʼlimoti talqinida toʻgʻri yoʻlni tanladi. Uning izlanishlari shuni koʻrsatdiki, futuvvat xalifa An-Nasrgacha mavjud boʻlgan va uni jamiyatning yuqori qatlami va podshohlar qoʻllab-quvvatlab turgan [1:23]. An-Nasr futuvvatni qabul qilishidan bir asr oldin biyoriylar shahzodasi Qobus Iskandar 1082-1083 yillarda (h.475 y.) oʻzining “Qobusnoma” asarini yozgan. U oʻz asarining kattagina qismini sosoniylarning yoʻqolgan kitoblaridan biri “Javonmardlik qoidalari”ga bagʻishlaydi. Bu qoidalarning ayrimlari sosoniylar davrida ishlab chiqilgan “Shahzodalar oynasi” boʻlib, bu kitobda Qobus Iskandar oʻgʻli va shahzodalarga Javonmardlikning ijtimoiy qoidalarini oʻrganishni nasihat qiladi [5:158]. Bu asarni mohiyatan insonparvarlik qoidalari deb atash mumkin.
Frans Teshnerning izdoshlari shuni taʼkidlaydiki, Qobusdan ancha oldin futuvvatning ideal fikrlari jamlanib, “Futuvvatnoma”, “Risola al-futuvva” yoki “Qobusnoma” nomi bilan atalgan. Bu asarlardagi fikrlarning taʼsirini soʻfiy musulmonlarning taʼlimotida ham uchratish mumkin. Jumladan, “Risola fi al-futuvva” (Sulami, 1021 yil) yoki Dushayrining risolasini (1045 yil) misol tariqasida koʻrsatish mumkin. Sufiylar oʻz asarlarida futuvvatni Ibrohim paygʻambar (uni “Abu al-fitiyan”, yaʼni qahramonlar otasi deb atashgan) davri bilan bogʻlaydi. Ular futuvvatni islom dinining ajralmas qismi hisoblab, uning ijtimoiy ildizini eʼtirof etmaydi.
IX asrning ikkinchi yarmida sharqiy Eronda yashagan malomatiya maktabining namoyandasi Solih bin Hamdul bin Ahmad al-Qasar (h.884 y.) shunday deydi: “Kunlardan bir kun men Nishopurdagi Xiro daryosini yoqalab sayr qilayotganimda oʻzining insoniy futuvvati bilan mashhur Nuhni uchratib qoldim, u butun Nishopur ahli javonmardlarining rahbari edi. Soʻradim: Ey Nuh, sening futuvvating nima? Dedi: Sening futuvvatingmi yoki menikimi? Ikkalasini ham anglat, dedim. Mening futuvvatim men oʻz kiyimimni chiqarib, yamoq solingan kiyim kiyib, soʻfiy boʻlish va xudo oldida uyalib qolmaslik uchun gunohlardan tozalanishga urinaman, biroq sen yamalgan kiyimni chiqarib tashlaysanki, na sen boshqalarni aldaysan, na boshqalar seni alday olsin: Shu tarzda mening futuvvatim diniy va rasmiy qoidalarda, seniki boʻlsa haqiqatning maʼnaviy koʻrinishida namoyondir”. Bu kabi hikmatlar futuvvatning dastlabki tarixini bilib olish uchun ozlik qiladi, biroq bu qimmatli fikrlar futuvvat taʼlimotining axloqiy jihatlarini anglashga yordam beradi. Sufiylar yaratgan manbalarda Xuroson shahzodasi Al-Sulami Shayx Shijo al-Karmaniy (taxallusi Abu al-Favariz muzaffariylardan) futuvvat vakili sifatida qadrlangan.
Arab adiblarining yozishicha Xalifa al-Amin davrida (809-813 y.) hozirgi militsiya vazifasini bajaruvchi boʻlinmalarga oʻxshash guruhlar tuzilgan. Bu xalifalikning bosib olgan hududlarida tashkil etgan boʻlinmalari edi. Arab manbalarida abbosiylar bilan ham futuvvat taʼlimotining bogʻliqlik tomonlari mavjud ekanini uchratish mumkin. Jafar bin Yahyo al-Varman (vafoti 805 y.)ning fikricha, Xorun ar-Rashid futuvvatga ega shaxs, u yaxshi xususiyatlar, adab madaniyatiga ega xalifa sifatida futuvvat meʼyorlariga javob bera oladi. Al-Sulamining yozishicha, Maʼruf bin Firir al-Kerhi ham izdoshlari orasida eng koʻzga koʻringan shaxslardandir. Maʼruf bin Firir al-Kerhi haqida qimmatli maʼlumotlar bergan Farididdin Attor oʻzining “Tazkirat ul-avliyo” asarida u zotni “Futuvvat va taqvoda bir hirqa edi” deb taʼriflagan. Farididdin Attorning yozishicha, Maʼruf bin Firir al-Kerhi Abu Musa qoʻlida musulmon boʻlib, Dabud Toy qoʻlida tarbiya topadi, mashhur “Ixlos xalos“ iborasi u kishining hikmatlaridandir [6:29].
Frans Teshnerning fikricha, arablar sharqiy Yevropani bosib olar ekan, ular oliyjanob kishilarining orasida shakllangan va fata deb nomlangan xususiyatlarini ham olib kelgan. Natijada turmush tarzi madaniylashgan oliyjanoblik va jasorat kabi tushunchalarni oʻzida birlashtiruvchi ijtimoiy guruhlar shakllangan. Frans Teshnerning aytishicha, Eronda antik madaniyat davridan buyon saqlanib kelayotgan insoniylik mezonlari haqidagi fikrlar islomga futuvvat termini orqali kirib kelgan. Uning fikrini Claude Cohil ham tasdiqlab: “Sosoniylar davlatining chegaralarida oʻzlarining ayyorunlari, yaʼni jasorat timsoli boʻlgan ijtimoiy guruhlari mavjud boʻlgan va ular islomgacha boʻlgan Eron madaniyatidagi futuvvat mezonlarini oʻzida jamlagan talablarga amal qilgan” [1:50], deydi.
Oʻrta Osiyoga va musulmon mamlakatlarining hayotiga boʻlgan qiziqish rossiyalik sharqshunos olimlarni ham koʻplab tadqiqotlar olib borishga undaydi. L.Massinon, E.Ye Bertols, A.Arberri, M.Cmit, L.Gorde, G.M. Kerimov, O.F.Akumushkinlar shular jumlasidandir. Taniqli sharqshunos olim O.F.Akumushkinning fikricha, 219dan ortiq arab manbasida, 255dan ortiq Yevropa xalqlarining tilidagi asarlarda 325dan ortiq tariqat yoʻllari tilga olingan. Jumladan, tariqatning bir qismi boʻlgan futuvvat taʼlimoti borasida yuqorida qayd etilgan M.Gavrilov, A.K.Borovkov, A.B.Gordleviskiyning asarlarini keltirish mumkin. Shu mavzuda tojikistonlik Z.Vazirov oʻz asari (“Sotsialno-politicheskiye i nrastenio-religiyeziye ucheniya i felasofskiy sistema futuvvata”)da, soʻfizmda yoritilgan haqqa yetishishdagi toʻrt bosqich, yaʼni shariat – murod yoʻliga kirish, tariqat – botiniy ilm, maʼrifat va haqiqatdan iborat boʻlgan bosqichlar futuvvatda bitta tariqat yoʻli tushunchasi orqali ifodalangan deb baholaydi.
Har bir davrning oʻziga xos maʼnaviy tomonlari mavjud va shu davrda yozilgan asarlar biz uchun qimmatli manba hisoblanadi. Manbalarni oʻrganish manbashunoslik va shu davr falsafasini yoritishda asosiy quroldir.
XV asrda yashagan atoqli olim va adib Husayn Voiz Koshifiy “Futuvvatnomai sultoniy” asarida (forschadan N.Komilov tarjimasi) futuvvat tariqatiga oid quyidagi manbalarni qayd etadi: Bular Abdurahmon Jomiyning “Risolai sayr”, Zarua Isfahoniyning “Zodul oxira” asarlaridir. Hozirgi kunda Samarqand davlat universitetining sharq qoʻlyozmalari boʻlimida Farididdin Attor zamonasida suls xati bilan koʻchirilgan “Tazkirat ul-avliyo” asari saqlangan boʻlib, unda futuvvat ulamolarining dunyoqarashi ifodalangan.
Toshkentda Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutida saqlanayotgan qoʻlyozmalarning orasidagi Ali Shaxob Hamadoniyning “Futuvvat haqidagi risola” asari ham shu mavzu borasida muhim maʼlumotlar beradi. Jumladan, qoʻlyozmada muallif “axi” atamasiga alohida toʻxtalib, futuvvatga oid yigirma toʻrtta soʻzning maʼnosi va mohiyatini yoritib beradi.
Hozirgi kunda naqshbandiya tariqatining davomchisi, qirqinchi silsila vakili turkiyalik Mahmud Asad Jushon hazratlarining 400dan ortiq tasavvuf va tariqatga oid asarlari nashr etilgan.
Turli millatlarning, jamiyatlarning taraqqiyoti tarix sahifasini toʻldirib unga turlicha mazmun kiritadi. Kechagi kun talablari bugungi kunning ehtiyojlariga mos kelmaydi. Alohida shaxsdan tortib butun bir davlatgacha – har bir aʼzo oʻziga zarur boʻlgan sanoqsiz ehtiyojlarni qondirishga harakat qiladi. Bu bilan baxtiyor madaniyat omillari yaratiladi: Moddiy madaniyat, maʼnaviy madaniyat. Moddiy madaniyat jamiyatning ijtimoiy talabi va maʼnaviyatining qiyofasini sogʻlomlashtirishga qaratilishi lozim.
Futuvvat taʼlimoti va undagi falsafiy qarashlarni tahliliy oʻrganish, oʻzlashtirish jamiyatimizning maʼnaviy qiyofasini sogʻlomlashtirishga harakat qilinayotgan bir sharoitda zamondoshlarimizga dasturulamal boʻladi.
-
Frans Teshner (Franz Taeshner). Zunfte und Bruderschaftten in islam. –Munchen., 1979.
-
Najmiddin Komilov. Tasavvuf. –T., 1996.
-
Annamari Shimmel (Annemaeie Schimmel). Mustische Dimensionen des Islam. –Munchen., 1995
-
Ulsulmoniy Kaykavus. Qobusnoma. –T.,
-
Fariddun Attor. “Tazkiratul avliyo” . –Bursa., 1984.
-
Husayin Foiz Koshifiy. “Futuvvatnomai suloniy”. –T., 1994.
-
Azamat Ziyo. Oʻzbek davlatchiligi tarixi. –T., 2000.