Home / MAQOLALAR / Ustoz otangdan ulugʻ!

Ustoz otangdan ulugʻ!

Alloh Taolo olamlarni bunyod etgandan soʻng unga sarvar qilib Insonni – Hazrati Odam Ato alayhissalomni yaratdi. Odam Ato qovurgʻasidan Momo Havoni yaratib, ulardan farzandlarini koʻpaytirdi.

Rivoyat etilishicha, odamzodning koʻngliga 3 narsa urmas, yaʼni inson 3 narsadan aslo bezor boʻlmas, doimo ardoqlar ekan.

Birinchisi er uchun ayol, ayol uchun er. Chunki, ayol Odam Atoning qovurgʻasidan, yaʼni bir vujuddan yaralgan. Vujudda esa oshiqcha aʼzo yoʻq. Hech kim biron aʼzosidan voz kecholmagani kabi ayol jinsi erdan, er jinsi ayoldan ayri kecha olmas ekan.

Inson koʻngliga urmaydigan ikkinchi narsa – rizq-roʻzi, yashash omili boʻlgan non ekan. Mana necha ming-ming yillar oʻtsa ham Odam Ato va Momo Havo ilk bor taʼmini tatib koʻrgan bugʻdoy hamon ularning avlodlari nasibasi boʻlib xizmat qilib kelayotir. Dunyodagi ne bir shirinliklar, taomlar non oʻrnini bosolmasligi barchaga ayon.

Bashariyat farzandi uchun uchinchi ulugʻ narsa bu kitob ekan. Zero, Qurʼondagi dastlabki oyat “Ikra!” (“Oʻqing!”) ekanligi, ulugʻ paygʻambarimiz Muhammad Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻqishni oʻrganib, Allohning soʻzlaridan xabardor boʻlib, ularni xalqqa yetkazgani, musulmonlar diliga singdirgani maʼlumdir. Kitobning Muqaddasligi yana shundaki, odamlar u orqali fikran boyiydilar, aqlan oʻsadilar, maʼnan sogʻlom boʻladilar, axloqiy kamol topadilar, qanday soʻzlash, qanday yashash zarurligini, imon-eʼtiqodni asrashni biladilar. Shu boisdan ham Islom dinimiz sahifalaridan asosiy oʻrinni yorugʻ olamning gultoji – Inson, uning rizq-roʻzi Non va aql-idroki mahsuli – Kitob odobnomasi va ibratnomasining oʻrin olishi bejiz emas.

Buyuk ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolib kelayotgan dono xalqimizning yuksak maʼnaviyati boʻlmish milliy va diniy qadriyatlarimiz esa bularning hammasi – axloqiy, aqliy va jismoniy maktab ekanligi oltindan qimmat, bebaho va abadiy qadriyatlarimiz, yengilmas kuchimizdir!

Modomiki Islom dinining eng birinchi buyrugʻi “Oʻqing!” ekan, demak Islom dini – eng avvalo maʼrifat dini ekan. “Maʼrifat” soʻzi arab tilidan tarjima qilinganda “kishilarning ong-bilimini, madaniyatini oshirishga qaratilgan taʼlim-tarbiya”; “maorif” degan maʼnolarni anglatadi.

Islom dinining asosiy va Muqaddas Kitobi boʻlmish Qurʼoni Karimning yettidan bir qismi faqat ilm mavzusiga doir masalalardan iboratdir.

Islom dini paydo boʻlishini Yaratganimiz Muhammad alayhissalom orqali Arabiston yarim orolligini iroda etgan boʻlsa, ushbu Muqaddas, pok Islom dinimizni ilmu-fan, maʼrifat ila rivojlanishini Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Margʻinoniy, Bahouddin Naqshbandiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Ahmad Fargʻoniy, Mirzo Ulugʻbek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mahmud Zamaxshariylardek buyuk allomalar orqali bizning jannatmakon yurtimizni (!) Oʻz ilohiy hikmati ila ixtiyor etdi.

Yaxshilik va ezgulik, bagʻrikenglik va tinchlik, yaqinlari va begonalariga birdek marhamatli boʻlish, qon toʻkmaslikka chaqiruvchi, nafs vasvasasiga uchmaslik, ota-onaga ular hayotliklarida mehribon va saxiylik ila munosabatda boʻlish, dunyodan oʻtganlarning haqlariga duo qilishga, vatanni sevishga daʼvat qiluvchi muqaddas dinimiz, ayniqsa mustaqillik yillarida oʻz qadrini hamda oʻzining azaliy vazifasi – ezgu maqsadlarga chin maʼnoda xizmat qilish imkoniyatini topdi.   

Bizning qadimiy va goʻzal diyorimiz nafaqat Sharq, balki jahon sivilizatsiyasi beshiklaridan biri boʻlganini xalqaro jamoatchilik tan olmoqda va eʼtirof etmoqda. Bu tabarruk zamindan ne-ne buyuk zotlar, olimu ulamolar, siyosatchi va sarkardalar yetishib chiqqani, umumbashariy sivilizatsiya va madaniyatning uzviy qismiga aylanib ketgan dunyoviy va diniy ilmlarning, ayniqsa, Islom dini bilan bogʻliq bilimlarning tarixan eng yuqori bosqichga koʻtarilishida ona yurtimizda tugʻilib kamolga yetgan ulugʻ allomalarning xizmatlari beqiyos ekani bizga ulkan gʻurur va iftixor bagʻishlaydi.

Alloh taboraka va taolo Oʻzining Kalomi majidi – Qurʼoni karimda va Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam hadisi shariflarida ulugʻlab eʼzozlagan yetti toifa insonlarni har bir moʻmin-musulmon kishi qadrlab, hurmat qilishi lozim:

1) ota;
2 ) ona;
3) ustoz (manfaatli ilm yo kasb-xunar oʻrgatgan inson);
4) olim (faqat diniy yoʻnalishdagina emas, balki inson uchun manfaatli barcha sohalardagi olimlar. Chunki hamma sohalarning ham egasi – Alloh taoloning Oʻzidir);
5) Qurʼoni karimdan xabardor kishi;
6) moʻysafid odam;
7) adolatli rahbar.

Muqaddas Islom dinimiz hukmlari ham, jannatmakon yurtimiz buyuk va maʼrifatparvar, ulugʻvor va donishmand xalqining Qurʼoni Karim va hadisi shariflarga uygʻunlashib ketgan, hatto maqollari ham insonlarni ilm-fan taraqqiyotiga, ilmli kishilarni ulugʻlashga undaydi, ustozlarni hurmatlashga targʻib etadi.

Maʼlumki, bu dunyoning rivojlanishida, insoniyatning taraqqiyot etishida ustozning oʻrni beqiyos.

Bizning dono xalqimiz

“Ustoz – otangdek ulugʻ”,
«Usta borida qoʻlingni tiy,
Ustod borida – tilingni»,
“Usta boʻlsang, ustozingni unutma”,
«Ustozingga tik qarasang, toʻzasan,
Hurmat qilsang, asta-asta oʻzasan»,

deb bejiz aytmagan.

Chunki, hammaga maʼlumki, insoniyatning eng birinchi Ustozi – bu ALLOH TAOLONING OʻZI boʻlsa

“Alloh Odamga barcha yaratilgan va yaratilajak narsalarga tegishli nomlarni oʻrgatdi. Soʻngra ularni farishtalarga birma-bir koʻrsatib dedi: “Agar eʼtirozingizda rostgoʻy boʻlsangiz, ana u narsalarni nomlari bilan Menga aytib beringiz!” (Qurʼoni karim Baqara surasi 31 oyat),

musulmonlarning insonlar ichida eng buyuk ustozi – PAYGʻAMBARIMIZ MUHAMMAD ALAYHISSALOMDIRLAR!

Har bir inson zoti uchun esa eng birinchi ustozi – uning OTA-ONASIDIR! Zero uni tarbiyalashni hali bu dunyoga kelmasidan oldinroq boshlaydi. Tugʻilishi bilanoq to ota-onaning oʻzi bu dunyodan oʻtmaguncha, oʻz farzandiga mehribonlik qilib oʻtadi…

Shuning uchun ham har bir aql-zakovatli, fahm-farosatli odam “Ustozlar va murabbiylar” bayram kunida ham eng birinchi boʻlib oʻzining doimiy peshqadamlari boʻlmish oʻz ota-onasidan boshlab, ustoz va murabbiylarini koʻngillarini shod qilib, bebaho, betakror va beqiyos duolaridan bahramand boʻlishga shoshiladi.

Yangi oʻquv yili ham boshlanib, farzandlarimiz ulugʻ va muqaddas, mashaqqatli va sersavob ish boʻlmish – ilm olishga kirishdilar… Biz, ota-onalar, farzandlarimizni ulgʻayishida, ilm olib, bilimli boʻlishlarida koʻp jihatlariga serqirrali eʼtiborimizni berishimizda quyidagi purmaʼnoli, sermazmunli tarafini ham eʼtiborga olishimizni muqaddas dinimiz amr-farmon qilib buyuradi.

Shunchalik ulugʻ (!) darajaga ustozning mavqeʼi koʻtarilgan. “Ustoz” deganda faqat maʼlum bir sohada yoki faqat ilm sohasida emas, balki ilm-fanning barcha turlarida, kasb-hunar sohalarida ham oʻrgatuvchini biz USTOZ deb tushunishimiz lozim! Shuning uchun ham bizning dono xalqimiz hurmat va ehtirom ila eʼzozlab “USTOZ” deydi.

Kunlardan bir kuni hazrat Navoiy
Sayr aylamakni qildi ixtiyor.
Mulozimlar ila chiqdilar yoʻlga
Va kichik bolaga keldilar duchor.
Oʻshanda Navoiy otidan tushib,
Oʻsha yosh bolaga qilibdi taʼzim.
Mulozimlar hayron, ayonlari lol –
Bunday uchrashuvdan qolibdilar jim.
Bir ayon qoʻlini koʻksiga qoʻyib,
Soʻrabdi: «Hazratim. Bu qandayin hol?
Siz bolaga emas, balki u sizga qilib taʼzim,
Salom berishi dushvor!»
Navoiy debdiki, men koʻrgan bola
Ustozim – bolaning bobosi edi.
Olislarda qolib ketgan damlarning
Uzoqlardan kelgan sadosi edi…
Ustozim men uchun otadan ulugʻ,
Shuning chun bolaga qildim men taʼzim.
Ustozimdan qolgan nevarasiga
Salom bermasligim – gunohu azim!

Qurʼoni karim oyati karimalari va muborak hadisi shariflarga asoslangan holda oʻquvchi, ilm oʻrganuvchini, kasb-hunar oʻrganuvchini ustoziga nisbatan muomalayu madaniyatni shariatimiz belgilab bergan:

1) Ustozga birinchi boʻlib salom bering!
2) Ustoz oldida mavzuga oid boʻlmagan ortiqcha gap-soʻzlar gapirmang!
3) Ustoz soʻramagan narsalardan tilingizni tiying!
4) Savol berishdan oldin ruxsat soʻrang!
5) Ustozning gapiga yoki javobiga eʼtiroz bildirmang!
6) Ustoz xatosini aytib, bilimdon ekanligingizni koʻrsatmang!
7) Ustoz oldida yon sherigingiz bilan suhbatlashish juda xunuk ishdir.
8) Ustozni hurmat qilgan oʻquvchi har tarafga qarab oʻtirishdan oʻzini tiyadi va diqqatini oʻqituvchisiga qaratadi.
9) Yurayotgan holatda savol berish hurmatsizlik hisoblanadi.
10) Ustoz oʻrnidan turdimi, siz ham turing!
11) Ustoz oldingizda ekan, hech ham baland ohangda gapirmang!
12) Iloji boʻlsa taʼlim beruvchiga ism-sharifi bilan emas, balki “Muallim” yoki “Ustoz” deb murojaat qiling!

Agar inson bilim yoʻlida ketayotgan ekan, Paygʻambarimiz Muhammad sallallohu alayhi va sallamning nurlari tomon borayotgan ekan, bu asosiy qoidalarga rioya qilishi lozim.

Baʼzida odob, hurmat qoidalariga boʻysunmay, oʻqituvchi, ustozidan bilim olayotganlar ham bor.

Toʻgʻri, inson ustozini oldida kitob oʻqishi, biror-bir hunar oʻrganishi yoki fan bilimlarini olishi mumkin. Lekin ustoziga hurmat boʻlmasa, bu kabi bilimlar oddiy maʼlumotga aylanadi. Bunday bilimda baraka boʻlmaydi!

Azozilni eslaylik… Hozir uning ismi Shayton. Bilimga ega, hattoki boshqa farishtalarga ham saboq bergan. Xoʻsh, shunday bilimlar toʻgʻri yoʻldan adashishidan Azozilni qutqarib qola oldimi? Yoʻq, chunki Allohni hurmat qilmadi, eʼtiroz bildirdi. Beodoblik qildi. Yaratganning buyrugʻiga boʻysunmadi. Betgachoparlik qilib, magʻrurligini namoyon etgani uchun laʼnatlangan va haydalgan.

Hozirgi kunda odamlarni nojoʻya yoʻllarga yetaklayotgan, jamoatda qarama-qarshi qarashlar paydo qilayotgan, oʻzlari ham adashgan “aqlli”lar qanday paydo boʻlganini anglab olishimiz mumkin. Bular ustoziga va boshqa olimlarga nisbatan odobni qoʻllamagan, hurmatni bilmagan, oʻz bilimlarini toʻgʻri yoʻlga sola olmaganlardir.

Ulamolarimizning aytishlaricha, 7 xil insonlar oʻrtasida hech qachon tenglik boʻlmas ekan.

Bu tengsizlikni ALLOH TAOLONING OʻZI () oʻrnatgan! Aqlsiz odamgina bularni tenglashtiradi:

1) erkak – ayol;
2) er – xotin;
3) ustoz – shogird;
4) katta – kichik;
5) ota-ona – farzand;
6) ilmli – ilmsiz;
7) rahbar – xodim.

ALLOH TAOLONING OʻZI () oʻrnatgan tengsizlikni buzishga harakat qilganni oxir-oqibat ALLOH TAOLONING OʻZI holini voy qiladi.

Imom Aʼzam Abu Hanifa rahmatullohi alayhidan rivoyat qilinadi:

“Ustozim Hammodning hurmatlari uchun u zotning uylari tomonga oyogʻimni uzatmaganman.

Holbuki, u zotning uylari bilan mening uyim orasida yettita koʻcha bor edi.

Ustoz Hammodning vafotlaridan soʻng qachon namoz oʻqisam, har safar albatta ota-onamga qoʻshib, u zotga ham Allohdan magʻfirat soʻrayman.

Nafaqat u zot, balki kimdan nimadir oʻrgangan boʻlsam yoki kimdir menga nimadir oʻrgatgan boʻlsa, albatta oʻsha kishilar uchun ham doim Allohdan magʻfirat soʻrayman”.

Dono xalqimizni oʻz maqollarida ham “Ustoz otadek ulugʻ!” va “Ustoz otangdan ulugʻ!” deb aytishlarida ham juda koʻp maʼnolar bor. Zero, bu ulugʻ hikmatlar elning ellik ming elagidan oʻtkazilib, keyin muomalaga qoʻyilgan. Iloho oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Alloh taolo Qurʼoni karimda buyurgan, janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadisi shariflarida tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizni ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni barchamizga nasib etsin!

Ibrohim INOMOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …