Home / FOTO LAVHALAR / TASAVVUF TARIQATLARI – TINCHLIKPARVARLIK VA INSONIYLIK NAMUNASI

TASAVVUF TARIQATLARI – TINCHLIKPARVARLIK VA INSONIYLIK NAMUNASI

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Ahmad Yassaviy nomidagi qozoq-turk xalqaro universiteti va Nur-Muborak Misr islom madaniyati universiteti huzuridagi Abu Hanifa ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo tasavvuf tariqatlarining ijtimoiy hayotdagi roli” mavzusida xalqaro onlayn konferensiya oʻtkazildi.

Mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar mazmun-mohiyatini mahalliy va xalqaro jamoatchilik orasida keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan konferensiyada Oʻzbekiston, Turkiya va Qozogʻistondan 20 ga yaqin ekspert va olimning maʼruzalari tinglandi. Anjuman ishini mustaqil tadqiqotchilar va qiziquvchi tinglovchilar jami 40 nuqtadan turib kuzatib bordi.

Konferensiya ochilishida tasavvuf taʼlimotining hozirgi globallashuv jarayonlarida tutgan oʻrni hamda islom tamadduni taraqqiyotiga taʼsir koʻrsatuvchi omil sifatida tinchlikparvarlik, adolatpeshalik, gumanizmni targʻib etishdagi ulkan salohiyati haqida soʻz bordi.

 

Anjumanda Movarounnahr, xususan, bugungi Oʻzbekiston hududida shakllangan kubroviya, xojagon, yassaviya, naqshbandiya kabi tasavvuf tariqatlari, islom olamida chuqur iz qoldirgan diniy-falsafiy taʼlimotlarning tafakkur rivojiga qoʻshgan hissasi atroflicha yoritildi. Maʼruzachilar Xoja Ahmad Yassaviy taʼlimotining mohiyati, naqshbandiya tariqatining vujudga kelishi va oʻziga xos jihatlari, Yassaviy va qozoq adabiy merosi, naqshbandiylikning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi oʻrni, epigrafik yodgorliklarda tasavvufiy sheʼriyat, Oʻrta Osiyo tariqatlarining ichki madaniyatidagi oʻxshashliklar, “Tasavvuf” atamasining Markaziy Osiyoga kirib kelishi, mintaqamizda qalandarlik tariqatining paydo boʻlishi va yorqin qirralari, Ahmad Yassaviy taʼlimotining turkiy xalqlar uchun ahamiyati kabi mavzular doirasida ilmiy maʼlumotlar bilan oʻrtoqlashdi.

Darhaqiqat, tasavvuf tariqatlari musulmonlar axloqi va dunyoqarashini shakllantirishga katta taʼsir koʻrsatib, ularning nafaqat ruhiy-maʼnaviy, balki ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotida ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu sababli dunyo boʻylab tasavvuf tariqati bilan bogʻliq jarayonlar ustuvor mavzular sifatida oʻrganib kelinmoqda. Islom olamidagi qator ilmiy tadqiqot markazlarida tasavvuf taʼlimoti, tariqatlar ichida naqshbandiyaning oʻrni, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar bilan bogʻliqligi, yoyilishi, maʼnaviy silsilasi, tariqat namoyandalarining oʻzaro munosabati, zikrning maxfiy va jahriy koʻrinishlari ulkan hududlar boʻylab keng tarqalishiga doir tadqiqotlar olib borilmoqda.

Ishtirokchilar Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda tasavvuf tariqatlari faoliyati va ilmiy-maʼrifiy merosini tadqiq qilishga qaratilayotgan yuksak eʼtiborni alohida eʼtirof etdi. Tasavvuf tariqatlari gʻoyalarining Markaziy Osiyoga keng tarqalishi, turli suluklar namoyandalari va ularning maʼnaviy hayotda tutgan oʻrni borasida yangi ilmiy maʼlumotlar yuzaga chiqayotgan jarayonda mazkur ragʻbat gʻoyat ahamiyatlidir.

Konferensiyada, shuningdek, mamlakatimizda milliy maʼnaviyatimiz, milliy gʻoyamiz va umuman, davlatimiz siyosatida alohida oʻrin tutgan inson omili, uning oliy qadriyat darajasiga olib chiqilishi ham tasavvuf falsafasidagi hayotbaxsh gʻoyalar kabi olijanob maqsadlarga xizmat qilishi alohida taʼkidlandi.

Anjuman soʻngida olim va ekspertlar maʼruzalarini elektron toʻplam shaklida eʼlon qilishga kelishib olindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …