Home / MAQOLALAR / DUO IBODATLARNING ILIGIDIR

DUO IBODATLARNING ILIGIDIR

Duo – Alloh bilan banda oʻrtasini bogʻlovchi bir vosita. Duo soʻzi (دُعَاءٌ) chaqirish, nido qilish, daʼvat, iltijo, yordam soʻramoq, oʻtinch, qargʻish (duoibad) maʼnolarini bildiradi. Allohga duoi iltijo qilishi bandaning fitratida bor boʻlib, hayotining ajralmas qismi va tabiiy ehtiyoji hisoblanadi. Bu ishni qalbida imoni mustahkam, qalb koʻzi ochiq, oʻzining kimligini anglagan, kibru havosi boʻlmagan kishilar amalga oshiradi. Duo va ibodat – xoh soʻzdan, xoh amaldan iborat boʻlsin – bandaning Haq taolo oldida ojiz va gunohkor ekanini tan olgan holda, Unga roziligi va magʻfiratini soʻrab, iltijo qilishi tushuniladi. Shu bois har bir banda, albatta, barcha istaklarining roʻyobi uchun istagan yerda va har qanday vaziyatda Alloh taologa duoi iltijo qiladi.

“Gʻofir” surasining 60-oyatida bunday marhamat qilinadi:

وَقَالَ رَبُّكُمُ ادْعُونِي أَسْتَجِبْ لَكُمْ إِنَّ الَّذِينَ يَسْتَكْبِرُونَ عَنْ عِبَادَتِي سَيَدْخُلُونَ جَهَنَّمَ دَاخِرِينَ.

“Rabbingiz: “Menga duo qiling, sizga mustajob qilay! Albatta, Mening ibodatimdan kibr qilganlar jahannamga xoru zor hollarida kirurlar”, dedi”[1].

          Mazkur oyatda Alloh taolo bandalarga oʻziga duo qilishni buyurish bilan birga, uni ijobat qilishni vaʼda qilmoqda. Shuningdek, oʻzini katta olib Alloh taologa toat-ibodat va duo qilishdan kibrlangan (“barcha ishlarni oʻzim qoyillatib qoʻyaman, menga hech kimning koʻmagi kerak emas” deb, mutakabbirlik qilgan) kishilar, tezda xor-zor holda jahannamga kirishi muqarrarligidan ogohlantirmoqda. Shuning uchun ham banda hech qachon Alloh taologa duoi iltijodan kibru havo qilmasligi lozim.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam har bir inson hojati ravo boʻlishini faqatgina Alloh taolodan soʻrab, duo qilishi zarurligi, kibru havoga berilib, duo qilmaslik Uning gʻazabiga duchor boʻlishga olib kelishidan ogohlantirgan holda, bunday marhamat qilganlar:

عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ قَالَ : قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى الله عَليْهِ وسَلَّمَ :”مَنْ لَمْ يَدْعُ اللَّهَ سُبْحَانَهُ، غَضِبَ عَلَيْهِ”.[2]

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kimki Alloh subhonahu va taologa duo-iltijo qilmasa, (Alloh) unga gʻazab qiladi”, dedilar.

Duo bandalik vazifalaridan sanaladi. Ayrim toifa odamlarning esa bu haqdagi tushunchasi juda sayoz boʻlib, ular duoni eng soʻnggi chora oʻlaroq, barcha imkoniyatlarni ishga solib, oʻylagani amalga oshmagandan keyingina qoʻllash mumkin boʻlgan najot yoʻli sifatida koʻradi. Qiyin ahvoldan chiqqach, boshiga yana bir tashvish tushmaguncha Allohni yod etish xayolining chetidan ham oʻtmaydi. Bundaylar Allohning borligi, birligi, buyukligi, har narsaga qodirligi, bandalarining ahvolidan doimiy ogohligi toʻgʻrisida, duosining qabul boʻlish-boʻlmasligi haqida mutlaqo tushunchaga ega emas. Albatta, bu Allohga xush kelmaydi.

Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam duo barcha ibodatlarni quvvatlovchi manba ekanini taʼkidlab, bunday marhamat qilganlar:

عَن أَنَسِ بنِ مَالِكٍ عَن النبيّ صلى الله عليه وسلم قَالَ “الدّعَاءُ مُخّ العِبَادَةِ”.[3]

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Duo ibodatlarning iligidir”, dedilar”.

Albatta, tanadagi ilik barcha aʼzolar uchun quvvat manbaidir. Ibodatlarning iligi esa duo ekan. U bilan bandalarning ibodatlari quvvatlanadi. Chunki, duo ibodatlarga oʻzgacha ruh baxsh etadi.

Duoning ahamiyati “Furqon” surasining 77-oyatida quyidagicha bayon qilingan:

قُلْ مَا يَعْبَأُ بِكُمْ رَبِّي لَوْلاَ دُعَاؤُكُمْ …

(Ey Muhammad! Mushriklarga) ayting: “Agar duolaringiz boʻlmaganda, Parvardigorim sizlarga parvo qilmas edi…”[4]

Inson Allohning ojiz bir bandasi va doimo Uning yordamiga muhtoj ekanligini anglasa, Yaratgan zot hamisha oʻzi bilan birgaligi, qalbidagi zarradek tuygʻulardan ham boxabarligi va orzu-niyatlarini roʻyobga chiqarayotganini ich-ichidan his qiladi. Shu sababli kishi Allohga yuzlanar ekan, samimiyat bilan gunoh va xatolarini eʼtirof etgan holda yordam soʻrab, qalban iltijo qilishi lozim.

Insonning istak va ehtiyojlari koʻp. Uning duo qilishi uchun muayyan vaqt va makon belgilanmagan. Qachon duoga ehtiyoj sezsa, oʻsha vaqtdayoq qoʻl ochishi mumkin. Bu borada Alloh taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qilgan:

فَإِذَا قَضَيْتُمُ الصَّلاَةَ فَاذْكُرُوا اللَّهَ قِيَامًا وَقُعُودًا وَعَلَىٰ جُنُوبِكُمْ

Namozni ado etib boʻlganingizdan soʻng, turgan, oʻtirgan va yonboshlagan hollaringizda (ham doim) Allohni yod eting!” [5].

Mazkur oyatda namozni ado qilgandan keyin Allohni yod etib, Unga duo qilish mumkinligi bayon etilmoqda. Muhimi, taqozo etilgan vaziyat emas, balki, bandaning Allohga iymon-eʼtiqodi, ixlosi, uning xokisorlik va samimiyatidir.

عن أبي هريرة عن النبي صلى الله عليه و سلم قَالَ: “أَشْرَفُ الْعِبَادَةِ الدُّعَاءُ[6].

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ibodatning eng sharaflisi duodir”, dedilar.”

Bu hadis har bir insonda duoning naqadar ahamiyatli ekani haqida yetarlicha tasavvur hosil qiladi, albatta.

Xulosada shuni aytish mumkinki, Qurʼoni karimda duo mavzusi 209 marta zikr qilingan. Shuning oʻziyoq duoning shaʼni naqadar ulugʻligini, u qanchalik muhim ibodat ekanini anglatib turibdi. Duodan murod Alloh taoloning amriga itoat etish va uning huzurida oʻzini hojatmand, nochor va ojiz bir banda ekanini tan olishdir. Shu bois ham duo ibodatlarning iligi deb eʼtirof etilgan.

[1] Qurʼon Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Abdulaziz Mansur. – T.: TIU. 2004. –B. 474. “Gʻofir” surasi, 60-oyat.
[2] Abu Abdulloh Muhammad ibn Yazid ibn Moja. Sunanu Ibn Moja. – Ar-Riyod. Dorus salom. 1999. – B. 546. 3827-hadis.
[3] Abu Iso Muhammad ibn Iso Termiziy. Jomeʼut Termiziy. – Ar-Riyod. 1999. – B. 770. 3371-hadis.
[4] Qurʼon Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Abdulaziz Mansur. – T.: TIU. 2004. –B. 366. “Furqon” surasi, 77-oyat.
[5] Qurʼon Karim maʼnolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Abdulaziz Mansur. – T.: TIU. 2004. – B. 95. “Niso” surasi, 103-oyat.
[6] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy. Al-adab al-mufrad. – T.: Movarounnahr. 2013. 713-hadis. – B. 166.
Yoʻldoshxon ISAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …