Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi oʻrinbosari, Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) ijrochi kotibi Armida Alisjabana tashrif buyurdi.
Yuqori martabali mehmonni Markaz direktori Shovosil Ziyodov kutib olib, muzey bilan tanishtirdi va ilmiy faoliyatdagi muvaffaqiyatlar xususida maʼlumot berdi.
1947 yilda tashkil etilgan Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiya BMTning beshta mintaqaviy komissiyalaridan ham geografik koʻlami, ham aholi soni jihatidan eng kattasi hisoblanadi. Uning aʼzolari tarkibi sharqda Tinch okeanidagi Kiribati orol davlatidan gʻarbda Turkiyagacha, shimolda Rossiya va janubda Yangi Zelandiyagacha boʻlgan hududni qamrab oladi. Komissiya tarkibiga 53 mamlakat kiradi. A.Alisjabana mazkur komissiyaga 2018 yilda ijrochi kotib etib tayinlangan.
Alisjabana xonim mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar koʻlami va samaradorligini ijobiy baholab, yaratilgan ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi va boshqa ilmiy hamda taʼlim muassasalari tashkil qilinganini mazkur islohotlarning natijasi sifatida eʼtirof etdi.
Tashrif yakunida mehmonga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar nusxalari taqdim etildi.