Home / YANGILIKLAR / TINCH VA OSOYISHTA YURTDA YASHASh — BЕBAHO NEʼMAT

TINCH VA OSOYISHTA YURTDA YASHASh — BЕBAHO NEʼMAT

Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi xalqchil islohotlarga xayrixohlik va qatʼiy ishonch bilan qarab, bu oʻzgarishlarning samarasidan xursand boʻlyapti. Aholi farovonligi, xalq roziligi har qachongidan ham dolzarb masalaga aylandi.

Davlatimiz tomonidan 2022­2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi ishlab chiqildi. Shu asosda “Inson qadri uchun” degan ulugʻvor gʻoyani amalga oshirish vazifa qilib belgilandi.

“Insonlarning dardu tashvishlarini oʻylab yashash — odamiylikning eng oliy mezonidir” shiori ostida kechayotgan xayrli islohotlar ijobiy natijalarini berayotganini har qadamda koʻryapmiz. Aholi bandligini taʼminlash, ijtimoiy himoya, sogʻliqni saqlash, taʼlim, madaniyat, ilm-fan, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, keksalarni eʼzozlash, yoshlarga oid davlat siyosati, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglikni taʼminlash kabi qator masalalarda yuksak yutuqlar qoʻlga kiritildi. Iqtisod ham, maʼnaviyat ham, yurtimiz ravnaqi ham keng koʻlamda rivoj topdi. Taraqqiyotimizning yangi davrida insonlarning vijdon va eʼtiqod erkinligi huquqini taʼminlashga eʼtibor kuchaydi.

Sohada mutaxassis kadrlar zaxirasini yaratish maqsadida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, Mir Arab oliy madrasasi, Hadis ilmi oliy maktabi, 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurti, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyat koʻrsatyapti. Ularda hadis, kalom, fiqh va tasavvuf sirlari oʻrgatilayotgani bu boradagi ishlar koʻlami nechogʻliq keng ekanidan dalolat berib turibdi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markaziga tamal toshi qoʻyildi. Markaz oʻz gʻoyasi va ahamiyatiga koʻra betakror loyiha boʻlib, islom dinining ilmiy-maʼnaviy boyligi, bunyodkorlik salohiyatini namoyish etishga qaratilgan. Muhim jihati, u xalqning bunyodkorlik qudrati joʻsh urgan hozirgi zamonda Uchinchi Renessansning ilmiy-maʼnaviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshiradi hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qoʻshgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtiradi.

Markaz “Uchinchi Renessans — Yangi Oʻzbekiston” gʻoyasini keng targʻib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda oʻrganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi, moddiy-madaniy meros namunalarini, islom dini bilan bogʻliq qadimiy va boy anʼanalarni targʻib qiluvchi ilmiy-maʼrifiy bilim maskanidir.

Yurtimizda birinchi va ikkinchi Renessanslarga sababchi boʻlgan buyuk allomalarimizning muborak nomlari abadiylashtirildi. Shuningdek, ilk bor Prezidentimiz tashabbusi bilan “Imom Buxoriy” ordeni taʼsis etildi.

Allomalarning ilmiy meroslarini tadqiq qilishga keng eʼtibor qaratilmoqda. Soʻzimizning dalili sifatida soʻnggi yillarda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Hakim Termiziy, Abduxoliq Gʻijduvoniy, Burhoniddin Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband, Suzuk ota kabi allomalarimiz nomlari bilan bogʻliq qadamjolar, ziyoratgohlar tarixda kuzatilmagan darajada goʻzal loyihalar bilan obodonlashtirilganini keltirish mumkin.

Birgina Namangan viloyatidagi Sulton Uvays Qaraniy masjid-majmuasining yangi binosi ochilishi, Isʼhoqxon Ibrat nomidagi muzey, ilmiy maktab va bogʻ barpo qilinishi hamda Oʻn bir Ahmad ziyoratgohi qaytadan bunyod etilishi yurtdoshlarimizning quvonchiga yanada quvonch qoʻshdi.

Moʻmin-musulmonlarning umra va haj ziyoratlarini ado etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratildi. 2017 yilda ziyoratchilar koʻrsatkichi 7200 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bu yil raqamlar salmogʻi ancha ortgan. Qariyb 12 ming yurtdoshimiz haj qilishga musharraf boʻldi.

Abdulhay TURSUNOV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasining
Namangan viloyati vakili,
Namangan viloyati bosh imom-xatibi
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 28 avgust, 176(698) son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …