Home / YANGILIKLAR / BUYUK MUHADDIS Imom Buxoriyning ulugʻligi sabablari: dunyo olimlari nima deydi?

BUYUK MUHADDIS Imom Buxoriyning ulugʻligi sabablari: dunyo olimlari nima deydi?

2022 yil 15 avgustda Oʻzbekiston Prezidenti tomonidan “Imom Buxoriy” ordenini taʼsis etish toʻgʻrisidagi qonun imzolandi. Qonunga muvofiq, orden ikki darajadan iborat boʻlib, “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordeni hamda “Imom Buxoriy” ordeni koʻrinishida boʻladi. Mazkur orden bilan ilm-fan va madaniyat, jumladan, islom maʼrifati rivojiga hissa qoʻshgan buyuk alloma va mutafakkirlarning hayoti va ilmiy merosini oʻrganish hamda targʻib qilishda katta yutuqlarga erishgan vatandoshlar va xorijlik fuqarolar mukofotlanadi.

Prezidentimiz farmoni bilan Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi har tomonlama hamkorlikni izchil rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar sohalarda oʻzaro manfaatli qoʻshma dastur va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirishdagi ulkan hissasi uchun Saudiya Arabistoni Podshohi, Ikki muqaddas masjid xodimi Salmon bin Abdulaziz Ol Saud “Oliy darajali Imom Buxoriy” ordenining ilk sohibiga aylandi.

Yuksak mukofot Oʻzbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga davlat tashrifi chogʻida topshirildi.

Paygʻambarimiz (s.a.v.)ning muborak ruhi-poklari orom topgan Madinai munavvara shahrida Imom Buxoriy masjidi qad rostlab turibdi. Saudlar yurtida Imom Buxoriy vatandoshlariga hurmat-eʼtibor benihoya yuqori.

Darhaqiqat, buyuk vatandoshimiz Imom Buxoriy nomi bilan ataladigan masjidlar, qiroatxonalar, oliy taʼlim muassasalari, nashriyotlar, qadamjolarni kurrai zaminning turli burchaklarida uchratish mumkin. Dunyoning eng mashhur oliygohlaridan biri boʻlmish Oksford universiteti Islom tadqiqotlari markazining kirish qismidagi birinchi darsxona (auditoriya) Imom Buxoriy nomi bilan yuritiladi. Bu yerda dunyoning atoqli olimlari talabalar uchun maʼruzalar oʻqiydi, islom ilmining eng oxirgi yutuqlari jahon ahliga taqdim etiladi.

Imom Buxoriy buyuk muhaddis sifatida barcha musulmonlar tomonidan birdek ulugʻlanadi. Shunday ekan, “Buxoriyning buyukligi sabablari nimada”, U haqida dunyo olimlari qanday fikrda, umuman, dunyo olimlari Buxoriy haqida nimalar biladi va uning merosini qanday baholaydi” kabi savollar tugʻilishi tabiiy.

Bu savollarga javob topish uchun xorijiy tillarda bitilgan asarlarga nazar tashlamoq joiz. Qolaversa, Imom Buxoriyning muhaddislik faoliyatiga oid xorijiy manbalarni bilish va ommalashtirish mamlakatimizda uning merosini oʻrganish ishlariga koʻmak beradi. Tan olishimiz kerakki, biz buyuk allomalarimiz haqida juda kam bilamiz. Shu bois, Imom Buxoriy haqida dunyo olimlari asarlari bilan tanishish foydadan xoli boʻlmaydi.

Hadislar islomda Qurʼoni karimdan keyingi oʻrinda keluvchi muhim manba sanaladi. Ular ijtimoiy hayotning muqaddas kitobda koʻzda tutilmagan masalalariga yechimlar taqdim etadi. Hadislar oʻzida sunnani mujassamlashtiradi. Yaʼni sunna hadislarda oʻz aksini topgan va ular orqali keyingi avlodlarga yetkazilgan.

Xalifalar davridan keyin hadis ilmi taraqqiy eta boshladi. Hadis ilmi nafaqat hadislarni yigʻish, balki ularning sahihlarini soxta va toʻqimalaridan ajratish, tizimlashtirish, tasniflash va sharhlashga qaratilgan saʼy-harakatlarni oʻz ichiga oladi. VIII asrdayoq hadislar soni haddan ziyod koʻpayib ketib, sahihlarini alohida ajratib olish va tizimlashtirish zarurati yuzaga keladi.

IX asr (hijriy III asr) hadis ilmining gullab-yashnagan davri boʻldi. Sahih hadislarni soxta va toʻqimalardan ajratib olishga toʻliq muvaffaq boʻlindi. Oltita eng sahih hadislar toʻplami — “Sihohi sitta” (“Sihah Sittah”) yaratildi. Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy (vafoti milodiy 870/hijriy 256 y.), Muslim ibn al-Hajjoj (vafoti milodiy 875/hijriy 261 y.), Muhammad ibn Iso at-Termiziy (vafoti milodiy 892/hijriy 279 y.)ning “Jomeʼ as-sahih”lari va Abu Dovud Sulaymon (vafoti milodiy 889/hijriy 275 y.), Ahmad ibn Shuayb an-Nasoiy (vafoti milodiy 915/hijriy 303 y.), Ibn Moja al-Qazviniy (vafoti milodiy 886/hijriy 273 y.) ning “Sunan”lari mana shu davrda dunyoga keldi.

Bular orasida dunyo boʻylab eng koʻp tarqalgani Imom Buxoriyning sahih hadislar toʻplamidir. Aksariyat manbalarda Imom Buxoriy 600 mingta hadisdan 200 mingtasini yod bilgani, shundan 7275 tasini sahih sifatida taqdim qilgani qayd etiladi.

Imom Buxoriyning sahih hadislar toʻplami asli arab tilida bitilgan, keyinchalik koʻplab xorijiy tillarga tarjima qilingan hamda qayta va qayta nashr etilgan. Ularning eng koʻp tarqalgan tarjimalari ingliz tilida boʻlib, aksariyati Buyuk Britaniya kutubxonalarida saqlanadi. Imom Buxoriyning oʻzi haqidagi asarlar ham turli tillarda bitilgan boʻlsa-da, ularning eng ommalashganlari ingliz tilidadir. Islom dini keng yoyilgan Indoneziya, Malayziya, Bangladesh, Pokiston, Nigeriya, baʼzi arab davlatlari va qisman Hindistonda ingliz tilining rasmiy va ilm-fan tili sifatidagi maqomi buning sabablaridan biri boʻlishi mumkin. Shu bois, Imom Buxoriy haqida maʼlumot beruvchi manbalar ichida ingliz tilida yozilgan yoki mahalliy tillardan ingliz tiliga tarjima qilinganlari salmoqli oʻrin egallaydi.

Imom Buxoriyning hayoti va faoliyatiga bevosita bagʻishlangan monografik asarlar nisbatan kam uchraydi. Chunki buyuk alloma haqida asar yozishga jurʼat etadigan qalam sohiblari barcha zamonlarda sanoqli boʻlgan. Ammo islomshunoslikning turli mavzulari doirasida Imom Buxoriy va uning faoliyati haqida soʻz yuritilgan bilvosita asarlar talaygina. Bunday asarlarda alloma haqida toʻliq maʼlumotlar berilmasa-da, ulugʻ muhaddis shaxsining u yoki bu qirralari turli mavzular ohangida bayon etiladi.

Yevropa tillarida islomshunoslik, ayniqsa, islom tarixi va manbashunosligi sohasida yozilgan asarlarning deyarli barchasida Imom Buxoriy nomi va uning “Sahih”i qayd etiladi. Yevropalik mumtoz islomshunoslar Jozef Shaxt, Ignas Goldsiyer, Xarald Moski va boshqalarning asarlarida ham hadis bobida Imom Buxoriyga murojaat qilinadi. Yevropa va Sharq islomshunoslari Buxoriyning “Al-Jomiʼ as-sahih” asarini eng ishonchli manba sifatida qayd etadi.

Oxirgi 15 yillik davrni olsak, Imom Buxoriy haqida ingliz tilida yozilgan monografik asarlar sirasiga asli pokistonlik boʻlgan doktor Hasan Abdul Jabborning 2007 yilda Oksfordda nashr qilingan “Buxoriy” asarini kiritish mumkin. Unda Imom Buxoriyning hayoti va faoliyatiga oid mumtoz manbalarga havolalar qilinadi. Asarda Imom Buxoriyning hayoti, talabalik davrlari, sayohatlari va hadis ilmidagi bemisl oʻrni xususida qiziqarli maʼlumotlar beriladi. Doktor Abdul Jabbor Imom Buxoriyning tugʻma xotira sohibi boʻlganini bir necha marta taʼkidlaydi va manbalarga tayangan holda aniq misollar bilan batafsil taʼriflaydi. Uning yozishicha, Imom Buxoriy faqat tugʻma xotira bilan cheklanib qolmagan, balki oʻz quvvai hofizasini muttasil kuchaytirib borgan. Muallifga koʻra, Buxoriy bir shaharda eshitgan hadisini oʻsha joyning oʻzidayoq yozib olmagan, balki uni muayyan muddat xotirasida saqlab yurgan va keyingi shaharga yetib borgandagina oʻzi uchun qayd qilib yozib qoʻygan. Imom Buxoriy 16 yillik mehnatdan soʻng, 39 yoshida “Sahih”ni yozib tugatgach, umrining qolgan qismini hadis saboqlariga baxshida etadi. Muallifning bildirishicha, Buxoriy yurtma-yurt kezib, 90 mingdan ortiq talabaga shaxsan oʻzi sahih hadislarni yetkazgan. Asarda Muhammad (s.a.v.)ga muhabbat va ixlos Buxoriyni buyuklik sari yetaklagan omil ekaniga ishora qilinadi. Shuningdek, buyuk muhaddisning soʻnggi kunlari va oʻlimidan oldingi vasiyati haqida maʼlumot beriladi.

Imom Buxoriy ilmda xolis, insoniylikda esa juda xokisor boʻlgan. Muhaddis Xurosonda bir muddat yashagan paytlarida viloyat hukmdori Xolid al-Zuhaliy Buxoriydan uning xonadoniga kelib, farzandlariga “Sahih” va hadis ilmidan saboq berishini soʻraydi. Buxoriy uning taklifini rad etadi. U Xolidga uning farzandlarini oʻz talabalari orasida koʻrishdan xursand boʻlishini, ammo uning uyiga alohida dars berish uchun bora olmasligini maʼlum qiladi.

Yana bir manba sifatida Imom Buxoriy “Sahih”ining ingliz tilidagi 9, 3 va 2 tomlik tarjima nashrlarini keltirish mumkin. Ularning muqaddimasida buyuk muhaddis haqida qisqacha maʼlumotlar beriladi. Xususan, Madina al-Munavvara Islom universiteti doktori Muhammad Muhsin Xon tomonidan ingliz tilidagi 9 tomlik “Sahih al-Buxoriy maʼnolarining tarjimasi” asarining kirish qismida aytilishicha, “Mashhur boʻlishiga qaramay, Buxoriy haqqoniyligi va xokisorligi bois, hukmdorlardan oʻzini uzoq tutardi. Ularning raʼyiga qarab, biror notoʻgʻri soʻz aytib qoʻyishdan oʻzini tiyardi. Zotan, oʻsha zamonlarda aksar olimlar hukmdorlarning nazariga tushish uchungina hadis ilmi bilan shugʻullanardi”.

Nigeriyalik islom huquqshunos olimi Rahmon Doiyning Londonda chop etilgan va keng tarqalgan “Islom huquqi” kitobida keltirilishicha, Buxoriy hadislarni saralash jarayonida ularning musulmonlar yashash tarzi va kundalik hayoti uchun qanchalik ahamiyat kasb etishini ham eʼtiborga olgan. U hadislar musulmonlar uchun barcha sohada oq va qorani ajratib beruvchi qoʻllanma boʻlishi zarur, deb hisoblagan.

Yuqorida eslatilgan oltita sahih hadislar toʻplami (Sihohi sitta) orasida Buxoriy va Muslim tomonidan yaratilgan “ikki sahih” (“as-sahihayn”) eng mashhurlaridir. Ularning ikkisi oʻrtasida nisbiylik oʻtkazilganda, Imom Buxoriyning hadislariga ustuvorlik beriladi. Malayziyada 2008 yilda chop etilgan “Hadis va sunna” kitobida Imom Buxoriyga bagʻishlangan kichkina boʻlim mavjud boʻlib, unda mualliflardan biri Muhammad Ali Imom Buxoriyning ustunligini asoslab beradi. Xuddi shunday yondashuv Said Abdullo tomonidan 2006 yilda Nyu-York va Londonda chop etilgan “Islom taʼlimoti” asarida uchraydi.

Mualliflar Imom Buxoriyning Imom Muslimdan ustunligini quyidagicha izohlaydi:

birinchidan, Imom Buxoriy Imom Muslimdan koʻra koʻproq hadis yigʻishga muvaffaq boʻlgan. Buxoriy 600 mingta hadisdan 7275 tasini, yaʼni ularning bor-yoʻgʻi 1,5 foizini sahih sifatida tanlab olgan. Muslim Nishopuriy esa 300 mingta hadis toʻplagan boʻlib, shundan 12 mingtasini, yaʼni 4 foizini saralab olgan. Mazkur miqdoriy koʻrsatkichlar Imom Buxoriy tomonidan juda katta hajmdagi ish oʻta sinchkovlik bilan amalga oshirilganidan darak beradi;

ikkinchidan, har ikki muhaddis tomonidan hadis rivoyat qiluvchi roviylarga qatʼiy talablar qoʻyilgan, ayniqsa, Buxoriy ularning ziyolilik darajasi va akademik salohiyatiga alohida eʼtibor qaratgan. Buxoriyning saralash mezonlariga koʻra, ayni bir hadisni ketma-ketlikda naql qilayotgan ikki roviy (hadis yetkazuvchi)ning har biri oʻz ustozidan ayricha taʼlim olgan boʻlishi, ayni bir zamonda va makonda yashagan boʻlishi va albatta, bir-biri bilan yuzma-yuz uchrashib, biri ikkinchisidan tegishli hadisni oʻzlashtirgan boʻlishi lozim. Muslim roviylarga bunday talab qoʻymagan: ikki roviyning ayni bir zamonda va mintaqada yashaganining oʻzi kifoya, ular oʻzaro uchrashib, bir-biridan hadis oʻrganganini isbotlash shart emas, deb hisoblagan. Xuddi shu joyda Muslimning sahih hadislarni saralash mezoni boʻyicha roviylar oʻrtasidagi uzviylik talabi Buxoriy talabidan koʻra zaifroqligini namoyon qiladi. Shu bois, Buxoriy hadislari islomda Qurʼondan keyingi eng ishonchli manba sifatida koʻriladi.

Umuman, Imom Buxoriyni boshqa muhaddislar bilan taqqoslaganda, uning quyidagi ustunliklari koʻzga tashlanadi:

birinchidan, Imom Buxoriy hadis ilmi gurkiragan davrda yashab oʻtgan va oltita sahih muhaddisning eng yoshi ulugʻi boʻlgan. Buning ahamiyati shundaki, boshqa yirik muhaddislar uning toʻplamidan andoza olgan va hadis bilan bogʻliq mavzularda Imom Buxoriyga suyangan, hadis toʻplash va ularni saralashda uslubiy jihatdan uning izidan borgan;

ikkinchidan, Imom Buxoriy hadislarning sahihligini tekshirishda juda tanqidiy yondashgan, har bir dalilni sinchkovlik bilan tekshirgan va ushbu ulugʻ vazifaga oʻzini butunlay baxshida etgan;

uchinchidan, Buxoriy tabiatan oʻta ziyrak, oʻtkir zakovat va aqliy salohiyat sohibi, tugʻma isteʼdod va kuchli xotira egasi boʻlgan. Uning bu xislatlari koʻplab manbalarda oʻz isbotiga ega;

toʻrtinchidan, Imom Buxoriy hadislar toʻplamidagi har bir bobning Qurʼoni karim matni bilan uzviyligini taʼminlagan. Bu bilan islomning ushbu ikki manbasini uygʻunlashtirgan va hadislar vositasida Qurʼonni tushunish va anglab olishni osonlashtirgan;

beshinchidan, Buxoriy hadislar toʻplamini yaratishda usuli fiqh meʼyorlariga rioya etishga harakat qilgan. Boshqacha aytganda, Imom Buxoriy hadislarga shunday tartib berganki, natijada birlamchi manbadan hukm hosil qilish faqihlar uchun qulaylik tugʻdirgan. Islomshunoslar Imom Buxoriy usul al-fiqhdan toʻliq xabardor boʻlganini taxmin qiladi.

Buxoriyning hadis ilmi rivojiga qoʻshgan hissasi betakrordir, uning hadislar toʻplami esa favqulodda mukammallik kasb etadi. Shu bois, Imom Buxoriy hadislari butun islom dunyosida keng tarqaldi, uning oʻzi buyuk muhaddis sifatida shuhrat qozondi.

Haydarali YUNUSOV,
OʻzFA Davlat va huquq instituti katta ilmiy xodimi,
Oksford universiteti islom tadqiqotlari markazining
Imom Buxoriy va Imom Termiziy granti sovrindori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 24 avgust, 172(694) son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …