Xalqaro terrorizm – destruktiv kuch.
Xalqaro terrorizm ayniqsa, XXI asrda oʻzining destruktiv qiyofasini oshkora namoyish qilmoqda. Terrorizmning oʻng va soʻl kuchlari ayniqsa, diniy omilga alohida eʼtibor qaratmoqda, chunki diniy ekstremizm xalqaro terrorizmning eng effektiv tayanchi hisoblanadi. Dinda qadimdan diniy apologetika vositasida dindorlarni ayblash, qoʻrqitish, jazolash terroristlarning ishonchli va qulay vositasi boʻlgan. Bu vositalardan hukmron kuchlar oʻz taʼsir doirasini kengaytirish, hukmini oʻtkazish oʻzga mamlakatlarni tobe qilish maqsadida foydalanishgan.
Bu holat bugungi kunda ham yanada shafqatsiz, yanada zoʻravonlik, yanada hiyla va nayrang yoʻllari bilan amalga oshirilmoqda. Destruktiv kuchlar dunyo ustidan chegaralanmagan hukmronligini amalga oshirish uchun hech bir jinoyatdan, razillikdan qaytmaydi. Ular dunyoda mamlakatlarni, irqlarni, millatlarni va diniy konfessiyalarni bir-biriga qarama-qarshi qoʻyishi, ular orasiga fitna urugʻini sochish orqali oʻzlarning manfaatlarini qondirishga, oʻzga mamlakatlarni qaram qilishga, xomashyo bazasiga aylantirishga, aholisini esa muhtoj qullarga aylantirishga intilishi yaqqol koʻzga tashlanmoqda. Bu hodisalar XXI asrda nihoyatda avjiga chiqdi.
Destruktiv kuchlar terrorchi guruhlar tayyorlashda diniy konfessiyalar ichidagi ziddiyatlarni boʻrttirish va ularni bir-biriga qarama qarshi qoʻyish orqali amalga oshirishadi. Masalan, 1988 yili Usama Ben Laden rahbarligida shakllantirilgan “Al-Qoida” terroristik guruhi vahhobiylik diniy fundamentalistik gʻoyalarga asoslanib, anʼanaviy islomga eʼtiqod qiluvchi musulmonlarga va shiya mazhabidagi musulmonlarga qarshi kurash olib borishdi[1]. Aslida bu harakatning mohiyatida Yaqin Sharq mamlakatlari hududida joylashgan boy uglevodorod xomashyosiga, neft va gaz zaxiralariga egalik qilish yotibdi. Shu bahonada ular farovon yashayotgan Suriya va Iroq xalqlarini qashshoqlashtirib ular ustidan hukmronlik qilish, dunyo xalqlari koʻziga islom dinini va Yaqin Sharqda yashovchi barcha musulmonlarni yovuz kuchlar qilib koʻrsatishga intilishmoqda.
Dunyo ustidan hukmronlik qilishga urinayotgan bu yovuz kuchlar Yer yuzida turli-tuman fitnalar uyushtirib, barqarorlik va tinchlikka, xalqlar oʻrtasidagi hamjihatlik va totuvlikka raxna solmoqda. Ular hatto oʻzlarining razil niyatlarini neomaltuschilik, yaʼni nikohda farzand koʻrishni rad etish gʻoyalari bilan kuchaytirishga, shu asnoda urush va notinchlikni, butun boshli millatlarni genotsid qilishga yoʻnaltirilgan qirgʻinlarni oqlashga intilishadi. Nima emish? Ularning nazdida urush va qirgʻinlar oqibatida Yer yuzida milliardlab odamlarni qirib tashlab, qolgan 1 milliard boy va farovon aholini saqlab qolsa, shu kifoya emish. Yer yuziga 1 milliard aholidan ziyodi ortiqcha yuk boʻlar emish. Bu oʻta razil zoʻravonlik falsafasi koʻplab multimilliarderlarning ongini zabt etgan. Bunday toifadagi kishilarga sogʻlom insoniy axloq, milliy qadriyatlar, mehr-shafqat va muruvvat tuygʻulari begona. Ular mana shu razil yoʻl bilan dunyoda yagona Jahon hukumatini oʻrnatishga, yer yuzida bitta til va bitta xalqni shakllantirishga zoʻr berib intilishmoqda.
Yer yuzining goʻzalligi xilma-xillikda
Ammo yer yuzining goʻzalligi uning xilma-xilligida, turli xalqlar, turli millatlar, turli dinlar va turli madaniyatlar rang-barangligidadir. Bu Yaratganning irodasi.
Hozirgi davrda turli xalqlar, turli sivilizatsiyalar bir-birini anglash, bir-birining urf-odat va anʼanalarini hurmat qilish yoʻlidan bormoqda. Qanchalik bir-birimizni anglasak, shu qadar bir-birimizga ruhan yaqinlashamiz. Dunyoning kelajagi xilma-xillikning oʻzaro birligida, hamjihatligida. Gegemonlikni, zoʻravonlikni, ustuvorlikni daʼvo qilayotgan kuchlarning kelajagi yoʻq. Insoniyat bunday gʻayriinsoniy zoʻravonlik harakatlarini qoralaydi va ularning razil niyatlariga ijtimoiy hamkorlikni, millatlar va xalqlararo hamjihatlikni, diniy konfessiyalararo bagʻrikenglikni qarshi qoʻyadi. Afsuski, bunday gʻoyalar qudratli kuch ekanini –ayrim insonlar toifasi hali anglab yetganicha yoʻq.
Hozirgi zamon terrorizmining asosiy quroli – aholi orasida qoʻrquv va dahshat tuygʻusini sochib, ularni oʻzlarining yovuz irodasiga boʻysundirish. Maqsad esa shu asosda dunyoning ijtimoiy birligini parchalab tashlash orqali dunyo ustidan hukm yuritishdan iborat.
Insoniyatni oʻzining tarixiy oʻtmishidan uzib tashlashga intilish.
Bu yoʻlda ular insoniyatni oʻzining tarixiy oʻtmishidan uzib tashlashga harakat qilishgan. Yaqin Sharqdagi qonli fojialarni amalga oshirish paytida kutubxonalar, qadimiy qoʻlyozmalar va arxivlarni yoqib yuborishdi, muzeylarni talon-taroj qilib, qadimiy osori-atiqalarni vayron qilishdi, Afgʻonistonda ming yillik tarixga ega ulugʻvor budda haykalini pulemyot va minomyotlarda oʻqqa tutishdi, Ukraina shaharlarida ham qadimiy kitoblar va tarixiy asarlarni maydonga olib chiqib yoqib yuborishdi. Terroristik amaliyotdan manfaatdor boʻlgan siyosiy doiralar bu xunrezliklarni islom terrorizmi nomi bilan atab islom dinini dunyoga “olaboʻji” qilib koʻrsatishga intilishdi. Buning oqibatida butun yer yuziga “islamofobiya” degan sotsial psixologik kasallik tarqaldi.
Terrorchilik amaliyotini qoʻllab-quvvatovchi kuchlar islom omilidan ustalik bilan foydalanayotgan islom shiori ostida kurashga chiqayotgan terrorchi guruhlarni mablagʻ va qurol-yarogʻ bilan taʼminlagan sari ayrim islomiy kuchlar ham radikallasha boshladi. Ular oʻz oldiga goʻyoki islom dinini tiklovchi va shariat qoidalari ostida faoliyat yurituvchi kishilar qilib koʻrsatishga intilib, Qurʼon hamda sunnatda keltirilgan buyruqlarni batafsil taʼminlovchi musulmon davlatini tuzish zarurligi haqidagi gʻoyalarni ham oʻrtaga tashlay boshlashdi[2]. Aslida yer yuzidagi davlatlar orasida islomiy teokratik davlatlar ham mavjud boʻlib, ular boshqa qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro hamjihatlikda davlat va jamiyat faoliyatini amalga oshirishmoqda. Bu munosabatlar islomdagi bagʻrikenglik tamoyillariga binoan ado etilmoqda. Haqiqiy demokratik davlatlar dunyoning boshqa davlatlari bilan oʻzaro bagʻrikenglik tamoyillariga asosan munosabatda boʻlishadi, ularning diniy eʼtiqodi, milliy qadriyatlari, irqi va boshqa oʻziga xos belgilaridan qatʼiy nazar oʻzaro manfaatdorlik nuqtai nazaridan bir-birini hurmat qiladilar. Agressiv davlatlar esa oʻz manfaatlariga mos kelmaydigan davlatlarni oʻziga dushman deb biladi. Bunday davlatlar terroristik amaliyotga moyil boʻladilar. Xalqaro terroristik tashkilotlar shunday davlatlarning buyurtmalarini bajarish yoʻlida sarmoya qiladilar.
Oʻzbekiston – koʻp millatli va koʻp konfessiyali yurt
Mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar oʻrtasidagi munosabatlar oʻzaro ishonch va hamjihatlikka asoslangan. Bugungi kunda Oʻzbekiston diyorida yuzdan ortiq millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya oʻzaro ahillikda, bir-biriga nisbatan bagʻrikenglikda (tolerantlikda) bir oila boʻlib istiqomat qilib kelmoqda.
Bu bagʻrikenglik, yaʼni oʻzaro tolerantlikka asoslangan doʻstona munosabatdir. Taniqli davlat va jamoat arboblari qudratimiz birlik va hamjihatlikda[3], diniy bagʻrikenglik – tinchlik kafolati[4], mahalla – hamjihatlik va bagʻrikenglik maskani[5], tolerantlik – eng katta boylik[6], millatlararo va dinlararo totuvlik – tinchlik va osoyishtalikning muhim omili[7], diniy bagʻrikenglik – tinchlik va barqarorlik garovidir[8], Oʻzbekiston – doʻstlik va bagʻrikenglik diyori[9], millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik – tinchlik va taraqqiyotimiz omili[10], millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik eng katta boyligimiz[11] deyishmoqda. Bu fikrlar Oʻzbekistonda millatlararo hamjihatlik va diniy bagʻrikenglik qay darajada yuksak qadrlanishini va amalda namoyon boʻlishini koʻrsatib turibdi. Xalqaro uyushgan jinoyatchilik guruhlari izmida faoliyat olib boruvchi terroristik guruhlar esa tinch-totuv yashayotgan mamlakatlarda qoʻporuvchilik faoliyatini olib borish orqali tinchlikka, barqarorlikka raxna solishmoqda. Buning oqibatida xalqlar notinchlikka, qashshoqlik va muhtojlikka duchor boʻlishadi, mamlakatning iqtisodiy va ijtimoiy ahvoli nochor holatga tushib qoladi, nogironlar, beva-bechoralar, yetimlar va muhtojlar soni oshib boradi. Bunday mamlakatlar ustidan hukmronlik qilish zoʻravonlarga qoʻl keladi.
Bugungi kunda bunday kuchlar keng xalq ommasining diniy bilimlari yetarli emasligidan foydalanib, diniy ekstremizm qiyofasida yurtimiz ahliga islom dinini aqidaparastlik koʻrinishidagi radikal gʻoyalar tarafdori qilib koʻrsatishga intilishmoqda.
Xulosa qilib aytganda, xalqaro uyushgan jinoyatchilik koʻrinishi boʻlgan diniy ekstremizm va diniy terrorizm aslida dinga, diniy konfessiyalarga aloqasi yoʻq, chunki islom dini mohiyat jihatidan tinchlik va osoyishtalikni, mehr-muruvvatni, bagʻrikenglikni, hamjihatlikni himoya qiluvchi, kishilarni toʻgʻrisoʻzlikka, adolatga, tenglikka, muhtojlarga muruvvat qilishga daʼvat etuvchi bunyodkor kuch.
Insoniyat taraqqiyoti turli millatlar va elatlar, turlicha qarashlar va turlicha diniy konfessiyalar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va hamjihatlikka asoslanib rivojlanadi.
Millatlararo, dinlararo mojarolarni qoʻzgʻashga intiluvchi kuchlar esa insoniyat ustidan hukmronlik qilishga, xalqlar va dinlarni oʻzlarining tarixiy ildizidan begonalashtirishga intilib keladi. Ular butun insoniyat dushmanidir.
Dunyoning kelajagini taʼminlovchi, millatlar va diniy konfessiyalar oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik va hamjihatlik, yer yuzida tinchlik va osoyishtalik garovi boʻlgan bagʻrikenglik – xalqimizning yuksak fazilatlaridan.
Shunday ekan, turli dinlarga mansub qadriyatlar asrab-avaylanayotgan, turli millat vakillariga oʻz eʼtiqodini amalga oshirishi uchun barcha zarur sharoitlar yaratib berilgan, dinlar va millatlararo hamjihatlikni yanada mustahkamlashga va ular oʻrtasida qadimiy mushtarak anʼanalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotgan mamlakatimizda barqaror taraqqiyotni taʼminlash, fuqaro huquq va erkinliklarini roʻyobga chiqarish, bagʻrikenglik qadriyatlari ustuvorligiga asoslangan demokratik jamiyat qurish yoʻlidagi saʼy-harakatlarni birlashtirishimiz va yoshlarimiz tarbiyasiga sidqidildan yondoshishimiz har birimiz uchun ham qarz, ham farz demakdir.
- Alimov U. Diniy bagʻrikenglik – tinchlik kafolati // Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.47-50.
- Burke J Al-Qaeda – a meaningless label // The Guardian — 12 January 2003. https://www.theguardian.com/world/2003/jan/12/alqaida.terrorism
- Vohidov A. Qudratimiz birlik va hamjihatlikda // Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.35-40.
- Gʻaniyev B. Tolerantlik – eng katta boylik //Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.63-68.
- Gʻoyibnazarov Sh. Islom terrorizmga qarshi.T.: Oʻzbekiston, 2021. 320 b.
- Javlonov Sh.S. Mahalla – hamjihatlik va bagʻrikenglik maskani //Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.60 – 63.
- Ibragimov E.F. Diniy bagʻrikenglik – tinchlik va barqarorlik garovidir // Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.80-84.
- Qulmatov Sh.D. Millatlararo va dinlararo totuvlik – tinchlik va osoyishtalik-ning muhim omili // Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.68-70.
- Matkarimov I. Millatlararo totuvlik va dinlararo bagʻrikenglik – tinchlik va taraqqiyotimiz omili // Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.157 – 162.
- Raupov X.R. Millatlararo totuvlik va diniy bagʻrikenglik eng katta boyligimiz // Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.165-169.
- Salmanov U.F. Diniy bagʻrikenglik – tinchlik va barqarorlik garovidir // Oʻzbek-iston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. B.100 -103.
- Oʻzbekiston – tinchlik va totuvlik mamlakati .Toshkent: Oʻzbekiston, 2017. 600b.