Gyote nomidagi Frankfurt universitetining Islom dini va madaniyatini oʻrganish instituti direktori, professor Umar Oʻzsoy Oʻzbekiston Prezidentining Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan davlat tashrifi yakunlarini “Dunyo” axborot agentligiga quyidagicha sharhladi:
– Oʻzbekiston hududida tugʻilib, ijod qilgan, dunyo taraqqiyotiga, ilm-fan rivojiga oʻzining beqiyos hissasini qoʻshgan ulugʻ allomalar, buyuk mutafakkirlar haqida yetarli maʼlumotga ega boʻlsam-da, betakror mamlakatingizga ilk bor 2017 yil avgustda safar qilib, Samarqand shahrida boʻlib oʻtgan “Markaziy Osiyo renessansi dunyo taraqqiyoti tarixida” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanda oʻz maʼruzam bilan ishtirok etish sharafiga muyassar boʻlgan edim.
Ushbu tashrif mobaynida Oʻzbekistonni yangidan kashf etdim, Islom madaniyatining haqiqiy zabardast olimlari, buyuk muhaddislar, tafsir, fiqh va kalom ilmi olimlarini yetishtirgan bu diyor meni oʻziga butunlay maftun qilib qoʻydi. Mutaxassis, olim sifatida hayot va ilmiy merosini oʻrganganim – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Lays Samarqandiy, Hakim at-Termiziy, Bahovuddin Naqshbandiy, Abduxoliq Gʻijduvoniy singari oʻnlab islom olamining buyuk olim, mutafakkir va mutasavviflari qadamjolarini ziyorat qilish va xalqaro ilmiy markazlarga tashrif buyurish imkoniyatiga ega boʻldim. Ular qoldirgan tengsiz maʼnaviy meros va ziyoratgohlarni asrab-avaylash, obod qilish va kelajak avlodga yetkazish yoʻlida Oʻzbekiston Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan ulkan ijobiy ishlarning bevosita guvohi boʻldim.
Yangi tashkil qilingan Islom sivilizatsiyasi va Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Islom bilim yurtlari istisnosiz mamlakatingiz rahbariyati va salohiyatli xalqingizning ushbu buyuk meros ahamiyatini teran anglab yetgani holda ulugʻ ajdodlarining avlodlari sifatida barcha sohalarda bunyodkorlik ishlari bilan yurtni obod qilib, ularga munosib hurmat va ehtirom koʻrsatayotganidan yorqin dalolat beradi.
Yana ikki narsaga narsaga eʼtiborni qaratmoqchiman. Birinchidan, tashrif davomida Samarqandda boʻlib oʻtgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivaliga taklif etildik. Men Samarqandni ilm-maʼrifat oʻchogʻi, deb bilar edim, festivalda 30dan ortiq davlatdan kelgan sanʼatkorlarning ishtiroki, turli millat xalqlari oʻrtasida doʻstlik rishtalarini mustahkamlash, musiqa sanʼati anʼanalarini asrash, xalqaro miqyosda madaniy muloqotni rivojlantirish borasidagi ezgu maqsad-muddaolari yoʻlida har ikki yilda Samarqandda yigʻilishi shaharning dunyo xalqlari madaniyat markazlaridan biriga aylanganiga ham amin boʻldim.
Ikkinchidan, Toshkentda boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Mustaqilligiga bagʻishlangan bayram tantanasida qatnashish nasib etdi. Betakror bayram shukuhi bilan oʻtgan tantanada mamlakatingizda yuz bergan tub oʻzgarishlar, iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalarda erishilgan ulkan yutuqlar, xalqaro hamjamiyatda tutgan nufuz, tinchlikparvar siyosat bilan tanishib, xalqingizni shunday bir muqaddas zaminda baxtiyor yashayotganini guvohi boʻldim.
Germaniyaga qaytganimdan soʻng safar taassurotlarini turli shaharlardagi hamkasblarimga yetkazdim. Oʻtgan davr mobaynida ular ham bir necha bor talabalar bilan Oʻzbekistonda boʻlishdi. Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, bizning, yaʼni chet eldagi islomshunoslik markazlari va olimlarining Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi hamda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, IOʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi mutaxassislari bilan oʻzaro hamkorligimiz boy islom madaniyati va tarixini rivojlantirishga, insoniyat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshgan buyuk islomshunos olimlar hayoti va ijodini birgalikda oʻrganib, tadqiq etishimiz ularning qoldirgan bebaho merosini xalqaro miqyosda targʻib etish va abadiylashtirish ishiga muhim hissa boʻlib qoʻshilishiga aminman.
Mamlakatingizda turli jabhalarda olib borilayotgan islohotlar va tub oʻzgarishlarni muntazam kuzatib boraman. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Saudiya Arabistoniga amalga oshirgan tashrifi haqida OAV orqali xabar topdim.
Bugungi kunda Oʻzbekiston bilan Saudiya Arabistoni oʻrtasidagi munosabatlar ishonchli, muhim va uzoq muddatli hamkorlik namunasi sifatida xalqaro maydonda haqli ravishda eʼtirof etilmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni xalqaro va mintaqaviy tashkilotlarda bir-birini faol qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, Saudiya Arabistoni Markaziy Osiyoda yadro qurolidan xoli hudud toʻgʻrisidagi rezolyutsiyani, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasining Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini mustahkamlash boʻyicha rezolyutsiyasi qabul qilinishini qoʻllab-quvvatladi. 2019 yilda Podshohlik BMTning “Maʼrifat va diniy bagʻrikenglik” rezolyutsiyasi hammuallifi boʻldi, 2020 yilda Oʻzbekistonning BMT Inson huquqlari kengashiga saylanishi uchun ovoz berdi, shuningdek, mamlakatning boshqa muhim tashabbuslarining ilgari surilishiga oʻz hissasini qoʻshdi.
Xususan meni shaxsan quvontirgan xabar – 2021 yilda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Podshoh Faysal nomidagi Islom tadqiqotlari markazi oʻrtasida oʻzaro Anglashuv memorandumi imzolangani boʻldi. Ishonchim komilki, ayni paytda ushbu hujjat ikki markaz oʻrtasida tajriba almashish, oʻzaro aloqalar, qoʻlyozmalarni oʻrganish boʻyicha ilmiy izlanishlar olib borishga muhim asos boʻlmoqda.
Oʻylaymanki, mazkur tashrif chogʻida imzolangan sarmoyaviy loyihalar, iqtisodiy bitimlar va boshqa kelishuvlar ikki mamlakat oʻrtasidagi aloqalarning yanada mustahkamlanishiga, hamkorlik munosabatini yanada yuksak darajaga koʻtarishga xizmat qilajak.