Home / MAQOLALAR / “Islomda kiyinish odobi”

“Islomda kiyinish odobi”

Islom insonni mukarram qilish boʻyicha koʻrgan choralar ichida libos masalasi ham bor. Bu masalada insonning kiyinish madaniyatiga rioya qilishi oʻzi uchun obroʻ va martaba ekani, goʻzallik va ziynat ekani bir nechta kitoblarimizda zikr qilingan.

Alloh taolo Aʼrof surasida marhamat qiladi: “Ey Odam bolalari, batahqiq, sizlarga avratingizni toʻsadigan libos va ziynat libosini nozil qildik. Taqvo libosi, ana oʻsha yaxshidir. Ana oʻshalar Allohning oyat-belgilaridandir. Shoyadki eslasalar” (26-oyat).

Insonni hayvondan ajratib turadigan alomatlardan biri libosdir. Odamning avrati – aybini berkitib turishi uchun Alloh taolo unga libos ato qilgan. Libosning zaruri avratni pinhon tutadigani hisoblanadi. Lekin Alloh insonning avratdan boshqa aʼzolarini ham toʻsish ehtiyoji borligini inobatga olib, libosni ziynat tarzida nozil qildi. Xuddi shuningdek, libosni oʻz oʻrnida, yaʼni shariatga muvofiq kiygan inson ziynatli hisoblanadi.

Yuqorida aytganimizdek, Alloh taolo kiyim-boshni insonga avratini toʻssin, oʻzini tuzatsin, deb bergan. Ammo barcha sohada haddida turmagan inson bu oʻrinda ham turli buzuqliklarga yoʻl qoʻydi. Baʼzilari kiyim-boshni faxr va gʻurur vositasi, ikkinchilari uni hayotdagi asosiy maqsad qilib oldi. Qadr-qiymatni ham kiyim-bosh bilan oʻlchay boshladi. Uchinchilari kiyimni tor va yupqa kiyib, undan koʻzlangan asosiy maqsadni suiisteʼmol qilishga kirishdi. Xususan, tarbiyasiz ayollar libosni aynan avratni boʻrttirib koʻrsatish uchungina kiydilar. Bu esa yuksak insoniy sharafni yerga uradigan holatdir. Shuning uchun ham Islom bu ishlarda oʻz taʼlimotlarini joriy qildi.

Boshqa dinlar, tuzumlar va xalqlarning bu boradagi tasarruflariga qaraydigan boʻlsak, Islomdagi kabi moʻtadillikni koʻrmaymiz. Ular yoki u tarafga, yoki bu tarafga ogʻib ketgan boʻladilar.

Ularning baʼzilari yeb-ichish, kiyish va sadaqa ishlarida tarki dunyo yoʻlini tutib, imkoni bor narsani qilmasdan, oʻzini oʻzi qiynaydi. Albatta, hozirda bu toifadagilar oz.

Baʼzilar esa hayotni yeb-ichish, kiyinishu oʻyin-kulgidan iborat, deb xayol qiladi. Butun imkoniyatlarini mazkur narsalarga sarflaydi.

Yeb-ichishda ham, kiyinishda ham, sadaqa qilishda ham doimiy va chegarasiz ravishda isrofga yoʻl qoʻyadilar. Eng yomoni, bu masalada dunyoqarashlari notoʻgʻri boʻlgani sababli yeydigan taomlari, ichadigan ichimliklari, kiyadigan kiyimlari va qiladigan sadaqalari ila manmanlik, mutakabbirlik qiladilar. Hozirda xuddi shu toifa koʻpchilikni tashkil etadi.

Ming afsuslar boʻlsinkim, baʼzi musulmonlik daʼvosini qilib yurganlar ham Islom taʼlimotlaridan uzoqlashish, ularga amal qilmaslik oqibatida bu masalada xatoga yoʻl qoʻyadilar. Oqibatda turli-tuman muammolar kelib chiqadi.

Manbalar asosida tayyorlandi
 Soʻfiyev Abdulhakim
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi
Pop tumani bosh imom-xatibi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …