Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiyasi dasturining gʻoliblarining 2-juftligi – Malayziya milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti oʻqituvchisi Muhammad Hilmi Jalil hamda L.N.Gumilev nomidagi Yevroosiyo Milliy universiteti (Qozogʻiston) doktoranti Almas Imangaliyev Markazda oʻtayotgan amaliyot davri yakun topgani munosabati bilan ilmiy tadqiqotlarining hisobot taqdimotini oʻtkazishdi.
Taqdimotda Markaz rahbariyati va ilmiy xodimlari ishtirok etdi.
Amaliyotchilar Markazdagi ilmiy faoliyat davomida erishgan natijalarini alohida eʼtirof etib, izlanishlar olib borayotgan ilmiy ishlari mazmun jihatidan yanada mustahkamlangani hamda Markaz fondidagi haqiqiy qoʻlyozmalar orqali tadqiqotlarini ilmiy asoslash imkoniga ega boʻlganlaridan mamnunliklarini bildirdi.
Dastur gʻoliblari soʻnggi ikki oy davomida Markazda manbalar ustida ish olib borib, tegishli mavzulardagi ilmiy ishlari doirasida koʻplab tadqiqotlar oʻtkazishdi. Amaliyot dasturiga binoan ular Samarqand, Buxoro va Toshkent shaharlariga ilmiy safar qildi va Samarqand davlat universiteti qoʻlyozmalar fondi, Buxoro davlat muzey-qoʻriqxonasi kutubxonasi, Buxoro davlat universitetining Axborot-resurs markazi va qoʻlyozmalar fondi, Buxoro miniatyura maktabi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti, akademiyaning fundamental kutubxonasi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida boʻlishdi.
Taqdimotchilar ilmiy ishlarining ayni paytdagi holati haqida koʻrgazmali tarzda maʼlumot berar ekan, amaliyot mobaynida toʻplangan manba va maʼlumotlar, oʻtkazilgan ilmiy suhbat va safarlar manfaatli boʻlganini alohida taʼkidlashdi.
Stipendiatlar ilmiy izlanishlar uchun yaratilgan sharoit va taqdim etilgan keng imkoniyatlar uchun rahbariyat va jamoaga chuqur minnatdorlik izhor etishdi.
Markaz direktori Sh. Ziyodov amaliyot ularning tadqiqot faoliyatida yuqori samara berganidan mamnunlik izhor etib, jamoa istiqbolda ham ilmiy hamkorlikni izchil davom ettirishga doim tayyor ekanini bildirdi va tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga muvaffaqiyat tiladi.
Shu bilan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya dasturi gʻoliblari ilmiy amaliyotining ikkinchi davrasi nihoyasiga yetdi.