eʼtibor berish zarur hisoblanadi. Yordamga muhtoj insonlarga koʻmak berish umumiy qilib “ijtimoiy himoya” deb ataladi. Islomdagi ijtimoiy himoya alohida eʼtibor qaratilgan muhim jihatlardan biri boʻlib, u faqat moddiylik bilan cheklanib qolmaydi, balki ruhiy jihatdan qoʻllab-quvvatlashni ham nazarda tutadi.
Ijtimoiy himoya atamasi ijtimoiy xavfsizlik bilan bir xil ifodalanadigan tushuncha boʻlib, u ijtimoiy va himoya soʻzlarining birikmasidir. Bu istiloh jamiyat va uning turli qatlamlariga tegishli masalalarga bogʻliq maʼnolarni ifodalaydi. Boshqacha qilib aytganda, bu soʻz ijtimoiy soʻzi bilan xarakterlanib, jamiyatda yashovchi insonga bogʻliq barcha narsani anglatadi. Lugʻatda “Himoya” soʻzi muhofaza, zarar beruvchi narsalardan himoya qilish maʼnolarini bildiradi [1:21].
Maʼlumki, ilk islom davridayoq bu masalaga katta eʼtibor qaratilgan. Ijtimoiy himoyaning tamoyillariga: Silayi rahm, sadaqa, zakot, nafaqa, oʻzaro mehr-shafqat koʻrsatish kabilar kiradi. Albatta bular xalqimizning qon-qoniga singib ketgan qadriyatlarimizning qatoriga kiradi. Ularni yanada chuqurroq oʻrganish va oʻsib kelayotgan yosh avlodga yetkazish bugungi kunda dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Bugungi kunda buyuk ajdodlarimizning beqiyos asarlarini, xususan, Muhammad ibn Ismoil Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asarini oʻrganish muhim ahamiyatga ega. Bu asar nafaqat ibodatga oid hadislarni, balki muomalaga oid musulmonlarning oʻzaro ijtimoiy munosabatlari haqidagi hadislarni ham qamrab olgan.
Tadqiqotdan koʻzlangan asosiy maqsad islom huquqidagi ijtimoiy himoyaga oid qarashlarni oʻrganish va uning asosiy manbalaridan biri hisoblangan hadislarni tadqiq etishdan iborat. Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” asari insonlar orasidagi ijtimoiy munosabatlarga doir hadislarni qamrab olgani bilan muhim ahamiyat kasb etadi. Imom Buxoriy hadis ilmida ishonchli deb eʼtirof etilgan 6ta imomning biri hisoblanadi, uning “Sahihul Buxoriy” asari esa islom taʼlimotining muhim manbasi sanaladi. Maqolada asardagi ijtimoiy himoya masalasiga oid hadislarni tasniflash, ularning miqdori va mavzusini oʻrganib tahlil qilish maqsad qilingan.
Ijtimoiy himoya jamiyatning iqtisodiy nochor, yordamga muhtoj va boquvchisini yoʻqotgan qatlamining ehtiyojini qondirish va ijtimoiy adolatni oʻrnatish maqsadida hukumat darajasida amalga oshiriladigan ish hisoblanadi. Tarixdan maʼlumki, ilk islom davridan bu masalaga katta eʼtibor qaratib kelingan. Islom huquqida jamiyatdagi ijtimoiy tenglikni taʼminlash uchta institut orqali amalga oshiriladi. Birinchisi – oilada, ikkinchisi – zakot instituti orqali, uchinchisi davlat tomonidan. Islom huquqida ijtimoiy himoya deganda, avvalo aholining orasida moddiy jihatdan qiynalgan, oʻzining ehtiyojini qoplay olmayotgan fuqarolarga moddiy va maʼnaviy koʻmak berish tushuniladi. Shu jihatdan, Qurʼoni karim va hadisi sharifda ijtimoiy himoyaga katta eʼtibor qaratilgan [2:71-74].
Hofiz Shamsiddin Zahabiy oʻzining “Tarixul islom” kitobida quyidagilarni yozadi: ““Jomeʼus sahih” Alloh taoloning kitobidan keyingi islomning eng ulugʻ va afzal kitobidir. Hozirgi kunda bu kitob odamlar uchun eng oliy sanaddir”.
Maʼlumki, Imom Buxoriy oʻzining mashhur “Jomeʼus sahih” kitobida ham “Kitobul adab” degan qism ochib, unda odob-axloqqa oid hadislarni 128-bobda uch yuzdan ortigʻini keltirgan. Lekin alloma bu bilan kifoyalanmay, “Jomeʼus sahih”ga oʻziga yetib kelgan boshqa hadislarni ham qoʻshib, “Al-Adab al-mufrad” asarini yozgan. Imom Buxoriy bu asarida ham “Jomeʼus sahih”dagi uslubni qoʻllagan. Baʼzi joylarda Qurʼoni karim oyatlarini va sahobalarning soʻzlarini ham keltirgan. Shu oʻrinda taʼkidlash joizki, “Al-Adab al-mufrad”da kelgan hadislar hammasi ham “Jomeʼus sahih”dagi hadislar darajasida emas. Yana ham aniqroq aytadigan boʻlsak, bu kitobdagi hadislarning yarmi “Jomeʼus sahih”dagi kabidir. Qolgan yarmi Imom Muslimning “Sahih”idan keyingi va Termiziy, Nasoiy, Ibn Moja va Abu Dovudning kitobidagi hadislardan yuqori oʻrinda turadi. Bu ilmiy haqiqatni alloma Yusuf Binnuriy ham taʼkidlagan [3:47-49].
“Sahihul Buxoriy”ning 4-juzida ijtimoiy himoyaga oid hadislar keltirilgan. Toʻplamning 55-boʻlimi “Vasiyatlar kitobi”da ham bu mavzuga oid hadislar keltirilgan. Bu boʻlimda kelgan ijtimoiy himoyaga oid boblarning roʻyxati:
1 |
7-bob |
Oʻlim chogʻida sadaqa qilish haqida. |
2 |
10-bob |
“Qarindoshlariga vaqf yoki vasiyat qilsa… qarindoshlar oʻzi kimlar?” |
3 |
14-bob |
Faqirlarga yoki boshqalarga ekanini ochiq aytmay, “hovlim Alloh uchun sadaqa”, desa oʻtadi va uni qarindoshlarga yoki oʻzi xohlagan joyga tasarruf qilaveradi. |
4 |
15-bob |
“Yerim yoki bogʻim onamning nomidan sadaqa”, desa garchi kimga ekanini aniq aytmasa ham oʻtadi. |
5 |
16-bob |
Kishi molini, qul yoki ulovlarining baʼzisini sadaqa yoki vaqf qilsa oʻtadi. |
6 |
18-bob |
Alloh taoloning “Agar taqsimlashda yaqin qarindoshlar, yetimlar, miskinlar hozir boʻlsalar, undan (merosdan) ularga ham ulashing”, degan soʻzi haqida. |
7 |
19-bob |
Toʻsatdan vafot etgan kishining nomidan nimani sadaqa qilish mustahabligi va mayyitning nomidan nazrlarni oʻtash haqida. |
8 |
20-bob |
Vaqf va sadaqada birovni guvoh qilish haqida. |
9 |
26-bob |
Yerni vaqf qilib, uning chegarasini aniq aytmasa ham joiz. Sadaqa ham shunday. |
Asarning “Vasiyatlar kitobi” boʻlimining 7-bobi “Oʻlim chogʻida sadaqa qilish haqida” boʻlib, bu hadis juda muhim ahamiyatga ega. Boisi, unda ijtimoiy himoyaning eng muhim elementlaridan biri hisoblangan sadaqa toʻgʻrisida va uning qaysi paytda amalga oshirish haqida koʻrsatma berilgan. 2748 tartib raqamdagi hadisda rivoyat qilinadi: Abu Hurayra (R.A.)dan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Nabiy (S.A.V.)ga “Ey Allohning Rasuli, qaysi sadaqa afzal?” dedi. U zot: “Boylikni orzu qilib, faqirlikdan qoʻrqa turib, sogʻ-salomat va haris boʻlgan holingda sadaqa qilishing. Lekin buni jon halqumga yetgungacha choʻzma. Sen “falonchiga uncha, pistonchiga buncha” deysanu, holbuki u allaqachon falonchiniki boʻlib qolgan”, dedilar” [4:10]. Bu hadisda insonning hayotlik chogʻida sadaqa qilib qolishi, bu ezgu ishni qilishga shoshilishi kerakligi aytilmoqda. Inson qancha umr koʻrishi, qachon vafot etishini bilmaydi. Shu bois gʻaflatda qolmasligi taʼkidlanmoqda.
Asarning 10-bobi “Qarindoshlariga vaqf yoki vasiyat qilsa… qarindoshlar oʻzi kimlar?” deb nomlangan. 2751 raqami ostidagi hadisda Anas (R.A.)dan rivoyat qilinadi: “Uni qarindoshlaringning faqirlariga boʻlib bergin”. Shuningdek, 2752 raqami ostidagi yana bir hadisi sharifda Anas (R.A.)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (S.A.V.) Abu Talhaga: “Menga qolsa, uni qarindoshlaringga (sadaqa) qil”, dedilar. Shunda Abu Talha “Shunday qilaman, ey Allohning Rasuli”, dedi. Keyin Abu Talha uni qarindoshlari va amakisining bolalariga taqsimlab berdi”. Bu hadisda esa ijtimoiy himoyaga boʻlgan katta targʻiblarni koʻrish mumkin. Merosni aynan faqir qarindoshlarga taqsimlash bilan ham sadaqa, ham silayi rahm qilishga chaqirilmoqda. Zero, bu hadis amaliyoti albatta koʻplab jamiyatdagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechilishiga sabab boʻlmoqda.
Toʻplamning 22-bobi “Yetimning molida vasiyning qanday vakolatlarga haqqi borligi va oʻzining ish haqining miqdoriga koʻra undan qancha yeyishi mumkinligi haqida” deb nomlanadi. 2764 raqamdagi hadisda Ibn Umar (R.A.)dan: “Rasululloh (S.A.V.)ning davrlarida Umar oʻzining mulkini sadaqa qildi. U Samgʻ deb atalardi. U xurmozor edi. Umar: “Ey Allohning Rasuli, men bir mulkka ega boʻldim, u mendagi eng yaxshi narsa. Men shuni sadaqa qilmoqchiman”, dedi. Shunda Nabiy (S.A.V.): “Uning aslini sadaqa (yaʼni vaqf) qil. U sotilmaydi, sovgʻa qilinmaydi va meros qilib ham olinmaydi, lekin mevasi nafaqa qilinadi”, dedilar. Umar uni sadaqa qildi. Uning bu sadaqasi Allohning yoʻlida qul ozod qilishga, miskinlarga, mehmon, yoʻqsil yoʻlovchiga va qarindoshlarga boʻldi. Uni tasarruf qilib turgan kishiga daromad manbai qilib olmagan holda undan maʼruf ila yeyishida yoki doʻstiga yedirishida gunoh yoʻq” [5:33]. Bu hadis ijtimoiy himoyani yaqqol oʻzida aks ettirgan boʻlib, insonlarning yordamga muhtoj qismiga daromaddan doimiy ravishda sadaqa qilib turishiga chaqirilmoqda.
Oltin silsila toʻplamining “Sahihul Buxoriy” qismining 5-juzidagi “Tafsir kitobi”da ham ijtimoiy himoyaga oid hadislar keltirilgan. “Va Allohning yoʻlida nafaqa qiling. Oʻzingizni halokatga duchor qilmang. Ehson qiling, albatta, Alloh ehson qiluvchilarni xush koʻradir”. (Baqara surasi; 195-oyat) [6:597].
Shuningdek, nafaqa haqida yana Oli Imron surasida 5-bobda ham keladi: “Oʻzingiz yaxshi koʻrgan narsadan nafaqa qilmaguningizcha hargiz yaxshilikka erisha olmassiz. Alloh nimani nafaqa qilganingizni biluvchidir” (Oli Imron 92) [7:71].
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, jamiyatda ijtimoiy himoyani taʼminlashda nafaqa instituti muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Bu mavzuga Imom Buxoriy oʻz toʻplamida alohida eʼtibor qaratgan. Xususan, “Sahihul Buxoriy”ning 7-juz 69-bobi “Nafaqalar kitobi” haqidadir. 1-bob “Ahli oilaga nafaqa qilishning fazilati haqida haqida boʻlib, 5351 raqam ostidagi hadisda shunday deyiladi: Abu Masʼud Ansoriy (R.A.)dan rivoyat qilinadi: “Musulmon kishi savob umidida oʻz ahliga nafaqa qilsa, bu uning uchun sadaqa boʻladi”, dedi. 5352 raqamdagi hadisda esa Abu Hurayra (R.A.)dan: “Rasululloh (S.A.V.) shunday dedilar: “Alloh: “Infoq qil, ey Odam bolasi, Men ham senga infoq qilaman” dedi” [8:72-73].
7-juzning 78-bobi “Adab” kitobi haqida boʻlib, 128 bob 256ta hadisni oʻz ichiga oladi. Unda quyidagi ijtimoiy himoyaga oid mavzular keltirilgan:
1 |
1-2,5,8-bob |
Ota-onaga yaxshilik qilish haqida. |
2 |
10-13,56-bob |
Silayi rahm va uning fazilatlari haqida. |
3 |
24-27-bob |
Yetim, beva, miskinlarga yaxshilik qilish haqida |
4 |
30,32-bob |
Qoʻshniga yaxshilik qilish haqida. |
5 |
33-bob |
Sadaqa haqida. |
6 |
34-36,56-bob |
Oʻzaro goʻzal munosabatlar: Shirin soʻz, muloyim boʻlish, yordam berish, yaxshilik qilish. |
Yuqorida keltirilgan mavzularning barchasi ijtimoiy himoya haqida. Dastlab keltirilgan ota-onaga yaxshilik qilish mavzusini Imom Buxoriy musulmon odobi-madaniyati, yaʼni maxluqotlar va avvalo inson zoti bilan boʻladigan muomala odobi roʻyxatining birinchi satriga qoʻyish bilan islom dinining bu masalaga qanchalik ahamiyatli ekanini koʻrsatib bergan.
Muoz ibn Jabaldan rivoyat qilinadi: “Nabiy (S.A.V.): “Kim ota-onasiga yaxshilik qilsa, unga Tubo boʻlsin, Alloh azza va jalla uning umrini ziyoda qilsin”, dedilar” [9:8].
Saʼid ibn Iboduz Zaroqiydan, u otasidan rivoyat qiladi: “Madina masjidida Amr ibn Usmon bilan oʻtirgan edim. Oldimizdan Abdulloh ibn Salom akasining oʻgʻliga suyanib oʻtib qoldi. Majlisga yetib kelganda, burilib qaradi va ularga qarab turib: “Nima istaysan, Amr ibn Usmon?! deb ikki yoki uch marta aytdi va: Muhammad (S.A.V.) haq ila yuborgan Zot ila qasamki, Alloh azza va jallaning kitobida ikki marta “Otangga yaxshilik qilganni uzma, oʻsha ila nuring soʻnib qolmasin”, deyilgan”, dedi” [10:16].
Har bir davrdagi kabi hozir ham musulmon jamiyatlarining rivoji insonlar orasidagi oʻzaro munosabatlar asosiga qurilgan. Zero, insonlarning oʻzaro birdamligi jamiyatning birligi va osoyishtaligiga, taraqqiy etishiga xizmat qiladi. Bu borada ijtimoiy himoya masalasini fiqhiy jihatdan tahlil etish, xususan, Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy” toʻplami asosida ijtimoiy himoya masalasini oʻrganish, unga oid muammolarning yechimini topishda albatta muhim oʻrin tutadi. Shuningdek, yoshlarni har tomonlama yetuk va maʼrifatli qilib tarbiyalashda, jamiyatda insonlar bilan boʻladigan barcha ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish va isloh qilishda ham bu asar ahamiyatlidir.
Aholini ijtimoiy himoyalash nafaqat davlat va nodavlat tashkilotlarining, balki har bir kishining insoniy burchi va vazifasidir. Shuning uchun ham bu kabi ezgu va xayrli ishlarni amalga oshirishda barchamiz bir boʻlib, hamkorlikda faoliyat yuritishimiz lozim.
-
A.Erol. Social protection in Islamic law. Theoretical perspectiva. Peterlang. –B 2018.
-
N.Yusupova. Islom huquqida oila va jamiyat barqarorligini taʼminlashda ijtimoiy himoyaning mohiyati. Ijtimoiy fikr. 2020. № 4.
-
Muhammad Yusuf Muhammad Sodiq. Odoblar xazinasi Imom Buxoriy “Al-adab al-mufrad” kitobining sharhi. I juz. –T., Sharq. 2011.
-
Oltin Silsila. “Sahihul Buxoriy”. 4 juz. Hilol-nashr –T.: 2014.
-
Al-Bukhari_english_”SahihAl-bukhari”. Vol.4. Darussalam. –R.: 1997.
-
Oltin Silsila. “Sahihul Buxoriy”. 5-juz. Hilol-nashr –T.: 2020.
-
Al-Bukhari_english_SahihAl-bukhari. Vol.6. Darussalam. –R.: 1997.
-
Oltin Silsila. “Sahihul Buxoriy”. 7 juz. Hilol-nashr –T.: 2020.
-
Buhârî. Edebuʻl-Mufred Ahlak hadisleri. Tetkik eden: Muhammed Sahin. Rabva Semti _İslâmî Dâvet Bürosu. 2010.
-
Imom Buxoriy. “Al-Adab al-mufrad”. Movarounnahr. –T.: 2013.