Home / MAQOLALAR / Ashuro kuni ahli-ayolga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab boʻladi

Ashuro kuni ahli-ayolga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab boʻladi

Islom taqvimi oʻn ikki oydan iborat. Ammo biz bu oylarning baʼzilari haqidagina maʼlumot bilamiz, xolos. Aksariyat odamlar Ramazon oyida roʻza tutishni, Zulhijjada esa qurbonlik qilishni biladi. Lekin muharram oyi goʻyoki unchalik mashhur emasdek. Vaholanki, hadisi shariflarda bu oy – Alloh taoloning oyi deb ataladi, boshqa hech bir oyga bunday sharaf berilmagan.

Muharram oyi musulmonlar uchun ham diniy, ham tarixiy ahamiyatga ega. Bu oy Alloh taolo tomonidan nafaqat muqaddas deb belgilab qoʻyilgan, balki Islom taqvimining birinchi oyi boʻlib, musulmonlar bu oyda Madinaga hijrat qilganlar.

Hazrat Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: “Yo Allohning Rasuli, Ramazondan keyin qaysi oyda roʻza tutishimga buyurasiz”, deb soʻradi. Shunda u zot alayhissalom: “Agar Ramazondan keyin roʻza tutmoqchi boʻlsang, muharram oyida tutgin. Chunki u Allohning oyidir, unda bir qavmning tavbasini qabul qilgan yana boshqa qavmlarning ham tavbasini qiladi“, deb javob berdilar (Imom Termiziy rivoyati).

Muharram qanday oy?

Muharram oyi Islom taqvimining birinchi oyi boʻlib, yangi yil boshlanishini anglatadi. Muharram oyi urush harom qilingan toʻrt oydan biri sanaladi. Bu haqda Alloh taolo: “Albatta, Allohning huzurida oylarning soni Allohning osmonlaru yerni yaratgan kuni oʻn ikki oy qilib belgilangan. Ulardan toʻrttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu toʻgʻri dindir. U(oy)larda oʻzingizga zulm qilmang” deb marhamat qilgan (Tavba surasi, 36-oyat).

Muharram oyining asosiy sanalari:

  • 1-Muharram: Islomiy yangi yil.
  • 9-Muharram: Ashuro kuni uchun qoʻshimcha tavsiya etilgan roʻza tutish kuni.
  • 10-Muharram: Ashuro kuni.
  • 11-Muharram: Agar 9 kunni oʻtkazib yuborganlar uchun qoʻshimcha tavsiya etilgan roʻza tutish kuni.

Muharram oyi qachon kirib keladi?

Muharram oyining birinchi kuni 2022 yilda 30 iyuldan boshlanadi.

Muharramning ahamiyati nimada?

Muharram koʻplab diniy va tarixiy sabablarga koʻra yilning eng muhim vaqtlaridan biridir:

  1. Bu urush harom qilingan oy boʻlib, yil oylari orasidagi ahamiyati yuqoriligi uchun Alloh taoloning oyi deb ataladi.
  2. Bu musulmonlarning Madinaga hijrat qilganlarini va Islom yangi yilining boshlanishini anglatadi.
  3. Bu oyda musulmonlar katta ajrga ega boʻladigan roʻza tutishga daʼvat etilgan Ashuro kuni bor.

Ashuro kunining roʻzasi

Muharram oyining 10 kuni – Ashuro kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam musulmonlarni roʻza tutishga daʼvat etganlar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu shunday yaxshi kundirki, bu kunda Alloh Bani Isroilni dushmanlaridan qutqargan. Shu bois Muso alayhissalom bu kunda roʻza tutgan. Men Musoga koʻproq (yaqin boʻlishga) haqliroqman”, dedilar va u kunda roʻza tutib, odamlarni ham uning roʻzasini tutishga buyurdilar (Imom Buxoriy rivoyati).

 Muharram oyining 9 kuni roʻza tutish

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ashuro kuni roʻzasini tutib, boshqalarni ham uning roʻzasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: “Yo Allohning Rasuli, axir, bu – yahudiylar va nasroniylar ulugʻlaydigan kun-ku?”, dedilar. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Agar kelasi yili boʻlsa, albatta, toʻqqizinchi kuni ham roʻza tutamiz“, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga eʼtiboran, Ashuro kuniga qoʻshib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham roʻza tutmoq afzal deydilar.

 Ashuro kuni ahli-ayolga kengchilik qilish, bir yillik kengchilikka sabab boʻladi.

Abu Saʼd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ashuro kuni ahli ayoliga kenglik yaratsa, Alloh unga yil boʻyi kenglik yaratadi”, dedilar (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Sufyon ibn Uyayna rahmatullohi alayh: “Bu hadisni oltmish yil tajriba qildim va faqatgina yaxshilik koʻrdim”, deganlar.

Alloh taolo ushbu oyning fazilatlaridan barcha moʻmin-musulmonlarni toʻliq bahramand etsin. Oʻzining roziligini topadigan amallarda bardavom qilsin.

 Davron NURMUHAMMAD

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …