Home / MAQOLALAR / HOJI KUTISHNI ISROF TADBIRIGA AYLANTIRMAYLIK!

HOJI KUTISHNI ISROF TADBIRIGA AYLANTIRMAYLIK!

Allohga behisob shukrki, bu yilgi haj ibodati yurtimiz ziyoratchilari uchun juda ham fayzli boʻldi. Garchi, oʻzimiz bormagan boʻlsak-da, ustozlar, qadrdonlar va yaqinlarimiz uchun quvondik. Ayniqsa, haj ibodatini ado qilish uchun ajratilgan kvotaning sezilarli darajada oshishi koʻpchilikning xursandchiligiga sabab boʻldi.

InshaAlloh, bir necha kunlardan soʻng ilk hojilar yurtimizga qaytib kelishadi. Xursandchilikdan boshlari osmonga yetgan yaqinlar, farzandlar va doʻstlar Allohning mehmonlari boʻlib qaytgan hojilarni kutib olish harakatiga tushishadi.

Toʻgʻri, hojilik maqomiga erishgan kishilarni duosini olish, ushbu ibodatni nasib etgan Zotga shukronalar keltirib, sogʻinganlarimizni kutib olish uchun har qancha tayyorgarlik koʻrsak ham yarashaveradi.

Biroq gohida ijtimoiy tarmoqlarda nafaqat muborak ibodat safaridan qaytgan kishilar, balki oddiy bir musulmon odam uchun ham yarashmaydigan holatlarni koʻrib qolyapmiz. Xususan, faqat isrofga sabab boʻluvchi dabdaba bilan bezatilgan uy-joylar, karnay-surnay va taniqli qoʻshiqchilar ishtirokidagi kutib olish va hokazo marosimlar avj olmoqda.

Unutmaslik kerakki, haj bu Islomning besh ustunidan biri. Besh farzning oxirgisi. Qodir boʻlganlar uchun zimmasidagi ado qilinishi farz boʻlgan amal. Namoz, roʻza, zakot qanday farz boʻlsa, xuddi shunday farz boʻlgan ibodat. Haj zinhor faxr qiladigan, maqtaniladigan yoki nomiga “hoji” qoʻshimchasi qoʻshib aytiladigan sifat yoki amal emas. Agar Allohning huzurida qabul qilingan haj boʻlsa, uning mukofoti faqat jannat boʻladi, insha Alloh.

Qadrdonim! Agar ota-onangiz yoki yaqiningiz haj ibodatini ado qilib kelganida xursandchilik izhori uchun shunday dabdaba bilan kutib olayotgan boʻlsangiz, oʻsha yaqiningiz bir mahal farz namozni ado qilganda ham shunday xursandchilik qilasizmi? Ramazon oyini roʻzasini tugatganda yo zakotini ado qilgan paytda ham karnay-surnaylar bilan nishonlaysizmi? Agar bitta farz amalni ado qilgandagi xursandchilik sizni shu holga solayotgan boʻlsa, mabodo, bandachilik bilan qazo boʻlgan namoz, roʻzalar uchun aʼza tutasizmi? Motam eʼlon qilasizmi? Ularga buning uchun taʼziya izhor qilasizmi? Ajablanyabsiz-a? Nima farqi bor: namoz ham farz, haj qilish ham farz. Qabul boʻlgan namoz ham gunohlarga kafforot, qabul boʻlgan haj ham.

Xursandchilik qiling. Ularni tabriklang. Lekin zinhor, isrof va dabdabaga yoʻl qoʻymang. Chunki siz bir kunlik xursandchiligingiz uchun sarflaydigan mablagʻ qaysidir musulmon oilaning bir necha kunlik, balki bir necha oylik oziq-ovqatiga kifoya qilishi mumkin. Siz bugun karnay surnay va qaysidir qoʻshiqchiga bermoqchi boʻlgan pulingiz qaysidir bemorning dori-darmoni yoki qaysidir yetimning bir necha yillardan beri bitmay yotgan uy- joyini bitirish uchun yetishi mumkin.

Xoʻsh aytingchi, qay birida savob bor? Qaysi biri sizni Robbimiz roziligiga yetishtiradi? Oʻylab koʻrmaysizmi? Alloh sizga bergan bu boylik neʼmatini Allohning dushmani boʻlgan shaytoni laʼiynning xursandchiligi uchun sarf qilayotganingizni oʻylab koʻrmaysizmi? Toʻy, marosimlar va boshqa tadbirlarimizda shundogʻam haddimizdan oshdik. Endi loaqal shu muborak ibodatga isrofgarchilikni aralashtirmaylik.

Agar niyatingiz Haq roziligi boʻlsa, bugun orzu havaslaringizni ozgina jilovlang. Mabodo, kishilar koʻrsin, “mahallada duv-duv gap” boʻlsin, degan niyatingiz boʻlsa, Allohga istigʻfor ayting. Chunki bu juda ham xatarli amal.

Alloh barcha hojilarimizni safarlarini xayrli va muborak qilsin. Ushbu ibodatni niyat qilgan har bir bandani Baytullohga yetkazsin!

Yorbek Islomov,
Olmazor tumanidagi “Mevazor” jome masjidi imom noibi
Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …