QADRLI va TABARRUK HOJIBOBO va HOJIONALAR! MUHTARAM HOJIAKALAR! AZIZ va QIMMATLI MЕHRIBЕPOYON OTALAR! HURMATLI va MUNIS MЕHRIDARYO ONALAR!
Bugungi yurtimizning tinchligida SIZLARNING ham xizmatlaringiz BЕQIYOS KATTA!
SIZLARNING oʻz oilangiz tarbiyasidagi mashaqqatli va sharafli, ogʻir va savobli, sermahsul va olijanob faoliyatlaringiz har qanday tahsinu mukofotlarga loyiq va munosib!!!
Xalqimizning milliy maʼnaviyati, oilalarimizda amal qilinadigan tartib-qoidalar yoshlar tarbiyasida muhim ahamiyatga egaligini hammamiz juda ham yaxshi bilamiz. Ular oila mustahkamligini taʼminlashda ulkan va kuchli poydevor vazifasini oʻtashligini ham juda puxta egallaganmiz.
Diyorimizda milliy qadriyatlar va muborak dinimizning ezgu taʼlimotlari asosida oilaga doir qonun-qoidalar yanada mukammal qayta ishlandi. Buyuk ota-bobolarimizdan meros boʻlib qolib kelayotgan dono xalqimizni yuksak maʼnaviyatiga davlatimiz rahbari Muhtaram Prezidentimiz «Jaholatga qarshi maʼrifat» qimmatbaho gʻoyani qoʻshimcha sifatida bizlarga yengilmas kuch qilib berdilar.
Bu vazifa nafaqat biror vazifador yoki biror sohadagi masʼullarga belgilangan, balki har bir (!) OTA UCHUN, har bir (!) ONA UCHUN buyuk vazifa, deb bilmogʻimiz lozim!
Muqaddas islom dinimizni pok saqlash, uni turli xil gʻarazli xuruj va hamlalardan, tuhmat va boʻhtonlardan himoya qilish, uning asl mohiyatini oʻnib-oʻsib kelayotgan yosh avlodimizga toʻgʻri tushuntirish, islom madaniyatining ezgu gʻoyalarini keng targʻib etish vazifasi hamon dolzarb boʻlib qolmoqda.
Hozirgi davrda, axborot texnologiyalari oʻta tezkorlik bilan rivojlanayotgan bir paytda, nanotexnologiya zoʻr shiddatlik bilan avjiga chiqayotgan zamonda, har xil ommaviy axborot vositalari xilma-xil, toʻgʻri-notoʻgʻri maʼlumotlarni kechayu kunduz tarqatayotgan bir onda, farzandlarimiz oʻz-oʻzlari bilan yolgʻiz qolib 25 soat vaqtlarini telefon, kompyuter bilan mashgʻul boʻlib, bolalarimiz ular bilan “band” boʻlib qolganlarida mazkur vazifalar, jannatmakon yurtimiz, muqaddas Vatanimiz, dono xalqimizning har bir fuqarosiga qushga havo, baliqqa suv zarurligiday zarur boʻlsa kerak.
Aziz va qadrli mehribon ota-onalar!
Dono xalqimiz «yaxshini sharofati, yomonni kasofati» deb bejizga aytmagan…
Ana shu “ala kimlarning” turli xil yoʻllar bilan berayotgan “tarbiya”lari dono xalqimiz dunyoqarashi va millatimiz mentalitetiga ham, Qurʼoni karim oyatlari va Paygʻambarimiz alayhissalomning hadisi shariflariga ham, dinimiz koʻrsatmalari va shariatimiz hukmlariga ham, ulamolarimiz fatvolari va davlatimiz qonunlariga ham, sharqona odoblarimiz va mazhabimiz meʼyorlariga ham, jamiyatshunoslik aloqalari va odamgarchilik munosabatlariga ham, insoniy tuygʻular va ruhshunoslik sir-asrorlariga ham, yurtimiz urf-odatlari va oʻzbekchilik qoidalariga ham, madaniyatimiz axloqlari va insoniy aqlga ham, axloqiy norma va dono xalqimiz maqollariga ham, milliy anʼanalarimiz va diniy qadriyatlarimizga ham, xalqimiz ongi va musulmonchiligimiz asoslariga ham, hamda Islom dinimiz tushunchalariga ham zid ekanligini unutmaylik!
Sizu bizlar eng toʻgʻri yoʻldan, oʻz ota-onalarimiz ne-ne mashaqqatlar chekib oʻrgatgan yoʻldan, ota-bobolarimizdan buyuk va beqiyos meros boʻlib kelayotgan yoʻldan shakardan shirin farzandlarimizni, ne umidlar bilan oʻstirayotgan, qancha orzu-havaslar bilan katta qilayotgan bolalarimizni “ala kimlardir” yana yoʻlimizdan ozdirib va adashtirib qoʻyishmasin… Natijada farzandlarimizning oʻzlari ham, oilamiz ham, qavm-qarindoshlarimizu qoʻni-qoʻshnilarimiz ham, doʻstlarimizu yaqinlarimiz ham, atrofdagilarimiz ham sarson boʻlib, ularning kasofatlari yashab turgan mahallamizga, ishlab turgan ishxonamiz va butun el-yurtimizga ham yetmasin…
Toki hali suyagi qotib ulgurmagan yoshlarimizning begʻubor olamiga, gʻoʻr maʼnaviyatiga “ala kimlar” jiddiy zarar yetkazib qoʻyishmaslaridan oldin, oʻz farzandlarimizni oʻzimiz tarbiyalaylik!
Janob hazrat Paygʻambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam oʻz hadis-shariflarida marhamat qiladilar: «Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar!» Bu xususda shoirlarimizning ibratli soʻzlari bor:
«Birinchi gʻishtni qiyshiq qoʻyarkan meʼmor,
Osmonga yetsa ham, qiyshiqdir devor».
Oilada erning mavqei balandligi, xotin ham oʻz xaq-huquqlariga egaligi, farzandlarning ota-onani hurmat qilishlarini olaylik. …Koʻp yillar davomida ota-bobolarimiz qalbiga singib ketgan ushbu milliy va diniy qadriyatlarni bugun yanada sayqallash kerakligini zamon talab etmoqda. Ayniqsa, shiddat bilan oʻzgarib borayotgan hozirgi zamonda bemaʼni xurujlar koʻpayib, ularning inson va jamiyat hayotiga salbiy taʼsirlari misli koʻrilmagan darajada kuchayib bormoqda. Shuning uchun barchamiz koʻzimizni kattaroq ochib, ziyraklik va ogohlik bilan bunday hamlalarga qarshi kurashmogʻimiz lozim.
Dinu xalqimiz uchun ertayu-kech xizmat qilayotgan Muhtaram Prezidentimizning “Jaholatga qarshi maʼrifat” oltindan qimmat gʻoyalarini barpo etish maqsadida har birimiz oilamiz aʼzolarini HIDOYATga chorlashda, xonadonimizni ISLOM NURI bilan munavvar qilishda, har bir moʻmin va MOʻMINALARga maʼrifat ulashishda SIZLARNING hissalaringiz juda ham koʻp va sarbaland boʻlishida hech qanday shubhamiz yoʻq.
Muftiy hazratlarining boshchiliklarida Diniy idoramiz tizimidagi katta-kichik xodimlarining axborot vositalari orqali rang-barang va xilma-xil chiqayotgan dolzarb va kerakli maʼlumotlaridan sermaʼno, sermahsul, mazmunli va unumli foydalanib, har bir ota, har bir ona oʻz farzandiga odob-axloq namunalarini, kindik qoni toʻkilgan mislsiz Vataniga – vatanparvarlik his-tuygʻularini, bobo-buviga – ehtirom-hurmatni, ota-onaga – mehr va itoatkorlikni, oila aʼzolariga – rahmdillik va mehribonlikni, oʻz juft haloliga – haqiqiy muhabbat va sodiqlikni, qoʻni-qoʻshnilarga – oqibat va chiroyli munosabatni, qavm-qarindoshlarga – saxovat-muruvvatni, sinfdosh-kasbdoshlarga – chin doʻstlik va yordam berishni, atrofdagi barcha odamlarga – insonparvarlik va samimiylikni, hayvon-parranda-hasharotlarga – rahm-shafqatni uqtirib, yuqtirib, tushuntirib, singdirishimiz – ham burchimiz, ham qarzimiz, ham farzimizdir! Xudoni oldida ham, bandasini oldida ham, yurt-xalqimiz oldida ham!
Bularni hammasini oʻz farzandlarimizga oʻrgatish uchun bizlarga hech qanday diniy taʼlim ham, biror-bir maxsus oliy maʼlumot ham, tegishli sertifikat ham, hech qanday qizil diplom ham kerak emas! Aslo! Mutlaqo kerak emas! Yoshlarimizda bu jihatlarini biz uygʻotishimiz (!) kerak xolos. Zero shu sifatlarning hammasi farzandlarimizning qonida bor, ularning xamirturushlarida bor! Zero shu fazilatlarning hammasi bolalarimizning DNK larida mavjud! Chunki bu xususiyatlarning barchasi bizlarning ota-onalarimizdan avloddan-avlodga, qondan-qonga tarbiya (!) orqali oʻtib kelayapti! “Buning qonida bor-da oʻzi!” deb yoki “olma pishsa, tagiga tushadi” deb bejizdan-bejiz aytmaydi dono xalqimiz!
Elimiz tanigan, xalqimiz ardoqlagan, moʻmin-musulmonlarimiz boshiga koʻtargan, yurtimiz imomlari eʼzozlagan, din peshvolarimiz tan olgan, xalqaro miqyosidagi ulamolar tanigan imom-domlalarimizning maʼruza-maqolalari qancha koʻp oilaga kirib borsa, shuncha koʻp odam Qurʼoni karim tafsiri, Hadisi sharif sharhi, aqida, fiqh masalalaridan bahramand boʻlishlari hamda boshqalarning “darslari”ga aldanib, yot gʻoyalar va botil iddaolarga berilmasdan, muqaddas dinimiz koʻrsatgan yoʻllardan yurishlari – xar birimizning ulkan yutugʻimizdir!
Chunki mazkur imom-domlalarimizning maʼruza-maqolalarida ulugʻ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari va noyob hikmatlari, buyuk ota-bobolarimizdan eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari va betakror hikoyalari, mehribon ota-onalarimizdan oʻrganib kelayotgan gavhar oʻgitlari va mislsiz soʻzlari, elimiz tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan taʼlim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari, jannatmakon yurtimiz – muqaddas Vatanimiz taʼlim maskanlarida taralayotgan durdan aʼlo fanlar va beqiyos bilimlar uzluksiz va davomli yoritib boriladi.
Shuning uchun ham bizning gazeta va jurnallarimizdagi hamda yuqorida katta va oʻzgacha hurmat va ehtirom ila tilga olingan muhtaram va hurmatli imom-domlalarimizning maʼruza-maqolalaridagi maʼlumotlar maʼnaviyat va maʼrifat yoʻnalishiga hamda tarbiya sohasiga daxldor har bir inson uchun, har bir (!) MЕHRI BЕPOYON OTA UCHUN, har bir (!) MЕHRI DARYO ONA UCHUN beqiyos ensiklopedik manba boʻlib xizmat qiladi.
“Jaholatga qarshi maʼrifat” bebaho gʻoyani “Hidoyat” jurnali, “Islom nuri” gazetasi va “Moʻminalar” jurnallarimiz orqali ham, bagʻoyat ehtirom bilan, hurmat ila zikr etilgan imom-domlalarimizning maʼruza-maqolalari bilan ham ancha taʼsirli va unumli amalga oshirishimiz mumkinligini hammamiz juda yaxshi bilamiz.
Buning uchun nafaqat oʻzimiz foydalanishimiz, balki atrofdagilarimizni ham targʻib etishimiz – ham farzimiz, ham qarzimiz, ham burchimiz boʻlishi darkor!
Iloha oʻzlarimizni ham, farzand-zurriyotlarimizni ham Mehribon Parvardigorimiz Oʻzi buyurgan, Janob Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam tavsiya etgan, oʻtmishda oʻtganlarimizni ruhlari shod boʻladigan, xalqimiz xursand boʻladigan, ota-onalarimiz rozi boʻladigan yoʻllardan yurishimizni nasib etsin!