Jadidlik harakati namoyandasi Abdurauf Fitratning ijod yoʻli juda rang-barang. U Turkistondagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotdagi muammolardan tashqari, oʻlkadagi tabiat, atrof-muhit va ekologik muammolarga taalluqli qimmatli fikrlarni ham ilgari surgan.
Fitrat: “Aql – Alloh tomonidan berilgan, insonlarni ikki dunyo saodatiga yetaklovchi eng buyuk neʼmat”, deb taʼriflaydi. Odamzod tabiat, uning hodisalari va jonzotlar oldida ancha ojiz boʻlganini, dastavval yirtqich hayvonlar hujumidan, iqlim oʻzgarishlaridan, ochlik va suvsizlikdan, tabiiy ofatlardan hamisha qoʻrqib ogʻir hayot kechirganini, keyinchalik bu qiyinchiliklarni Alloh bergan aql bilan birin-ketin yengib borganini aytadi [1:82]. Insonda tabiat hodisalariga munosabat va tabiatni anglash, asrab-avaylash tufayli ekologik madaniyat va bilimlar shakllanib borganini taʼkidlaydi.
Fitrat tabiat, atrof-muhit, bir soʻz bilan aytganda, ekologik madaniyat va bilimlarni ham mukammal egallagan adibdir. U jugʻrofiya – bu yer yuzi va undagi aholini oʻrganish ilmi ekanini, islom ulamolari uni yunonlardan oʻrganganini qayd etadi [2:100]. Fitrat islom mutafakkirlari jugʻrofiya ilmi rivoji uchun sayohatga chiqib, maʼlumot toʻplagani va bu fanni nodir asarlar bilan boyitganini aytadi.
Fitrat jugʻrofiya fani rivojiga hissa qoʻshgan qator allomalarning hayot yoʻli va asarlari haqida qimmatli maʼlumotlar keltirgan. U Abu Isʼhoq Istaxriy 340 yili dunyo kezib, “Kitobul aqolim” (“Iqlimlar haqida kitob”), Ibn Havqal Masʼuliy 28 yil davomida sayohat qilib, 350 yili “Al-masolik val mamolik” (“Yoʻllar va mamlakatlar”), Idrisiy (493-576) “Nusʼhatul mushtoq fi axboril ofoq” kitoblarini yozganini bildiradi [3:101].
Fitrat geografiya fanining ahamiyatiga toʻxtalar ekan, “Endi jugʻrofiya fani bizga kerakmi-yoʻqmi?” degan savolni oʻrtaga tashlaydi [4:101]. Uning fikricha, odamlar tijoratni rivojlantirish yoki boshqa xalqlar tarixini oʻrganish uchun sayohatga chiqadi. Jugʻrofiya ilmini bilmay turib, bu sayohatlarni amalga oshirish qiyin. Shu bois odamlarga geografiya fani va geografik bilimlar kerak.
Fitrat aqliy bilimlar haqida toʻxtalib, ularni bir necha qismga ajratadi: 1.Tabiiy ilm. 2 Riyoziy ilm. 3. Falsafiy ilm. Soʻng tabiiy ilmni ham guruhlarga boʻlib, tabobat, hikmat, nabotot, mahluqot va maʼdanlar ilmiga ajratadi [5:102].
Fitrat tabobat ilmi inson aʼzolarining kasalliklari va ularni davolash yoʻllarini oʻrganishga xizmat qilishini aytib, bu sohada koʻplab olimlar izlanishlar olib borgani va kelajak avlodga qimmatli asarlar yozib qoldirganini aytadi. Buyuk mutafakkir Ibn Sino haqida fikr bildirib, “Uning nomi bilan qiyomatgacha faxrlansak arziydi” [6:104], deydi va uning ijodi, tibbiyot sohasida erishgan yutuqlarini bayon etadi.
Fitrat tabiat ilmi – koinotdagi jismlarning mavjudlik sabablari, nabotot ilmi – oʻsimliklarning turli navlari, xususiyatlari, ularni yetishtirish yoʻllari, maxluqot ilmi – turli xil hayvonlar va ularning tabiati, maʼdanlar ilmi – yerosti boyliklarining kelib chiqishi, turlari va xususiyatlari haqida ekanini taʼkidlaydi [7:106].
Fitrat tabiiy ilmlar haqida maʼlumot berib: “Emdi koʻraylik-chi, tabiiy ilmlarni oʻrganish bizga lozimmi yo yoʻq?” degan savolni oʻrtaga tashlaydi. Bu savolga javoban muqaddas kitoblarda keltirilgan holatlardan misollar keltiradi. Shuningdek, tabiiy ilmlar yordamida boshqa millatlar taraqqiyotga erishganini aytib: “Bas, bizga ham tabiiy ilmlarning tahsili lozim va zarur” [8:106] deb, xalqni tabiiy fanlarni puxta oʻrganishga chorlaydi.
Fitrat pokizalik inson salomatligi va umrining uzayishiga xizmat qiladigan asosiy omil ekanini aytadi. Turkiston oʻlkasida mavjud kasalliklarning asosiy sababi ifloslikdir, deb kuyinadi. U rivojlangan davlatlar aholisi tozalikni hayotining garovi qilib olganini, farzandlarini tozalikka oʻrgatishini aytadi. Fitrat islom dini odamlarni pokizalikka buyurganini, badan va libosini pokiza saqlash iymondan ekanini taʼkidlaydi va odamlarni tozalikka rioya etishga, atrof-muhitni obod saqlashga chorlaydi.
Fitrat salomatlik haqida toʻxtalar ekan, oʻz huzurini muhofaza qilolmagan millat oxir-oqibat halokatga duchor boʻlishini aytadi. Rivojlangan mamlakatlarda xalq salomatligini saqlash yoʻlida koʻplab ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidlaydi. Odamlarni manzarali bogʻlar yaratish, hasharlar orqali koʻchalarni tozalab, ekologik sof maskanlarni koʻpaytirishga undaydi.
Fitrat dunyoda xastalik turi juda koʻp ekani, bugungi olimlarning tadqiqotlariga koʻra, bezgak, sil, rishta, qizamiq, suvchechak, chubushak va boshqa kasalliklar turli yoʻllar bilan odamlarga yuqishini, olimlar bu holatni keltirib chiqaruvchi asosiy sabab deb mikroblarni koʻrsatayotganini aytib oʻtadi.
Fitrat: “Mikrob nima?” deb, u haqda bunday yozadi: “Koinotda biz koʻra oladigan maxluqotdan tashqari, koʻz koʻra olmaydigan maxluqlar ham bor. Lekin asrimiz hakimlari eng kichik zarralarni koʻruvchi mukammal asboblari bilan bu koʻzga koʻrinmas maxluqlarni koʻrib, ularni bir-biridan farqlaydi” [9:167]. Olimlar mikroblarni ikki guruhga ajratganini taʼkidlab: “Birinchisi – foydali mikroblar, ular jonzotlarning mavjudligi va salomatligini taʼminlab turadi, ikkinchisi – turli kasalliklar tarqatib yuradi”, deydi.
Fitrat mikroblar asosan suvda yashashini taʼkidlaydi. Shahar tashqarisidagi buloq va ariqlar atrofi turli chiqindilardan xoli boʻlgani sababli suvida mikroblar yoʻqligini, lekin shahardagi ariqlar xalajoylar tagidan oʻtganini, quduq va hovuzlar ochiq turishini, koʻl suvlari nazorat qilinmasligini, bunday joylar mikroblar makoni ekanini taʼkidlaydi.
Fitrat Buxoroda yoz oylarida xuruj qiladigan bezgak kasalligi toʻgʻrisida: “Istanbuldagi doktorlar bilan suhbatlashganimda, ular hali Buxoroni koʻrmay turib, “Buxoro atrofida koʻllar bor ekan-da”, dedi”, deb taʼkidlaydi [10:167]. Buxoroda bezgak tarqalishiga asosiy sabab uning suvi ekanini, zararli mikroblar suvdan odamga bir necha yoʻllar bilan oʻtishini yozadi. “Biz, turkistonliklar koʻpchiligimiz xalajoylarning yonidan oʻtgan suvni hovuzlarda toʻplab, bir tarafida yuz, qoʻl, oyoq yuvib, ikkinchi tarafidan esa zavq bilan chanqogʻimizni qondiramiz! Vaholanki, bu suvda toʻplangan mikroblar ichgan suvimiz orqali halqumdan yoki tish milklaridan qonga soʻrilib, jigarga, yurakka yoki boshqa aʼzoga borib oʻrnashadi, u yerda koʻpayib turli kasalliklarni keltirib chiqaradi” [11:167] deb, odamlarning tozalikka yondashuvini koʻrsatib beradi.
Fitrat quduq toza joydan qazilgan va usti doimo yopiq holatda boʻlsa, suv toza saqlanib, uni bexavotir ichish mumkinligini aytadi. Shaharda bunday quduqlarni qazish mushkul ekanini, chunki qabriston va notoza hududlarga yaqin joylarda qazilishini, ifloslangan oqimlar quduq suviga aralashib ketishini, undan ichilganda, mikroblar toʻgʻridan-toʻgʻri inson organizmiga oʻtishini, bu esa salomatlikka jiddiy xavf tugʻdirishini aytib, odamlarni suvdek pokiza neʼmatni turli chiqindilardan asrashga daʼvat etadi.
Fitrat odamlarga hasharotlar orqali ham mikrob yuqishini taʼkidlaydi. Chivin va pashsha mikrobli suvlarga qoʻnib, ularni taom va idishlarga koʻchiradi, chaqish orqali tanaga, undan qonga zararli bakteriyalarni oʻtkazadi, deb aytadi.
Fitrat toza ichimlik suvi haqida: “Tabiblar har bir xalqning salomatligi ichayotgan suvining tozaligiga bogʻliq. Mamlakat suvi iflos boʻlsa, aholi salomatligi ham yaxshi boʻlmaydi” [12:168], deb aytadi.
Fitrat Fransiya olimlari va tabiblarining toza ichimlik suvi olish borasida amalga oshirgan ishlari toʻgʻrisida soʻzlab, ular odamlar mikrobsiz suv ichishi uchun bir qancha hayratlanarli darajadagi mashinalar ishlab chiqarganini, biroq bu zamonaviy texnika ham toʻliq foyda bermaganini taʼkidlaydi. U eng yaxshi va foydali chora sifatida suvni yaxshilab qaynatib, toza idishga solib qoʻyib ichish yaxshi boʻlishini aytadi [13:168]. Aholining ekologik va tibbiy madaniyatini shakllantirishga eʼtibor qaratib, odamlarni imkon boricha hovuz, quduq va ariqlar suvini toza saqlashga, ifloslantirmaslikka chorlaydi va dinda ham suvni toza saqlash buyurilganini eslatib oʻtadi.
Fitrat tuproqni ham mikroblar shakllanadigan joy sifatida koʻrsatib, barcha chiqindilar tuproqqa aralashganidan soʻng vaqt oʻtishi bilan havo harorati va shamol kuchiga qarab, atrofga zararli bakteriyalar tarqalishini taʼkidlaydi. Mikroblar tuproqdan inson organizmiga hasharotlar, suv va havo orqali oʻtishini aytadi.
Fitrat bu muammolarning oldini olish va bartaraf etish choralari shahar koʻchalarini pokiza va havosini toza saqlashdan iboratligini taʼkidlaydi. Fransiya va Rossiyadagi keng va ozoda koʻchalarni misol keltirib, bu koʻzboʻyamachilik uchun qilinmaganini, u yerlarda atrof-muhitni toza saqlash uchun toʻgʻri va zarur qonunlar qabul qilinganini taʼkidlaydi. “Baxtga qarshi bizning koʻchalarimiz iflosligi shunday nafrat uygʻotadiki, taʼriflashga ojizmiz” [14:169] deb, shaharlarning ekologik jihatdan toza va ozoda boʻlishi har bir millatning hayoti uchun muhim ekanini, islom dini ham koʻchalarni toza tutishga amr etganini eslatib, odamlarni ekologik muammolardan xoli yashayotgan xorijliklardan ibrat olishga chorlaydi.
Fitrat yerosti boyliklaridan oqilona foydalanish orqali farovon hayot kechirayotgan xalqlar va taraqqiy etgan davlatlar toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlarni keltiradi. Angliya, Fransiya kabi davlatlar yerosti boyliklari, jumladan, toshkoʻmir, temir va neft orqasidan taraqqiyotga erishgan bir vaqtda, Turkiston oʻlkasida amirlar va xonlar oʻlkada yashirinib yotgan neft, temir va toshkoʻmir kabi maʼdanlarni topib ishlatish toʻgʻrisida oʻylamayotganini qattiq qoralaydi. “Ular ittifoq boʻlib, maʼdanlarni topib, ulardan foydalanmas ekan, bugun yo erta dunyoning bir tarafidan begonalar kelib, maʼdanlarni qazib dunyo-dunyo foyda topadi, boylarimiz esa hasrat barmoqlarini tishlab qolaveradi. Lekin u vaqtda hasratning foydasi boʻlmaydi” [15:176], deb kuyinadi.
Turkiston oʻlkasining Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi mintaqadagi yerusti va yerosti boyliklarining ayovsiz talon-taroj qilinishiga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanmaslik oqibatida ekologik muvozanat buzilishiga olib keldi. Bu Fitratning yuqoridagi qarashlari oʻta muhim chaqiriq ekanining isbotidir. Bu fikrlar uning uzoqni koʻra olgan millat fidoyisi boʻlganini, yerosti boyliklari qanday qiymatga egaligini oʻz zamonida eʼtirof etgan taraqqiyparvar ekanini koʻrsatadi.
Fitrat hayot uchun eng, avvalo, toza havo zarurligini, qanchadir vaqt ovqatlanmay oʻtirish mumkin, lekin havosiz bir daqiqa ham yashab boʻlmasligini aytadi [16:194]. Toza havo va koʻkalamzorlashgan maskanlar insonlar uchun foydali ekanini, hamma yerda havo musaffo, turli zaharli gazlardan xoli boʻlishi zarurligini, Fransiya va Rossiyada hukumat bolalar uchun bogʻlar, bahavo maskanlar barpo etganini, xushhavo va obod maskanda oʻsgan yoshlar har tomonlama sogʻlom boʻlishini alohida taʼkidlaydi.
Fitrat koʻkalamzorlashgan joylar va obod mahallalarda tozalikni saqlash zarurligini, u salomatlikning muhim sharti ekanini aytadi. Tozalik kattalar uchun qay darajada shart boʻlsa, yosh avlod uchun undan ham zarurroq ekanini, chunki ular kattalarga qaraganda kasalga tez chalinuvchan boʻlishini, bolaning tozaligiga chaqaloqligidan eʼtibor berish lozimligini, uni ifloslikdan hazar qilishga oʻrgatish kerakligini taʼkidlaydi.
Fitrat tozalik va gigiyenaga eʼtibor qaratib, ota-ona va oʻqituvchilarga quyidagi chaqiriq bilan murojaat qiladi: “Bas, ota-onalar, muallimlar bolalarning yuz-qoʻlini doim sovunlab yuvib, har tahoratda tishlarini misvok qildirib, kiyimlarini tez-tez almashtirib turishi lozim, ular mumkin qadar chivin va pashshasiz uylarda yashashi kerak” [17:195].
Xulosa qilib aytish mumkinki, jadidlik harakati namoyandasi Abdurauf Fitrat chin maʼnoda millat fidoyisi, ekologik madaniyat va bilimlarning faol targʻibotchisidir. Fitrat, birinchidan, aholini tabiatni asrab-avaylashga, resurslardan oqilona foydalanishga chorlagan boʻlsa, ikkinchidan, xonadonlar, koʻchalar, qishloq va shaharlarni ozoda saqlashga, bogʻlar va obod maskanlar barpo etishga undagan, uchinchidan, odamlarda tabiiy va ekologik bilimlar shakllanishiga xizmat qilgan, toʻrtinchidan, har bir oilada tozalikka qatʼiy rioya qilish orqali sihat-salomatlikni taʼminlashga zamin yaratgan.
-
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 5-jild. Ilmiy risolalar. – T.: Maʼnaviyat, 2010.
-
Abdurauf Fitrat. Tanlangan asarlar. 4-jild. Darslik va oʻquv qoʻllanmalar, ilmiy maqola va tadqiqotlar. – T.: Maʼnaviyat, 2006.
-
A.Aliyev. Abdurauf Abdurahim oʻgʻli Fitrat. – T., 1991.
-
D.Alimova. Jadidlik harakatining ijtimoiy-siyosiy mohiyati va jadidlar tafakkuri // Jadidlik. Davriy toʻplam. №1. – T.: Universitet. 1999.
-
H.Boltaboyev. Fitrat va jadidlik. – T., 2007.