Home / YANGILIKLAR / MЕHR-SAXOVAT VA OSOYISHTALIK BAYRAMI

MЕHR-SAXOVAT VA OSOYISHTALIK BAYRAMI

Prezidentimizning “Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida”gi qarori xalqimizning qadimiy va betakror bayramlaridan biri boʻlgan muborak ayyomni mazmun-mohiyatida mos tarzda nishonlashga qaratilgan keng koʻlamli chora-tadbirlarni belgilab berdi. Ushbu bayram xalqimizga xos insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari anʼana va qadriyatlarni asrab-avaylashda muhim oʻrin tutadi.

Oʻzbekistan taraqqiyotining yangi davrida Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha soha qatori diniy-maʼrifiy jabhada, xususan, din va eʼtiqod erkinligi yoʻnalishida, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurash borasida juda katta va salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, yangi Oʻzbekistonda turli millat va elatlar, diniy konfessiya vakillari oʻrtasida oʻzaro doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bagʻrikenglik tamoyillarini qaror toptirish, islom dini taʼlimotining tinchlikparvar va maʼrifatga asoslangani, har qanday qon toʻkish va terrordan yiroqligi, ulugʻ allomalarning boy ilmiy merosini oʻrganish kabi yoʻnalishlarda ilgari surilgan ezgu tashabbuslar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuksak eʼtirof etilmoqda.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, keyingi yillarda Oʻzbekistonda fuqarolarning vijdon erkinligi sohasidagi konstitutsiyaviy huquqlarini taʼminlash, jamiyatda diniy bagʻrikenglik va dinlararo doʻstlik-hamkorlik gʻoyalarini yanada mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.

Xususan, davlat organlari va jamoat tashkilotlari tomonidan fuqarolarning Konstitutsiya bilan kafolatlangan vijdon erkinligi huquqini taʼminlash hamda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratilgan keng koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Dunyoviy va diniy ilmlarni puxta egallagan yetuk mutaxassislarni tayyorlashga ixtisoslashtirilgan Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Toshkent islom instituti, “Mir Arab” oliy madrasasi, Hadis ilmi maktabi, 10 ta oʻrta maxsus islom bilim yurti hamda pravoslav va protestant seminariyalari faoliyat yuritmoqda.

Islom ilm-fani va madaniyatining boy tarixiy, ilmiy, maʼnaviy merosini har tomonlama oʻrganish, eng muhimi, islom dinining insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashish maqsadida Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Surxondaryoda Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy majmuasi tashkil etildi.

Fuqarolarning maishiy diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida respublikada faoliyat olib borayotgan diniy taʼlim muassasalari, ilmiy maktablar hamda Oʻzbekiston musulmonlari idorasining viloyat vakilliklari qoshida, shuningdek, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi hamda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida “Qurʼoni karim va tajvid” kurslari faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Yana bir muhim jihat fuqarolarimizning muqaddas ziyoratga boʻlgan ehtiyojlarini toʻlaqonli qondirish maqsadida “COVID-19” pandemiyasi sababli toʻxtatilgan uzoq muddatli tanaffusdan keyin, shu yilning 22 yanvar kuni ziyoratchilarimizning dastlabki guruhlari Saudiya Arabistoniga Umra safariga joʻnatilgan edi.

Natijada 2022 yil 22 yanvardan 15 maygacha 40 mingga yaqin ziyoratchilar Umra amalini bajardi. Eʼtiborli jihati Umra ziyorati uchun Toshkent — Madina va Toshkent — Jidda yoʻnalishlarida har kuni bittadan, ayrim hollarda ikkitadan maxsus aviareyslar tashkil qilindi.

Bugungi kunda 12 ming nafar ziyoratchi esa Haj amallarini bajarish uchun muqaddas Makka va Madina shaharlariga yetib bordi. Yana shuni alohida taʼkidlash kerakki, joriy Haj mavsumiga kvotaning oshirilgani, shubhasiz, yurtimiz ziyoratchilari uchun juda katta xushxabar boʻldi. Bu yil yurtdoshlarimiz Oʻzbekiston tarixida birinchi marotaba bunday katta adadda ziyoratga bordilar.

Hozirgi kunda ziyoratchilarning Haj amallarini emin-erkin ado etishlari uchun barcha qulaylik yaratilgan: maxsus ishchi guruhi, tibbiyot va oshpazlardan iborat xodimlar hojilarning sogʻlom, xavfsiz tarzda amallarni bajarishlariga xizmat qilmoqda. Yurtdoshlarimiz Makkai mukarramadagi moʻtabar maskanlarda turib yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va yaqinlarining salomatligini soʻrab duolar qilishmoqda.

Bunday xursandchilik shukuhi mamlakatimizda ham kezib yuribdi.

Davlatimiz rahbari qarori bilan joriy yilning 9 iyul kuni Qurbon hayiti — Iyd al-Adhoning birinchi kuni deb eʼlon qilingani hamda yana qoʻshimcha ravishda dam olish kunlarining belgilangani yurtdoshlarimizni benihoya shod etdi.

Qurbon hayiti asrlar mobaynida ajdodlarimiz tomonidan katta tantana va xursandchilik bilan oʻtkazilgan. Bu kunda keksalar, bemorlar holidan xabar olingan, ijtimoiy muhtoj qatlam vakillariga moddiy yordamlar koʻrsatilgan, oʻzaro sovgʻalar berilgan. Qurbonlik uchun soʻyilgan goʻshtdan nafaqat oʻz xonadoni, balki qoʻni-qoʻshni, qarindosh-urugʻ, beva-bechoralarga ham ulashilgan.

Bugungi kunda ham yurtimizda ushbu qadriyat bardavom. Iyd al-Adho ibodati ado etilgach, oila boshliqlari oʻz oilalariga shirinliklar va boshqa noz-neʼmatlar olib kiradi. Ota-ona, qarindoshlar holidan xabar olinadi, qurbonliklar qilinadi va u mahalla ahli, ehtiyojmand insonlar bilan birga baham koʻriladi.

Sir emas, oʻtgan davr mobaynida Oʻzbekistonda diniy erkinlik, dinlararo barqarorlik va diniy bagʻrikenglikni mustahkamlash borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Bu ijobiy oʻzgarishlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham yuqori baholanmoqda.

Xalqaro diniy erkinliklar boʻyicha ekspertlar, soha mutaxassislari mamlakatimizga tashrifi chogʻida diniy erkinlikni taʼminlash, amaldagi normalarni soddalashtirish, radikalizmga qarshi kurashish, qolaversa, maʼrifiy islom gʻoyalarini ilgari surish borasidagi amaliy ishlarga oʻzlari bevosita guvoh boʻldi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan minglab mahkumlarning afv etilishi, fuqarolarning turli roʻyxatlardan chiqarilishi, shuningdek, “Mehr” operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan ayollar va yosh bolalarning yurtimizga olib kelinishi yuqori darajadagi islohotlar sifatida ekspertlar tomonidan eʼtirof etildi.

Yaqinda yurtimizda keng nishonlanadigan Qurbon hayiti mohiyatida ham saxovat, birdamlik, oʻzaro ahillik, inoqlik va hamjihatlik, tinchlik va osoyishtalik singari eng ezgu gʻoyalar mujassamdir. Ushbu bayram barchamizga xursandchilik va farovonlik olib kelsin.

Davronbek MAXSUDOV,
Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisining birinchi oʻrinbosari
Manba: “Xalq soʻzi” gazetasi 2022 yil 2 iyul, №139(8201)

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …