Home / YANGILIKLAR / Xiva – Islom dunyosining turizm poytaxti

Xiva – Islom dunyosining turizm poytaxti

Ozarbayjon Respublikasi Baku shahrida boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkilotining 11-sessiyasi doirasida Xiva 2024 yil “Islom dunyosining turizm poytaxti” deb eʼlon qilindi. Boy tarixga ega shaharning bugungi koʻrinishi, ochiq osmon ostidagi muzey shahar deb eʼtirof etilishi ham bejiz emas, albatta.

Tarixni koʻz bilan koʻrish zavqli, Xivadagi bu moʻjizali koʻrinish esa har bir mehmonni hayratga sola oladi. Ellikdan ortiq meʼmoriy obidalar, muzeylar 3 ming yillik tarix haqida soʻzlaydi.

Koʻhna tarixning bugungi manzarasi ham sehrli. Xivaga keluvchi mehmonlarni hayratlantiradigan, sevintiradigan bu koʻrinish butun dunyo eʼtibori va eʼtirofida. Shaharning 2024 yil Islom dunyosining turizm poytaxti deb eʼlon qilinishi katta voqelik. Bu xushxabar barchani birdek sevintira oldi.

– Shahar hududida joylashgan mangulikka daxldor tarixiy obidalar, amaliy sanʼat namunalari, milliy anʼanalar, urf-odatlar, marosimlar teran tarixiy ildizlarga ega, – deydi Xorazm viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi boʻlim boshligʻi Sharifa Qurbonova. – Shuningdek, muhim hujjatlar, nodir qoʻlyozmalar ham boy tarix, muhim manba sifatida “Ichan qalʼa” muzeylaridan oʻrin olgan. Qolaversa, xalqaro tadbirlar, forumlarga mezbonlik qilgan koʻhna shahar bu. Turkiy dunyo madaniyati poytaxti maqomiga ega boʻlgan Xiva endi islom dunyosida turizm poytaxti sifatida ham eʼtirof etildi.

Islom hamkorlik tashkilotiga 57 ta davlat aʼzo boʻlgan. Bu davlatlarning turizm vazirlari va boshqa masʼullar ishtirokida Xorazmda ham yigʻilish oʻtkaziladi. Islom olami va ziyorat turizmi salohiyatini namoyish etishga imkon beruvchi ushbu tadbirdan ilmiy-amaliy anjumanlar, fotokoʻrgazmalar, art-ekspozitsiyalar oʻrin oladi.

Manba: OʻzA

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …