Home / MAQOLALAR / ZULHIJJA OYI FAZILATI

ZULHIJJA OYI FAZILATI

Alloh taolo nazdida zamon va makonlar fazlda barobar. Bir-biridan ortiq yo kam joyi yo’q. Lekin Oʻzi fazilatli qilgan zamon va makonlar bundan mustasno.

“Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni oʻn ikki oy qilib belgilangan. Ulardan toʻrttasi (urush qilish) harom (oylar)dir. Mana shu toʻgʻri dindir. (oy )larda oʻzingizga zulm qilmang” (Tavba surasi, 36-oyat)

“Va u yerda kim zulm ila yanglish yoʻlga burilishni iroda qilsa, unga alamli azobni tottirurmiz” (Haj surasi, 25-oyat).

Olimlar ushbu ikki oyatni dalil qilib, muborak zamon va makonlarda qilingan yaxshilik ajr-savobi ko’paytirib yozilganidek, gunohlar ham ziyoda qilib yoziladi, deydilar.

“Tongga qasam. (Zulhijja oy ining avvalgi) oʻn kechaga qasam. Juft va toqqa qasam” (Fajr surasi, 1–3-oyatlar).

Mazkur oyatdagi “juft”dan murod zulhijja oyining o’ninchi kuni, “toq”dan murod esa tŭqqizinchi kunidir. Mufassirlar Alloh taolo Zulhijja oĭining avvalgi o’n kuni bilan qasam ichgani uchun ham uni fazilatli, deydilar.

Abu Huraĭra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ibodat qilinadigan biror kun zul hijjaning oʻn kunidan Alloh taologa mahbub emas. Undagi har bir kunning roʻzasi bir yilga barobardir. Undagi har bir kechada turish qadr kechasida turishga barobardir”, dedilar» (Imom Termiziy rivoyati).

Ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo nazdida biror kun va u kunlarda qilingan amal ushbu oʻn kundagi amaldan afzal boʻlmas. Bas, bu kunlarda tahlil va takbirni koʻpaytiringlar. Chunki bu tahlil, takbir va Allohning zikr qilish kunlaridir. Bu kunlarda bir kunlik roʻza bir yilgi roʻzaga barobar boʻladi. Bu kunlarda qilingan bir amalga yetti yuz barobar (ajr) koʻpaytirib beriladi”» (Imom Bayhaqiy rivoyati).

Zulhijja oyi zikr mavsumidir. Hadisi sharifda ham bu muborak oyning avvalgi o’n kunida zikrni ko’paytirish, ayniqsa, tahlil va takbir kabi zikrlarga alohida urgʻu berish lozim.

“Maʼlum kunlarda Allohning ismini zikr qilsinlar” (Haj surasi, 28-oyat).

Olimlar bu kunlarda zikr qilishni mustahab sanaydilar. Jumhur ulamolar nazdida oyatdagi “Maʼlum kunlar”dan murod Zulhijja oĭining avvalgi o’n kunidir.

Muhaddislar Zulhijja oyining avvalgi o’n kunida bajarilgan amallar Alloh taologa boshqa oylarga qaraganda mahbubroq bo’lgani uchun ham fazilatli, deydilar.

Zulhijja oyining avvalgi o’n kuni fazilati to’gʻrisida juda ko’plab hadislar vorid bo’lgan. Ayni o’rinda mavzuimiz bilan bogʻliq bir qancha hadislarni keltirish bilan kifoyalandik, xolos.

Hadisi shariflarni teran o’rganib, tegishli xulosaga kelgan olimlar zulhijja oyining avvalgi o’n kunini turli savobli amallar bilan o’tkazishni, aĭniqsa, kunduzlarini ro’za tutib, kechalarini ibodat bilan o’tkazishni tavsiya qiladilar.

Zulhijjaning avvalgi o’n kuni afzalmi yoki ramazon oyining oxirgi o’n kuni afzalmi, degan masala ustida olimlar bahs munozara yuritishgan.

Olimlar, zulhijja oyining avvalgi o’n kunining kunduzi, ramazon oyining oxirgi o’n kunining kunduzidan afzal. Ramazon oyining oxirgi o’n kunining kechasi zulhijja oyining avvalgi o’n kunining kechasidan afzaldir, deydilar.

Xususan, zulhijja oyining avvalgi o’n kunida juda ko’p solih amallar bor. “Latoiful maʼorif” kitobida quyidagi naql keltiriladi. Tobeinlardan Abu Usmon Nahdiy rahmatullohi alayh aytadi: “Oldingilar uchta o’ntalikni ulugʻlar edilar: Ramazonning oxirgi o’n kuni, Zulhijjaning avvalgi o’n kuni va Muharramning avvalgi o’n kuni”.

Zulhijja oyi o’zida juda ko’p yaxshilik va fazilatlarni jamlagan. Bu kabi holatni boshqa birorta oĭda ko’rmaymiz. Zulhijja oyida arafa kuni, nafl ro’za, Qurbon hayiti, qurbonlik, haj, zikrlar, tashriq va shu kabi ko’plab solih amallar bor.

 Davomi bor…

Manba: muslim.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …