Poytaxtimizda “Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik – bosh mezon” mavzusida milliy konferensiya boshlangani toʻgʻrisida xabar bergan edik.
“Davlat organlari faoliyati ochiqligini taʼminlashda axborot xizmatlari va OAV hamkorligi istiqbollari” mavzusida “City Palace Hotel Tashkent” mehmonxonasida oʻtkazilgan anjuman Konferensiya ikkinchi ish kunining asosiy tadbiri boʻldi.
Unda soʻzga chiqqan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, Milliy mass-mediani qoʻllab quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktori Nozima Davletova, Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti rektori, Oʻzbekiston milliy media assotsiatsiyasi boshqaruvi raisi Sherzodxon Qudratxoʻja 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan tashkil qilingan tadbir ishtirokchilarini qutlab, keyingi besh yilda mamlakatimizda butkul yangi — davlat idoralari va tashkilotlarining matbuot kotiblari instituti shakllangani, sohada hozirga qadar amalga oshirilgan ishlar, kelgusi rejalar, bugungi kunda eʼtibor qaratilishi lozim boʻlgan dolzarb masalalar boʻyicha oʻz fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Konferensiya davomida davlat idoralari va nodavlat tashkilotlar rahbarlari: Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov, Senat qoʻmita raisi oʻrinbosari Farhod Boqiyev, Bosh prokuror oʻrinbosari Svetlana Ortiqova, Jurnalistlar uyushmasi raisi Olimjon Oʻsarovning “Ochiqlik, oshkoralik, va xolislik axborot siyosatining oʻzgarmas mezonlaridir”, “Davlat organlarining ochiqligini taʼminlashda axborot xizmatlarining vazifalari: taklif va tavsiyalar”, “Davlat idoralarining aholi fikrini inobatga olishi va ular oldida hisobdorligini taʼminlash borasida axborot xizmatlarining roli” va “OAV bilan samarali hamkorlikni oʻrnatish – davlat idorasi imidjini shakllantirishning muhim omili” mavzularidagi maʼruzalari tinglandi.
Anjumanda ishtirokchilar tomonidan davlat organlari ochiqligi va shaffofligini oshirishga qaratilgan farmon va qarorlar ijrosi sarhisob qilinib, vazirlik va idoralarning ijobiy tajribasini ommalashtirish va kamchiliklarni bartaraf etish masalalari muhokama qilindi va axborot makonidagi dolzarb vazifalar yuzasidan taklif, fikr va mulohazalar bildirildi.
Konferensiya doirasida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tashabbusi bilan davlat organlari mansabdor shaxslari va xizmatchilari uchun ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish boʻyicha ishlab chiqilgan tavsiyalar qoʻllanmasi ham taqdimot qilindi va barcha qatnashchilarga tarqatildi.
Konferensiya yakunida qatnashchilar uchun madaniy tadbir tashkil etildi.