Aziz yurtdoshlar! Yaratganga beadad shukrlar boʻlsinki, mana, 2 yildan beri intiqlik bilan kutganimiz haj safariga ham yoʻllar ochildi. 2022 yilgi mavsumda oʻzbekistonlik ziyoratchilar uchun kvotalar miqdori 7200 kishidan 10 ming 865 nafarga oshirildi. Bu, shubhasiz, millionlab insonlarning qalbiga xursandchilik olib kirdi. Keksalar tilida duo: yetkazganiga shukr, kimlar yetdi kimlar yetmadi, Alloh qodir qilsin, hammani Oʻzining baytiga yetkazsin…
Taassufki, yurtimiz boʻylab ana shunday xursandchilik shukuhi kezib yurgan bir mahalda ayrim internet nashrlari va ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari internet tarmoqlaridagi toʻliq asosga ega boʻlmagan maʼlumotlarni tarqatib, odamlarda norozilik kayfiyatini uygʻotishga harakat qilayotgani achinarli hol, albatta.
Ushbu maqolada yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlardagi turli asossiz va tagi yoʻq maʼlumotlarga chalgʻib qolmasliklari uchun quyidagi maʼlumotlarni eʼtiboringizga havola etamiz:
Birinchidan, “Haj-2022” mavsumi uchun 1 nafar ziyoratchiga toʻlov miqdori 62 million 900 ming soʻm soʻm etib belgilangani va ushbu toʻlovga nimalar kirishi haqida toʻxtalib oʻtsak.
Avvalo, Saudiya hukumati tomonidan haj safari narxiga taʼsir qiluvchi qoʻshimcha soliq va majburiy toʻlovlar joriy qilinganini, shuningdek, kommunal, transport, elektr-energiya va boshqa xizmatlar uchun toʻlovlar miqdori bir necha baravar (30-40 foiz) oshganini aytib oʻtish lozim.
Qolaversa, Haj amallarini tashkil etuvchi muassasalarning xizmatlariga 2022 yilda yangi majburiy toʻlovlar joriy etilgan. Shu bois dunyo mamlakatlari uchun haj xizmatlari narxi oʻrtacha 40-45 foizga koʻtarilgan.
Oʻrganishlar natijasida ayrim davlatlarda haj safari uchun “Iqtisodiy”, “Lyuks” va “VIP” paketlarda xizmat koʻrsatilmoqda.
Eng eʼtiborli jihati – Oʻzbekiston tomoni Saudiya bilan olib borilgan uzoq muzokaralar natijasida ziyoratchilarimiz uchun iqtisodiy paket narxiga lyuks darajasidagi xizmat koʻrsatishga erishdi va toʻlov uchun oʻrta narxni belgiladi.
Eslatib oʻtamiz, ayrim davlatlarda eng qimmat paketlar narxi 25 ming AQSH dollarigacha etib belgilangan.
Ikkinchidan, yurtdoshlarimiz joriy mavsumda birinchi marta Madina shahrida “Masjidi Nabaviy”dan 100 metr uzoqlikda joylashgan 5 yulduzli “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonalarida istiqomat qiladilar. Aslida, mazkur mehmonxonalar lyuks darajasida xizmat koʻrsatadigan mehmonxonalar sirasiga kiradi. Makka shahrida esa “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasida yashaydilar.
Ushbu mehmonxonalar yuqori sigʻimli ekani, muqaddas qadamjolarga yaqinligi bilan alohida ajralib turadi. Masalan, Makka shahridagi “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi barcha hojilarimizni bir vaqtda joylashtirish imkoniyatiga ega.
Uchinchidan, yurtimiz ziyoratchilarining safar davomiyligi ayrim qoʻshni davlatlar ziyoratchilari singari 14-17-20 kun emas, balki 26 kunni tashkil etadi. Bu ham, tabiiy ravishda, narxlarga oʻz taʼsirini koʻrsatadi.
Toʻrtinchidan, yana bir muhim jihat – joriy haj mavsumida Saudiya hukumatining qaroriga asosan, barcha toʻlovlar shirkatlar orqali emas, balki Saudiya Arabistoni Haj va umra vazirligining “Haj elektron portali” orqali belgilangan tartibda amalga oshirildi. Ushbu portalda har bir davlat uchun alohida hisob raqami mavjud boʻlib, barcha xizmatlar: mehmonxona, transport, mashoir va hokazolar uchun shu yerning oʻzida inson omilisiz shaffof holda amalga oshiriladi.
Beshinchidan, joriy mavsumda mashoir (Mino, Arafot, Muzdalifa) xizmatlari ham sezilarli darajada koʻtarildi. Shunday boʻlsada, iqtisodiy paket olindi va oldinlari taqdim etilmagan xizmatlar koʻrsatishga erishildi.
Jumladan, avvallari ziyoratchilar Mino vodiysida gilamda yotgan boʻlsalar, bu yil har bir hoji uchun maxsus yoyma toʻshaklar (matraslar) ajratiladi. Shuningdek, boshqa davlatlarda 3 mahal issiq ovqat berilmasa-da, yurtimiz ziyoratchilari uchun Mino va Arafotda ham 3 mahal issiq ovqatlar tortiq etiladi. Qolaversa, 24 soat davomida bepul tibbiy xizmat koʻrsatiladi.
Oltinchidan, haj uchun toʻlangan mablagʻ ichiga quyidagiar kiradi:
- Haj vizasi;
- Aviabilet;
- Shaharlararo (Madina-Makka-Jidda) transport xizmati;
- Madina shahrida “Zam-zam Pullman” va “Kraun Plaza” mehmonxonasi;
- Madina shahrida Uhud togʻi, Qubo va ikki qiblali masjidlarga ziyorat;
- Makka shahrida “Abroj al-Hidoya” mehmonxonasi;
- Mino, Arofat va Muzdalifa vodiylaridagi barcha xizmatlar;
- 24 soat tibbiy xizmat;
- Hojilarning tibbiy sugʻurtasi;
- 24 soat transport xizmati;
- 3 mahal isiq ovqat: nonushta, tushlik va kechki ovqat;
- Haj qoʻllanmasi;
- Davlat ramzlari tushirilgan nimcha va sumka;
- “Zamzam” suvi (5 litr);
- Respublikaning 7 ta hududidan kuzatish va kutib olish;
- Madinai munavvaraga toʻgʻridan-toʻgʻri aviareys;
- Qurbonlik.
Yuqoridagilardan ham anglagan boʻlsangiz, bu yil ziyoratchilarimizga yuqori darajada xizmat koʻrsatish rejalashtirilgan. Buning uchun barcha kuch va imkoniyat safarbar etilgan.
Maqsad aniq – yurtdoshlarimizning haj amallarini ishonchli va xavfsiz tashkil etish hamda ibodatlari mukammal boʻlishini taʼminlash!
Aziz yurtdoshlar!
Ushbu muborak safarni tashkil etish ishlari moʻmin-musulmon yurtdoshlarimizni rozi qilish tamoyili asosida olib borilayotganini eslatib oʻtamiz hamda vaziyatni toʻliq va puxta oʻrganmasdan tarqatilayotgan bir yoqlama maʼlumotlarga aldanib qolmasligingizni soʻrab qolamiz.
Soʻzimiz yakunida, ikki yillik tanaffusdan soʻng, haj safariga yoʻl ochilgani uchun Alloh taologa shukronalar aytib, ziyoratchilarimizning hajlari mabrur, gunohlari magʻfur, saʼylari mashkur boʻlishini Yaratgandan soʻrab qolamiz.