Yurtimizda yoshlar tarbiyasi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Yigit-qizlarimiz barkamol inson boʻlib ulgʻayishi uchun maʼnaviy tarbiyaga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilinayotgan turli qaror va farmonlar, amalga oshirilayotgan tadbirlar, amaliy ishlar natijasida farzandlarimiz barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishishmoqda.
Farzand tarbiyasida asosiy boʻgʻin bu albatta ota-ona hisoblanadi. Farzand insonga Haq taolo tomonidan berilgan eng buyuk neʼmatdir. Demak, bu saodatga erishgan har bir ota-ona neʼmatni qadrlamogʻi lozim. Oʻgʻil-qiz oldidagi ota-onalik burchini mukammal ado etib, ularga chiroyli taʼlim-tarbiya berish, Haq taoloning roziligini topadigan, millati, Vataniga munosib farzand boʻladigan, tengdoshlari muhabbatini qozonadigan barkamol inson boʻlib yetishishi uchun jon kuydirish zarur. Farzandning tarbiyali boʻlishi esa uning odob-axloqli boʻlishi bilan amalga oshadi. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday marhamat qilganlar: “Ota bolaga goʻzal odobdan yaxshiroq narsani bera olmaydi” (Termiziy rivoyati).
Ilk tarbiya, samimiy munosabat, goʻzal muomala oilada ota-ona namunasi orqali shakllanadi. Qush uyasida koʻrganini qiladi. Ota-ona farzandga qanday ibrat koʻrsatsa, farzand ayni shu yoʻldan ketadi. Abu Nasr Forobiyning: “Inson oʻz baxtiga erishishda goʻzallikni koʻrishi va his qilishining oʻzi yetarli emas, buning uchun goʻzallikni yarata olishi muhimdir”, degan fikrlarida chuqur ramziy maʼno bor. Mutafakkirning bu soʻzlarida ota-onalar oʻzlari namuna boʻlgani holda oilada, oʻzgalar bilan oʻzaro munosabatlarda, yurish-turishda, kiyinishda, farzand tarbiyasida, ular bilan boʻladigan muomalada goʻzal namuna yarata olishi zarur, degan gʻoya oʻz aksini topgan.
Inson hayotining har bir bosqichi muhim hisoblanadi. Yoshlik davri eng nozik, hayot yoʻllarining chorrahasidir. Bu chorrahada turgan yoshlar ilmga yoʻnaltirilsa yoki biron-bir kasbni boshini tutishi uchun ota-ona jamiyat, mahalla faollari tomonidan yoʻlga solib yuborilsa, unday yoshlar sekin-astalik bilan hayotda oʻz oʻrnini topib ketadi.
Yosh avlod tarbiyasida avvalo nimalarga eʼtibor qaratish lozim? Mutaxassislar tavsiyasiga koʻra, bola maktab yoshiga yetgunicha iltimoslari bajarilib, erkaliklardan qaytarilmaydi. Shundan soʻng unga asta-sekin tushuntirish, kattalarning oʻzi ibrat boʻlishi orqali tarbiya beriladi. Bola aqlan rivojlanishi uchun uning yoshiga mos turli kitoblar oʻqib beriladi, rivoyat va ibratli hikoyatlar, aqlini charxlaydigan oʻyinlar, mashgʻulotlarga jalb qilinadi. Ruhiy tarbiyasini yaxshilash uchun yaxshilik va yomonlik, axloq va odob kabi boqiy mavzularda sodda, bola ruhiyatiga mos suhbat va tushuntirish ishlari olib boriladi.
Bolaga goʻdakligidan xalq ertaklari va dostonlaridan, topishmoqlar, maqol va matallardan oʻqib berish, soʻzlash yoki uning oʻziga oʻqitish ham kerak. Bu bilan bolaning zehni oʻsadi, fikr doirasi kengayadi, dunyoqarashi boyiydi. Eng asosiysi, bola eshitganlarini oʻziga singdirib, yaxshi odamlarga ergashishga intiladi, ularning xulqu odobidan namuna oladi.
Jismoniy tarbiya berish uchun esa biror foydali mehnatga jalb qilish, milliy oʻyinlarimizdan kurash, suzish, merganlik kabi mashgʻulotlarni oʻrgatish lozim[1]. Bu borada Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizga suzish va kamon otishni, qizlarga ip yigirishni oʻrgating”, deganlar (Bayhaqiy rivoyati). Soʻng qaysi kasb-hunarga moyilligiga qarab, uni shunga yoʻllash lozim.
Albatta, yosh avlod tarbiyasining muammoli jihatlari ham yoʻq emas. Taassufki, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi loqaydligi tufayli oilalarda turli muammolar, ziddiyatlar yuzaga kelishi, ularning bilib-bilmasdan turli nomaqbul yoʻllarga kirib qolish holatlari uchrab turibdi. Natijada ular qilgan xato tufayli ota-ona, mahalla-koʻy, qavmu qarindoshlarning boshi egilib qolmoqda.
Farzand kamolotida qanday shaxslar qurshovida boʻlishi ham juda muhim hisoblanadi. Agar atrofidagi doʻstlari odobli boʻlsa, u ham albatta, odobli boʻlishga harakat qiladi. Lekin atrofidagilar tarbiyasiz boʻlsa, bu farzand tarbiyasiga ham salbiy taʼsir oʻtkazmasdan qolmaydi.
Afsus bilan aytish kerakki, baʼzi bir oilalarda farzand tarbiyasiga eʼtibor anchayin susaygan. Ota-ona doimo bolaning koʻngliga qaraydi, xarxashasini koʻtaradi, ammo maktabda yurish-turishidan, oʻrtoqlari kim ekanidan bexabar boʻladi. Hatto internet saytlariga kirib, nimalarni koʻrayotganlarini ham bilmaydi. Bunday bola kitob oʻqimaydi, sekin-asta koʻrgan narsalari taʼsirida, milliylikni yoʻqotib, “ommaviy madaniyat” unsurlarini oʻzlashtira boshlaydi. Shu bois ota-ona jilla qursa nonushta payti dasturxon atrofida farzandga ozgina oʻgit berib turishi, milliy qadriyatlar, odob-axloqqa doir hadisi shariflar, turli hikoya, hayotiy voqealarni aytib berishi, kelajakdagi maqsadlari bilan qiziqishi, lozim. Ota-onalik burchi va masʼuliyati mana shunday paytlarda yaqqol namoyon boʻladi.
Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, farzand ota-onaning baxti boʻlsa, tarbiyasi uning ulkan vazifasidir. Zero farzandning buguni, ertasi va umuman kelajagi shunga bevosita bogʻliq. Yoshlarimizning komil inson, goʻzal xulqli, dunyoqarashi sogʻlom boʻlib voyaga yetishida ota-ona, mahalla faollari va hadisi shariflarning oʻrni beqiyosdir.