قَال رسول الله ( صلى الله عليه وسلم ) : الدِّينُ النَّصِيحَةُ لِلَّهِ وَلِرَسُولِهِ وَلأئِمَّةِ الْمُسْلِمِينَ وَعَامَّتِهِمْ
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Din Alloh va uning Rasuli uchun hamda musulmonlarning rahbarlari va barcha musulmonlar uchun qilinadigan nasihatdir!”.[1]
Ulamolar Islom dinining mohiyati shu hadisda jamlangan, deb aytgan. Hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qisqa iboralar bilan maʼnolarni ifodalab, islom dinining asosi nasihat uzra qurilganligini taʼkidladilar. Darhaqiqat, islom dinining asosiy manbasi hisoblangan Qurʼoni karimda ham “… Allohga va Rasuliga sodiq boʻlsalar, nasihat qilsalar, gunoh yoʻq… ”[2] deb taʼkidlanadi. “Biz ushbu kitobda biron narsani bayonsiz qoldirmadik”[3] oyatida taʼkidlanganidek, Alloh taoloning Kitobi dinning barcha masalalarini oʻzida mujassam etgan. Inson oʻziga berilgan hayot davomida qanday umrguzaronlik qilishi, nimalardan saqlanishi va barcha-barchasi Kitobda oʻz ifodasini topgan. Shuning uchun kim unga imon keltirib amal qilsa, shariatning hammasini ijro etgan boʻladi. Alloh taolodan savob umidida diniy va dunyoviy nasihatlarni soʻzlaydigan har bir nasihatgoʻy musulmon hidoyatga chaqiruvchidir.
Hadis matnida kelgan “din” soʻzi arabcha soʻz boʻlib, mulk, hukm, hisob, jazo, tadbir, boʻysunish, itoat qilish, ibodat, parhez, yoʻl tutish, odat qilish, eʼtiqod qilish kabi maʼnolarni anglatadi.
Shuningdek, “din” soʻzi arab tilida turli maʼnolarda ham qoʻllaniladi, Masalan, Qurʼoni karimda “din” soʻzi turli maʼnolarda100dan ortiq marotaba keltirilgan boʻlib, bu maʼnolarning hammasi ayni vaqtdagi din atamasida ham oʻz aksini topgan.
“Din”da Allohning mulki, hukmi, qiyomatdagi hisob-kitobi, osiylarni jazolashi, tadbir qilish kabi maʼnolari mavjud. Shuningdek, bandaning boʻysunishi, itoat qilishi, ibodati, parhezkorligi, Alloh koʻrsatgan yoʻlni tutishi, maʼlum ishlarni odat va eʼtiqod qilishi kabi maʼnolarni ham oʻzida ifodalaydi. Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda “din” Alloh bilan banda orasida boʻlishi kerak boʻlgan aloqalar yigʻindisi ekanligini anglash mumkin. Musulmon ulamolar mazkur maʼnolarni eʼtiborga olgan holda “din”ni “Sogʻlom aql egalarini ularning oʻz ixtiyorlariga binoan bu dunyoda salohiyatga, u dunyoda najotga eltuvchi ilohiy koʻrsatmalar” deb taʼriflagan.[4]
Demak, din – insonlarni ezgu va xayrli amallarga chorlab, yomon va qabih ishlardan qaytarib turuvchi, eʼtiqod va amal borasida insonning butun bir hayot yoʻlini belgilab beruvchi ilohiy dasturdir. Imom Buxoriy ham bu hadisni muhim ahamiyatga ega ekanligi uchun “Imon kitobi”da alohida bob ochib, ushbu hadis bilan boshladi.
“Nasihat” soʻzi ham xulus (xolis) – pokiza, toza” degan maʼnolarni anglatib, biror kishiga nasihat qilmoqchi boʻlgan inson oʻz qalbidagi pokiza narsalarini unga berishidir. Nasihat qilayotgan odam oʻzi pokiza boʻlmogʻi va qalbidagi pokiza narsalarni birovga ulashmogʻi darkor.
Jamiyatimizdagi ziyoli olimlar ulgʻayib kelayotgan yosh avlodni nasihat bilan ziynatlamogʻi, oʻzlarining xayrli ishlari bilan oʻrnak boʻlmogʻi lozim. Chunki, nasihat bilmagan kishiga bilmaganini oʻrgatadi, bilganga bilganini yodiga soladi. Din nasihat bilan qoim turadi. Nasihat tinglaganlar ikki dunyoda saodatli boʻladi. Dono xalqimizda aytilganidek:
Nasihat tinglaganlar, bilingkim ahli davlatdur.
Islom dini insonlarni, oʻzaro hamjihatlikda yashashga, bir-birlariga samimiy munosabatda boʻlib, yaxshi ishlarga buyurishga va yomon ishlardan qaytarishga targʻib etadi. Zero, muqaddas dinimizning bosh gʻoyasi nasihat, yaʼni samimiylikdan iborat boʻlib, barcha paygʻambarlar mana shu burch bilan yuborilgan.
Shariati islomda har bir amalning shartlari va tartibi boʻlganidek, nasihatning ham oʻz shartlari va odoblari bor;
- Musulmon kishi birodariga pandu nasihat qilmoqchi boʻlsa, buni boshqalardan pinhon ravishda bajarishi shart. Zero, birodarining aybini berkitgan kishining gunohini Alloh taolo dunyo va oxiratda oʻzgalardan berkitadi.
Fozillar deydilarki: “Boshqalarga eshittirmasdan birodarining yolgʻiz oʻziga mavʼiza qilmoq nasihatdir. Ammo xaloyiq oʻrtasida birovga vaʼz oʻqimoq nasihat emas, haqoratdir”;
Fuzayl ibn Iyoz aytadi: “Moʻmin kishi birodarining aybini odamlar koʻzidan berkitib, unga nasihat qiladi. Fojir kimsa birovning aybini ovoza qilib, unga loy chaplaydi”.
- Nasihat qilishning eng muhim shartlaridan biri, biron masalada maslahat soʻragan kishiga xolis maslahat berishdir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bu hada: “Bir musulmon oʻzining birodaridan maslahat soʻrasa, birodari albatta unga xolis maslahat bersin ” dedilar;
- Musulmon birodaringizga qilishingiz mumkin boʻlgan nasihatdan yana biri – oʻzi yoʻq boʻlgan oʻrinda uning yonini olish, obroʻsini himoya qilishdir. Chunki bunday nasihat musulmonning oʻz birodariga sodiqligini koʻrsatadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir musulmonning boshqa musulmon ustidagi haqlaridan biri oʻzi yoʻqligida unga xolislik qilishidir,” dedilar;
- Nasihat faqat til uchida boʻlmasligi lozim. Yaqin doʻst-yor, qoʻni-qoʻshnilarimizning aybini berkitib, xatolarini tuzatishimiz, ularga zarar keltiradigan ishlardan tiyilishlik va manfaat keltiradigan ishlarni amalga oshirish, kattalarni hurmat qilib, kichiklarga shafqat koʻrsatish, xiyonat va hasad qilishdan yiroq boʻlish kabi yomon illatlardan saqlanishliklarini tushuntirishimiz kerak. Nasihat orqali bir insonga jamiyatga toʻgʻri yashashligi uchun yoʻl koʻrsatgan boʻlamiz. Zero, Fuzayl ibn Iyoz aytganidek: “Bizning nazarimizda yuksak maqomli kishilarni koʻp namoz oʻqish yoxud doim roʻza tutish orqali bu darajaga yetishmagan, aksincha ular qalb saxovati, koʻngil musaffoligi va ummatga yaxshilikni sogʻinish bilan shu darajaga erishganlar”.
Hadisning umumiy maʼnosi:
“Din Alloh uchun nasihat”
Hadis matnidagi “Alloh uchun nasihat” iborasini ulamolarimiz, qalbimizdagi eng pokiza narsalarni Alloh taologa yoʻllamogʻimiz, Alloh taoloni boru birligini eʼtirof etib imon keltirmogʻimiz, unga amallarimiz, ibodatlarimiz, farzlarimizni muhabbat ila mukammal Alloh uchun xolis qilmogʻimiz va harom qilgan narsalardan saqlanib, halolga ragʻbat qilish, deya taʼrif bergan.
Zero, Alloh taolo nasihat qiluvchilarning nasihatidan hamisha azaliy va abadiy behojatdir. Tangri taologa nasihat quyidagi ishlar bilan amalga oshiriladi:
- ilohlikda Unga biror narsani sherik qilmasdan xolis qalb bilan imon keltirish;
- zohirda ham botinda ham U uchun tavozeʼli boʻlish;
- Uni barcha barkamol va ulugʻ sifatlari bilan sifatlash;
- Uni har qanday nuqsondan poklash;
- Alloh taoloning Kitobiga, shariatiga amal qilish. Qurʼoni karimda aytilganidek[5] islom dini – Alloh taolo tomonidan rozi boʻlingan, va eng soʻnggi samoviy, toʻgʻri dindir;
- ibodatni Unga xolis qilish;
- Paygʻambar Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan Kitob – Qurʼoni karimni oʻqib oʻrganmoq, agar bu ishga qodir boʻlmasa shariat ilmi peshvolarini oʻziga doʻst tutmoq;
- Robbisiga itoatgoʻy bandalarni doʻst tutish;
- oʻzini va oilasini hamda atrofidagi insonlarni, shuningdek, Alloh taolodan mukammal holda nozil boʻlgan bu dinni turli buzgʻunchi va adashgan kimsalarning gʻoyalaridan himoya qilish.
Imom Hasan Basriy aytadi: “Odamlar xolis Alloh uchun bir-birlariga nasihat qilishda bardavom boʻlib kelgan. Ulamolar insonlarning zimmasidagi haqqi haqida nasihat qilishib, Alloh uchun yoʻldan adashib ketayotgan kishilarni adashib ketmasliklari uchun xayrli ishlarni bajarishga doim nasihat qilishlikka chaqiradilar.” Inson qalbini sof, amalini xolis qilib, boshqalarni toʻgʻri yoʻlga chaqirib yomon yoʻllardan qaytarishi bilan buyuk ajru savoblarga erishadi.
“Uning Rasuli uchun nasihat”
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam risolatlarini tasdiqlagan, u zot olib kelgan Qurʼoni karim va sahih Sunnatdagi barcha xabarlarga iymon keltirgan kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nasihat qilgan boʻladi. Shuningdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi koʻrish va buyruqlariga itoat etish ham, u zotga qilingan nasihatdir. Aslida Rasulullohni yaxshi koʻrish Allohni yaxshi koʻrish demakdir: “Ayting: “Agar Allohni yaxshi koʻrsangiz, menga ergashinglar. Shunda Alloh ham sizlarni yaxshi koʻradi…”(Oli-Imron surasi, 31-oyat).
Paygʻambar sollallohu alayhi vasallam vafot topganlaridan soʻng u kishiga nasihat qilish uchun musulmonlar quyidagilarni qilishi lozim:
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hayot yoʻllari va turmush tarzi haqida maʼlumot beruvchi tarix va siyrat kitoblarni oʻqib-oʻrganmoq;
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning axloq va odoblari bilan oʻzini ziynatlamoq, zero, Alloh taolo Rasulullohni “xulqlari buyuk inson” ekanligini Qurʼoni karimning “Qalam” surasini 4-oyatida alohida taʼkidlab keltirgan;
- Soʻz va amalda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlariga rioya qilmoq;
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini odamlar orasida targʻib qilmoq;
- Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini nodonlar va dushmanlar igʻvo-tuhmatidan, adashgan toifalarning daʼvolaridan hamda dinda gʻuluv ketuvchilar unga olib kirgan bidʼat-xurofotlardan himoya qilmoq. Hozirgi vaqtda din va shariat nomidan oʻz shaxsiy manfaatlari va gʻarazli maqsadlari yoʻlida foydalanuvchi turli oqimlardan Rasuli akram sollallohu alayhi vasallamning pokiza sunnatlarini himoya qilish burchi ulamolarimizning zimmasiga ulkan masʼuliyatlarni yuklaydi.
Imom Ojurriy aytadi: “Rasulullohga nasihat qilish ikki yoʻl bilan boʻladi: u zotni koʻrib, u zotni oʻziga doʻst tutganlarga (sahobalarga) nasihat va u zotni koʻrmaganlarga nasihat. Sahobalarga nasihat qilish ularni ulugʻlash va hurmat qilish hamda soʻzlarini beeʼtibor qoldirmaslik orqali hosil boʻladi. Ammo Rasulullohni koʻrmaganlarga nasihat qilish u zotning sunnati saniyalarini muhofaza qilish va uni ummatga yetkazish, Alloh taoloning shariatini odamlarga oʻrgatish, ularni yaxshi ishlarga buyurib, yomon ishlardan qaytarish orqali hosil boʻladi. Agar shunday qilinsa, bu ishni qiluvchisi “paygʻambarlarning merosxoʻri” boʻladi”.
“Hamda musulmonlarning rahbarlari uchun nasihat”
Musulmonlarning rahbarlari hamda oqil kishilari oʻz qoʻl ostidagi kishilarga din va diyonatdan nasihat qilmogʻi, bu nasihatlarida ularga jamiyatda fuqarolarning va rahbarning haqqi hamda burchlarini anglatmogʻi, jamiyatda jaholatni tarqalib ketmasligi uchun harakat qilmogʻi darkor. Shuningdek, Paygʻambarimiz (s.a.v) boshqa hadislarda “Har biringiz qoʻl ostingizdagilardan masʼulsiz” deya doimiy ogohlikka chorlaydi.
Fuqarolarga Allohning kitobi va Rasulining sunnatiga nasihat qilish borasida ayniqsa imom-xatiblar zimmasidagi masʼuliyatlari nihoyatda ulkandir. Zero, musulmonlarning rahbari deganda musulmonlarning ham dunyoviy, ham diniy ishlarida rahbar boʻlganlar ham tushuniladi.
Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ushbu koʻrsatmalariga amal qilgan holda muhtaram prezidentimiz boshchiligida milliy va diniy qadriyatlarimizni, maʼnaviy merosimizni tiklash va ularga oid manbalarni keng jamoatchilikka yetkazish borasida (jaholatga qarshi maʼrifat bilan) juda katta ishlar amalga oshirildi.
“Va barcha musulmonlar uchun nasihatdir!”.
Musulmonlar ommasiga nasihat ularga uxroviy hamda dunyoviy ishlarda foydali maslahat berish bilan boʻladi. Ommaning bir-birlariga nasihat qilmogʻi ham vojib ham odatiy amallardan biri hisoblanadi. Masalan, sotuvchi xaridorga molini sotayotganda uning bor sifatlarini hamda aybini aytib “xohlasang ol” demoqligi ham, shu jumladan, otaning oʻgʻliga, onaning qiziga beradigan tarbiyasi ham bir nasihatdir. Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda: “Musulmonlarga nasihat qilib ularni yaxshilikka chorlamaydigan odam moʻminlardan emas,” deyiladi. Jamiyatni yaxshilikka chorlash, yomon ishlardan qaytarish, yaʼni amru maʼruf nahiy munkar har bir oqil musulmon kishining zimmasidagi burchidir.
Ammo, musulmonlar jamiyatiga din-diyonatdan, xossatan Islom dinidan nasihat qiladigan kishilar avvalo bu nasihatning hosilasini oʻzida namoyon etmogʻi, shariat ilmini mukammal bilgan, din arkonlarini bajarishda, odob-axloqda boshqalarga namuna boʻlmogʻi kerak. Avvalo, tarbiyachining oʻzi tarbiyalangan boʻlishi, nasihat qiluvchi insonning oʻzi nasihat qilishga yetarli bilim va axloqqa ega boʻlishi, komil inson boʻlishi kerak. Komil insonning ahloqiy fazilatlari: insonparvarlik, doʻstlik, gʻamxoʻrlik, jonkuyarlik, samimiylik, odamiylik, bolajonlik, imonlilik, fidokorlik, xushmuomalalik, boadablik, iltifotlilik, kechirimlilik, mehmondoʻstlik, halollik, toʻgʻrilik, diyonatlilik, haromdan hazar etish, mehnatsevarlik, vatanparvarlik va hokazolardan iborat. Afsuski, musulmonlar bugungi kunda bir-birlariga nasihat qilmoq kabi maʼnaviy burchlariga beparvo boʻlib qoldi, ayniqsa, uxroviy ishlarda loqaydlik qilib, barcha eʼtiborni faqat dunyo ishlari va uning ziynatiga qaratmoqda.
Ibn Battol aytganidek: “Din – nasihatdir. Islom dini soʻzlarda voqeʼ boʻlgani kabi amallarda ham aks etadi. Nasihat imkoniyat darajasida amalga oshiriladi. Soʻzi qabul boʻlishiga koʻzi yetgan va biror zarar tahdid solmagan kishi nasihat haqqini ado etishga kirishadi. Ammo nasihat ortidan oʻziga ziyon-zahmat yetadigan boʻlsa, nasihat qiluvchi ushbu amalni toʻxtatishga haqqi bor”. Ammo, din-diyonat rivoji, yurtning kelajagi va jamiyat ravnaqi nasihat bilan ekanini jamiyatning oqil kishilari hech qachon unutmasligi lozim.
Har qanday jamiyat ichra nasihat bardavom boʻlsa, oʻsha millatning kelajagi albatta buyuk, xalqi farovon, fuqarolari oqibatli, mamlakati qudratli boʻlib boraveradi, insha Alloh taolo.