Home / FOTO LAVHALAR / AJDODLARIMIZNING MAʼRIFAT YOGʻDUSI MANGULIKKA DAXLDOR

AJDODLARIMIZNING MAʼRIFAT YOGʻDUSI MANGULIKKA DAXLDOR

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Islom hamkorlik tashkiloti (OIS)ning Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA – IRSIKA), Islom olamining taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) hamkorligida “Sharq allomalarining islom sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻtkazildi.

Onlayn tarzda tashkil etilgan konferensiyada Qozogʻiston va Qirgʻiziston musulmonlari diniy idoralari raislari, Malayziya, Misr, Pokiston, Turkiya, Germaniya, Buyuk Britaniya va Eron davlatlarining islom ilmlariga ixtisoslashgan oliy taʼlim hamda ilmiy muassasalar olimlari, diniy tashkilotlar va rasmiy din vakillari, taniqli ulamolar, soha mutaxassislari hamda mustaqil tadqiqotchilar ishtirok etishdi.

Konferensiyaning ochilishiga bagʻishlangan yalpi yigʻilishida soʻzga chiqqan mahalliy va nufuzli xorijiy tashkilotlar vakillari mamlakatimizda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlar ajdodlarimizning boy maʼnaviy merosini oʻrganish va yosh avlodga yetkazishga keng imkoniyatlar yaratayotgani, pirovardida xalqimizning boy tarixi va oʻlmas qadriyatlarini jahon miqyosida teranroq targʻib qilishga zamin hozirlayotganini taʼkidladilar.

Anjuman ishi toʻrtta shoʻba faoliyati asosida tashkil etildi. Shoʻba yigʻilishlarida ishtirokchilar tomonidan “Sharq allomalari merosida islom ilmlarining oʻrganilishi”, “Movarounnahrda, ijtimoiy,  tabiiy va aniq fanlar rivoji”, “Musulmon olimlarining jahon ilmfani taraqqiyotiga taʼsiri, “Musulmon allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” kabi yoʻnalishlarda qator mavzular muhokama qilindi.

Maʼlumki Markaziy Osiyoda ijod etib, beqiyos ilmiy xazina yaratgan mutafakkirlarning durdona meroslari, boy ijodi, ilmiy va falsafiy fikrlari dunyo ilmlari taraqqiyoti va islom ravnaqi uchun mustahkam tamal toshi boʻlib xizmat qilgan. Ularning nodir asarlari jahon sivilizatsiyasining oltin xazinasidan munosib oʻrin olib, butun dunyo fani va madaniyati tarixida oʻchmas iz qoldirgan. Mintaqaning yetuk faylasuf va allomalarning yuksak ilmiy salohiyati Movarounnahrni islom dunyosida yangi falsafiy va ilmiy bilimlar shakllangan yirik maʼrifiy markazga aylantirdi. Konferensiya ishtirokchilari buni oʻz maʼruzalarida yakdillik bilan eʼtirof etishib, buyuk ajdodlarimiz taratgan diniy va dunyoviy maʼrifatning mangulikka daxldor maʼnaviy qiymatini yuksak baholadilar.

Konferensiyaning shoʻba yigʻilishlarida jami 40 ga yaqin maʼruza tinglandi. Uning “Sharq allomalari merosida islom ilmlarining oʻrganilishi” deb nomlangan shoʻbasiga Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev va “Musulmon allomalarining jahon sivilizatsiyasiga qoʻshgan hissasi” nomli shoʻbasiga Markaz stipendiati, Malayziya Milliy universiteti huzuridagi Islom sivilizatsiyasi instituti direktori oʻrinbosari, dotsent Mohd al Adib Samurilar moderatorlik qildi. Shuningdek anjumanda Markazning bir necha ilmiy xodimlari xorijlik olimlar maʼruzalarini ingliz va arab tillaridan oʻzbek tiliga sinxron tarjima qilish orqali faol ishtirok etishdi.

Ishtirokchilar maʼruzalari yaqin istiqbolda yirik ilmiy toʻplam koʻrinishida chop etilishi rejalashtirilgan.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …