Home / YANGILIKLAR / TAHDIDLARGA QARSHI XALQARO, UYUSHGAN HARAKATLARNI AMALGA OSHIRISH ZARUR Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ish boshladi

TAHDIDLARGA QARSHI XALQARO, UYUSHGAN HARAKATLARNI AMALGA OSHIRISH ZARUR Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi ish boshladi

O‘ZBEKISTON TASHABBUSLARI – AMALDA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar, AQSH Global jalb qilish institutlari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi hamda Samarqand va Buxoro viloyatlari hokimliklari hamkorligida tashkil etilgan forumda Yevropa, Osiyo, Yaqin Sharq, Afrika mamlakatlari va AQSH yetakchi din ulamolari, ilohiyotshunoslari, huquqshunoslari va boshqa rasmiy vakillar ishtirok etmoqda.

“Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumi Prezidentimiz tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 2018-yil qabul qilingan “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” maxsus rezolyutsiyasida mustahkamlangan tamoyil va qoidalarni hayotga tatbiq etish bo‘yicha O‘zbekiston olib borayotgan izchil ishlarning bir qismi sanaladi. Shu bois, forum 2020-yilda davlatimiz rahbari tasdiqlagan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi maqsadlariga erishishga xizmat qiladi. 

Anjuman ochilish marosimida so‘zga chiqqan Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqaviy tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov, AQSH Global jalb qilish instituti vitse-prezidenti Jeyms Chen, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, AQSHning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Deniel Rozenblyumlar xalqaro forum jahon hamjamiyatiga o‘zbek xalqining boy madaniy-tarixiy va diniy-falsafiy merosi, mamlakatimizning konfessiyalararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlash, jamiyatda do‘stlik va o‘zaro hamjihatlik muhitini saqlab turish bo‘yicha siyosiy-huquqiy tajribasi bilan tanishish imkonini beruvchi muhim tadbir ekanini ta’kidladi.

Forum doirasida o‘tkazilishi mo‘ljallangan ilmiy-amaliy seminarlar ko‘p millatli jamiyatda konfessiyalararo muloqotni rivojlantirish sohasida tajriba almashish, diniy erkinlik masalasida qonun ustuvorligini ta’minlash, turli din vakillari o‘rtasida o‘zaro ishonch va hurmatni mustahkamlash bo‘yicha ilg‘or amaliyot bilan tanishish maqsadlariga xizmat qilishi qayd etildi.

Shu bilan birga, anjuman ishida turli mamlakatlar dinshunos olimlari, amaliyotchi mutaxassislariga jamiyatda tinchlik va totuvlikni saqlashning muhim sharti sifatida dinlar va madaniyatlar o‘rtasida samarali muloqot o‘rnatish sohasidagi eng yaxshi xalqaro amaliyot, ilg‘or xorijiy tajriba namoyish etiladi.

– Davlatimiz rahbari o‘zining qator chiqishida xalqaro hamjamiyatning diqqat-e’tiborini umumbashariy muammolarni yechishda sivilizatsiyalar, madaniyatlar o‘rtasidagi muloqotga alohida ahamiyati qaratib keladi, – deydi Sodiq Safoyev. – Darhaqiqat, dunyoda vaziyat shiddat bilan o‘zgarib bormoqda. Kechagi o‘lchamlar bugungi kunga to‘g‘ri kelmayapti. Shu bilan bir qatorda bugungi tobora globallashayotgan dunyoda hech bir muammoga alohida davlat tomonidan yechim topilishi mushkul. Barchamizni bezovta qilayotgan tahdidlar xalqaro, ko‘p tomonlama, uyushgan harakatlarni amalga oshirishni talab qiladi. Xorijiy hamkorlarimiz bilan muloqot uchun tizimli platforma yaratish juda muhim. Dinlar, madaniyatlararo bag‘rikenglik va uyg‘unlikni qaror toptirish, o‘rnashib qolgan stereotiplar va yanglish fikrlarga qarshi kurashish – umumiy vazifamiz. Aminmanki, ushbu forum aynan shu maqsadga xizmat qiladi.

Nufuzli tadbir 20-mayga qadar davom etadi. Xususan, 18-may kuni Samarqand shahriga tanishuv sayohatini tashkil etish ko‘zda tutilgan. Unda xorijiy delegatsiyalar mamlakatimizdagi eng qadimiy shaharlardan birining madaniy merosi bilan tanishadi, turli konfessiyalar diniy maskanlariga tashrif buyurib, diniy hamjamiyat vakillari bilan uchrashadi.

Anjuman 19-may kuni Buxoro shahrida “Deklaratsiyalar muloqoti” mavzusidagi xalqaro konferensiya bilan o‘z ishini yakunlaydi. Tadbirda ilmiy-amaliy seminarlar sarhisob qilinadi, e’tiqod erkinligi va dinlararo muloqotni ta’minlash masalasi bo‘yicha fikr almashiladi, kelgusi hamkorlik istiqboli belgilanadi.

Xalqaro uchrashuvning asosiy natijasi sifatida “Buxoro deklaratsiyasi” qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

Lutfulla XAYRULLAYEV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 17-may, 97-son

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …