Home / YANGILIKLAR / BOBOLAR MEROSI jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashda asosiy qalqonimiz

BOBOLAR MEROSI jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurashda asosiy qalqonimiz

Mamlakatimiz taraqqiyotining yangi davrida xalqimizning diniy-maʼrifiy ilmga ehtiyojini qondirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, hamma hududda masjidlar, ulugʻ ajdodlarimiz nomidagi majmualar, diniy taʼlim muassasalari barpo etilayotgani, chet ellik taniqli ulamolarning tashrif buyurayotganini yurtdoshlarimiz katta mamnuniyat bilan qarshi olmoqda.

Xalqimiz, xususan, yoshlarning maʼnaviy-maʼrifiy, ilmiy intellektual salohiyatini yanada yuksaltirish, diniy va dunyoviy bilimlar uygʻunligi asosida taʼlim sifatini oshirish maqsadida soha boʻyicha malakali kadrlar tayyorlashning yaxlit tizimi yaratilyapti. Jumladan, Prezidentimizning 2018 yil 16 apreldagi “Diniy-maʼrifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni bu boradagi ezgu ishlarni amalga oshirishda mustahkam huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Farmonga asosan, islom dini va hadis ilmi rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan buyuk ajdodlarimizning boy merosini chuqur oʻrganish, ular asos solgan hadis maktablari faoliyatini qayta tiklash va rivojlantirish, hadis va unga doir ilmlarni chuqur oʻzlashtirgan yetuk mutaxassislarni tayyorlash maqsadida Samarqand viloyatida Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Ushbu maktabda oʻqish muddati besh yil boʻlib, hadis ilmi, diniy fanlar mutaxassislari va arab tili oʻqituvchilari tayyorlanadi. Darsliklar “ustoz-shogird” anʼanasi asosida oʻrgatiladi.

Talabalar oʻqish davomida ixtisoslik fanlarini islom ilmlari rivojiga beqiyos hissa qoʻshgan yurtimiz va xorijiy allomalarning moʻtabar ilmiy asarlari asosida oʻrganadi. Islom olamida eʼtirof etilgan oltita ishonchli toʻplamdagi hadislarni yodlab, ularga yozilgan sharhlar yordamida dinimizning insonparvarlik mohiyatini oʻrganadi, koʻplab fazilatlarni oʻzlashtiradi. Shuningdek, oʻquv jarayoni qadimgi Buxoro, Samarqand, Qoʻqon va boshqa shaharlardagi madrasalarning oʻqitish anʼanalari hamda nufuzli xorijiy taʼlim muassasalarining tajribasi asosida yoʻlga qoʻyilgan.

Jumladan, ixtisoslik boʻyicha ishlab chiqilgan oʻquv rejasi va fan dasturlari dunyodagi yetakchi taʼlim muassasalarining nufuzli 20 nafar ulamosiga taqdim qilingan va ulardan ekspertlik xulosalari olingan. Xulosalarda Hadis ilmi maktabining oʻquv rejasidagi fanlar hamda ular asosidagi darsliklarni puxta oʻzlashtirgan bitiruvchilar nufuzli xorijiy oliy taʼlim muassasalarining magistratura bosqichida toʻgʻridan-toʻgʻri oʻqishni davom ettirishi mumkinligi eʼtirof etildi.

Bugunning talabiga koʻra, Hadis ilmi maktabida oʻquv jarayonini axborot texnologiyalari orqali tashkil etish, boshqarish va monitoringini yuritish maqsadida elektron portal faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Ushbu qulaylik natijasida talabalar fanlarga doir maʼlumotlardan hech qanday qiyinchiliksiz mustaqil xabardor boʻlib bormoqda.

Prezidentimiz 2019 yil 11 yanvar kuni Hadis ilmi maktabiga tashrifi davomida oʻquv metodikasini xalqaro talablarga muvofiq tashkil etish va rivojlantirish maqsadida xorijdagi nufuzli taʼlim muassasalarining malakali oʻqituvchilarini jalb etish lozimligini taʼkidlagan edi. Mazkur topshiriq ijrosini taʼminlash hamda mashgʻulotlarni yuqori saviyada tashkil etish uchun maktabga dunyoning nufuzli taʼlim muassasalaridan hisoblanadigan Misr Arab Respublikasining Al-Azhar universitetidan hadis ilmi hamda arab filologiyasi boʻyicha malakali mutaxassislar taklif etildi. Shuningdek, talabalarning xorijiy tillarda erkin muloqot qilish koʻnikmasini shakllantirish hamda dunyo axborot resurslaridan kengroq foydalanishi va chet tillarda ilmiy izlanish olib borishi uchun zarur shart-sharoit yaratildi. Xususan, maktabga Dehli universitetining Tilshunoslik ilgʻor tadqiqotlar markazi professori Ravinder Gargash ingliz tili mashgʻulotlarini oʻtkazish uchun jalb etildi. Qolaversa, talabalarning xorijiy tillarni puxta oʻzlashtirishini taʼminlash maqsadida chet tili auditoriyalariga sinxron tarjima uskunalari oʻrnatildi. Hozir ular xorijlik oʻqituvchilar bilan hamkorlikda arab va ingliz tillaridagi koʻp qismli multfilmlarni oʻzbek tiliga tarjima qilmoqda.

Oʻquv jarayonida talabalarning fanlardan oʻzlashtirish koʻrsatkichini aniqlash boʻyicha nazorat sinovi Al-Azhar universiteti tajribasi asosida oʻtkazilyapti. Kezi kelganda aytish joizki, oʻtgan oʻquv yilining birinchi va ikkinchi yarim yilligi yakuniga koʻra, talabalar malaka talablari boʻyicha mutaxassislik fanidan asosiy darslik hamda qoʻshimcha oʻquv adabiyotlarni “ustoz-shogird” anʼanasi asosida toʻliq oʻzlashtirdi.

Bundan tashqari, maktabda professor-oʻqituvchilar va talabalar uchun ijtimoiy-maʼnaviy muhitni yanada sogʻlomlashtirish, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida dinlararo totuvlikni mustahkamlash, yosh avlodni diniy bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, ularni turli maʼnaviy tahdidlardan himoya qilishga yoʻnaltirilgan davlat siyosati va hukumatimiz topshiriqlarini hayotga izchil tatbiq etish boʻyicha maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi.

Muassasa oʻqituvchilari viloyatdagi Hadis va Kalom ilmiy maktablari tinglovchilariga islom dini, Qurʼoni karim, hadis, aqoid kabi ilmlarning asl mohiyatini, yurtimizdan yetishib chiqqan mutafakkir zotlarning merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida islom diniga nisbatan sodir etilayotgan asossiz xurujlarning oldini olish boʻyicha ham mashgʻulotlar olib bormoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi malaka oshirish markazining Samarqand viloyati hududiy filialida tashkil etilayotgan malaka oshirish kurslarida nazariy va amaliy darslar oʻtilayotir.

Yana bir muhim jihat. Hadis ilmi maktabida oʻqituvchilar va xorijlik nufuzli ulamolar, mutaxassislarning maʼruzalarini audio va video shaklida yozib olish, yurtimizdan yetishib chiqqan boshqa buyuk ulamolarning saboqlari asosida telekoʻrsatuv hamda radioeshittirishlar tayyorlash maqsadida Multimedia boʻlimi tashkil etilgan. Mazkur studiyada mutaxassislik fanidan video darslar, qator maʼrifiy, xalqchil kitoblar asosida videoroliklar, ijtimoiy hayotimizga oid dolzarb mavzularda koʻrsatuvlar tasvirga olinib, muassasaning rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida eʼlon qilib boriladi.

Chet elda boʻlib qaytgan yurtdoshlarimiz xorijliklarning Imom Buxoriy, Imom Termiziy kabi buyuk hadisshunos bobolarimizga cheksiz ehtiromidan hayratga tushib qaytganiga koʻp guvoh boʻlamiz. Bu hurmat bejiz emas. Ajdodlarimizning bu qadar dovruq qozonishi zamirida katta mehnat, ilm yoʻlidagi zahmat, musofirlik mashaqqati yotibdi. Ularda bugungi imkoniyatlar boʻlganida, ehtimol, bundanda kattaroq natijalarga erishardi. Shu maʼnoda, mamlakatimiz yoshlari uchun muhayyo etilgan hozirgi shart-sharoitning maʼnaviy qiymati juda yuksak. Maktabimiz tinglovchilari bu imkoniyatdan foydalanib, bobolarimizga munosib avlod boʻlib yetishish yoʻlida aslo tolmaydi.

Olimxon YUSUPOV,
Hadis ilmi maktabi rektori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 21 aprel, 79-son

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …