Mamlakatimizning Vashingtondagi elchixonasi xabariga koʻra, xalqimiz uchun ezgulik, muruvvat va mehr-oqibat ramzi hisoblangan muborak Ramazon oyini munosib oʻtkazish maqsadida shu yilning 20 aprelidan 2 mayga qadar oʻzbekistonlik bir guruh imom-xatiblarning Amerika Qoʻshma Shtatlariga tashrifi tashkil etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
AQSHdagi diplomatik vakolatxonamiz tashabbusi va Oʻzbekiston musulmonlari idorasi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu tashrif doirasida imom-xatiblar yurtdoshlarimiz istiqomat qilayotgan va tahsil olayotgan Amerikaning 6 ta shahrida boʻladilar. Xususan, 20 aprel kuni Vashington shahriga, 21 aprelda – Filadelfiyaga, 22 aprelda – Nyu-York, 23 aprel kuni – Sinsinnatiga, 24 aprelda – Chikagoga, 25 aprelda esa Orlandoga tashrif buyurishadi.
Tashrif davomida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillarining vatandoshlar, milliy diasporalar yetakchilari bilan uchrashuvlari hamda mahalliy masjidlarda islom dinining qadriyatlari, radikalizmga qarshi kurashish, AQSHda yashovchi oʻzbek yoshlari oʻrtasida ekstremistik gʻoyalar tarqalishining oldini olish haqida maʼruzalar bilan chiqishlari kutilmoqda. Bundan tashqari, Oʻzbekiston imom-xatiblarining AQSH rasmiy, diniy va jamoat doiralari vakillari ishtirokidagi konfessiyalararo iftorlik, shuningdek, yurtdoshlarimiz tashabbusi bilan qurilgan masjidlarning tantanali ochilish marosimlarida ishtirok etishlari ham rejalashtirilgan.
Oʻzbekistonlik imom-xatiblarning AQSHga tashrifi doirasida AQSH Davlat departamenti, Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha AQSH komissiyasida alohida uchrashuv va muzokaralar oʻtkazilishi kutilmoqda. Shuningdek, amerikalik ekspert va jamoatchilik doiralarini Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik tamoyillarini taʼminlash va millatlararo totuvlikni mustahkamlash uchun amalga oshirilgan ishlar haqida xabardor qilish maqsadida AQSH Tinchlik instituti tahlil markazida brifing oʻtkazish ham rejalashtirilgan. Oʻzbekistonlik imom-hatiblar AQSHning Sharqiy qirgʻogʻida joylashgan, Amerika musulmonlarining asosiy ibodat maskani va Virjiniya shtatidagi 5000 dan ortiq oilalarga hizmat koʻrsatuvchi ADAMS markaziga borishadi hamda ushbu markaz bilan islom asoslari va arab tilini oʻrganish boʻyicha hamkorlikni yoʻlga qoʻyish masalalarini muhokama qilishadi. Ushbu keng qamrovli tashrif davomida ikki davlat diniy idoralari vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, akademik aloqalarni kuchaytirish, arab tilini va hadis ilmini oʻqitish borasida fikr almashish, amerikalik ziyorat sayohatchilarining Oʻzbekistonga safarlarini muhokama qilish ham koʻzda tutilgan.