Prezident Shavkat Mirziyoyev 8 aprel kuni Toshkent shahri Olmazor tumanida olib borilayotgan bunyodkorlik va mahallalarni obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.
2018 yil 15 iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga tamal toshi qoʻygan edi. Bugungi muborak Ramazon kunlarida davlatimiz rahbari ushbu majmuaga yana tashrif buyurdi.
Bu markaz ham mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha. Uning qurilishi qariyb toʻrt yildirki davom etmoqda. Majmua uch qavatli boʻlib, qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etilgan. Bino markazida ulkan gumbaz, toʻrt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. Bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Prezident Shavkat Mirziyoyev shu ishlarni koʻzdan kechirdi. Binoni pardozlashda qadimiy madrasalarimizdagi belgilar va issiq ranglardan foydalanilmoqda.
Davlatimiz rahbari majmuani chiroyli va sifatli qilib qurish bilan birga mazmuniga alohida eʼtibor qaratish zarurligini taʼkidladi.
Bugun, muborak Ramazon oyida, juma kunida bu yerga kelishimiz bejiz emas. Bunday ulugʻ ayyom kunlarida qilingan niyatlar amalga oshadi. Oxirgi yillarda ogʻir-ogʻir sinovlardan oʻtdik. Lekin bu yerda ish toʻxtagani yoʻq. Nima uchun buni qurayapmiz? Xalqimizning dunyoqarashini, gʻururini koʻtarish, qanday buyuk el ekanimizni ashyoviy dalillar bilan namoyon etish uchun, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Islom sivilizatsiyasi markazi xalqimizning maʼnaviy qudratini koʻrsatishi qayd etildi.
Oʻtgan yili Qashqadaryoda “Oʻzbekiston GTL” zavodini ochib, butun dunyoga mamlakatimizning iqtisodiy qudratini koʻrsatdik. Bu markaz xalqimizning maʼnaviy va maʼrifiy qudrati timsoli boʻlib qoladi, — deya taʼkidladi Prezident.
Davlatimiz rahbari devorlardagi ravoqlarning bezak va yozuvlari namunalari bilan tanishdi. Darvozalar tepasiga tinchlik, ilm, odobga
chorlovchi oyatlardan yozish maqsadga muvofiqligini aytdi.
Islom sivilizatsiyasi markazining tarkibiy qismlari toʻgʻrisida maʼlumot berildi. Birinchi qavatda muzey ombori, qadimiy qoʻlyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob doʻkonlari joylashadi.
Ikkinchi qavat majmuaning asosiy koʻrgazma maydoni boʻladi. Bu yerdagi Islom tarixi muzeyi 9 ta boʻlimdan tashkil topadi. Binoning markazida 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon musʼhafi qoʻyiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta — “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Taʼlim”, “Ilm-fan”, “Meʼmorchilik va shaharsozlik”, “Sanʼat va badiiy hunarmandchilik”, “Anʼanalar” hamda “Uchinchi Renessans — Yangi Oʻzbekiston” boʻlimlari joylashadi.
Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga moʻljallangan konferensiya zali boʻladi.
Prezidentimiz “Ilm-fan” boʻlimini koʻzdan kechirdi. Alloma bobolarimiz merosini keng va taʼsirchan targʻib etish boʻyicha tavsiyalar berdi.
Davlatimiz rahbari uchinchi qavatga chiqib, kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va maʼmuriy xonalar namunalarini ham koʻrdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi Universitet mahallasiga bordi.
Ijtimoiy dasturlarni mahallabay amalga oshirish — davlatimiz rahbarining eng asosiy talabi. Universitet mahallasida ham ish shunday tashkil etilgan. Fuqarolar yigʻini binosi zamonaviy taʼmirlangan. Uylar hovlisi, maydonchalar obod qilinib, ichki yoʻllar beton bilan tekislangan, 700 metr uzunlikdagi velosiped yoʻlaklari qurilgan.
Maʼlumki, oʻtgan yili noyabrda “Yashil makon” umummilliy loyihasi eʼlon qilingan edi. Davlatimiz rahbari bu jarayonda daraxt koʻchatlari ekish bilan birga mahallalarda ishkomli koʻchalar tashkil qilish zarurligini aytgan edi. Shunga muvofiq, Universitet mahallasida 750 metr uzunlikdagi ishkomlar oʻrnatilib, uzum koʻchatlari ekilgan. Koʻp qavatli uylar oldidagi maydonlarga rayhon, namozshomgul kabi gullar yetishtirilmoqda.
Universitet mahallasida 4 ming nafardan ziyod aholi yashaydi. 19 ta koʻp qavatli uyning qiyofasi, yoʻlaklari yaxshilandi. Bu yerda 150 oʻrinli xususiy maktab ham bor. Oʻndan ortiq kichik biznes korxonasida mahalliy yoshlar va ayollar ishlamoqsa.
Prezidentimiz mahallada bajarilgan ishlarni koʻzdan kechirdi. Mahalla faollari, nuroniylar bilan suhbatlashdi.
— Sizlarni avvalo Ramazon oyi bilan, mahallangiz shunday obod boʻlgani bilan tabriklayman. Bu salgina harakat qilsa, rahbarlar pastga tushib ishlasa, natija boʻlishining bir misoli. Ilgari mahallaning nomi bor edi, hokim xushi kelsa, gaplashardi. Hozir hamma tizimni mahallada mujassam qilayapmiz. Nima uchun? Har bir oilaga, har bir insonga yetib borish uchun. Bunday ishlar hamma mahallada tezroq boʻlishini istardim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Oʻtgan yili Toshkent shahridagi 579 ta mahallaga 2 milliard soʻmdan berilgan edi. Bu yil ham yana shunchadan mablagʻ yoʻnaltirilishi maʼlum qilindi.
Davlatimiz rahbari mahalladagi “Olmazor
xolding grand” boshqaruv servis kompaniyasi faoliyati bilan ham tanishdi.
Koʻp joylarda boʻlgani kabi Universitet mahallasida ham kommunal xizmat koʻrsatishda muammolar bor edi.
2021 yil 19 iyunda Oʻzbekiston Prezidentining “Koʻp kvartirali uy-joylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingandi. “Olmazor xolding grand” kompaniyasi ushbu imkoniyatlar natijasida tashkil topdi. Uning ikki qavatli binosida qulay sharoitlar yaratilgan.
Kompaniya 7 mahalladagi 103 ta koʻp qavatli uyga xizmat koʻrsatadi. Ilgari bu uylarga 27 ta shirkat qaragan. Ularda direktordan boshqa mutaxassis, maxsus texnika boʻlmagan. Hozir servis kompaniyasida 70 ta doimiy ish oʻrni yaratilgan. Maxsus texnikalar sotib olingan. Kompaniya binosida kommunal xizmatlar boʻyicha oʻquv markazi ham ochilgan.
Hisob-kitoblarda billing tizimi yoʻlga qoʻyilgan. Aholiga qulaylik yaratish maqsadida “Mening uyim” mobil ilovasi joriy etilgan.
Bundan tashqari, boshqaruv kompaniyasi binosidagi qoʻshimcha xonalar hamda koʻp qavatli uylarning yertoʻlasida 30 ga yaqin maishiy xizmatlar tashkil etilgan. Prezidentimiz ushbu shoxobchalarni ham kirib koʻrdi.
Shu yerda Toshkent shahri tumanlarida tashkil etiladigan boshqaruv servis kompaniyalari boʻyicha taqsimot oʻtkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Olmazor tumanidagi 102-sonli zaif eshituvchi bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatni borib koʻrdi.
Mazkur taʼlim muassasasi 1966 yilda tashkil etilgan boʻlib, 2016 yilda kapital taʼmirlangan. Ayni paytda bu yerda 221 nafar oʻquvchi
tarbiyalanmoqsa. Ularga oliy maʼlumotli defektolog va tarbiyachilar saboq bermoqda. Oʻtgan yili 21 nafar bitiruvchidan 3 nafari oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirgan.
Maktab-internatda 4 ta oʻquv binosi, 280 oʻrinli yotoqxona, oshxona, kutubxona, sport zali, faollar zali mavjud.
Davlat rahbari oʻqituvchilar bilan suhbatlashdi. Tarbiyalanuvchilarning mashgʻulot jarayonlarini koʻzdan kechirdi.
Toshkent shahar hokimligiga maktab-internatning oshxonasi va texnologiya xonalarini taʼmirlash, sport kompleksi va ishlab chiqarish ustaxonasi tashkil etish boʻyicha topshiriq berdi.
Xalq taʼlimi vazirligiga “Zamin” jamgʻarmasi bilan birga 2 ming 600 dan ziyod zaif eshituvchi bolalarni tibbiy tekshiruvdan oʻtkazib, ularni eshitish moslamalari bilan taʼminlash, eshitish qobiliyati tiklangan bolalarni bosqichma-bosqich umumtaʼlim maktablariga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.
Shundan soʻng maktab-internatda yurtimizdagi shunday ijtimoiy muassasalardagi sharoitlarni yaxshilash boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev soʻzining avvalida Qurʼoni karimning “Rahmon” surasidagi “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”, degan oyatni yodga oldi.
Keksalarga hurmat, muhtojparga mehr-muruvvat koʻrsatish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Pandemiya davrida “Saxovat va koʻmak” umumxalq harakati keng tarqalib, elimiz ehtiyojmandlarga begʻaraz yordam bergani, qiyinchilik va sinovlarni bahamjihat yengib oʻtgani buning yorqin misoli boʻldi.
Inson qadrini ulugʻlash, mehr va yordamga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlash — davlatimiz
ijtimoiy siyosatining muhim yoʻnalishi. Bu borada juda koʻp xayrli ishlar qilinmoqsa.
Oʻtgan yili 25 martda qabul qilingan Prezident farmoni asosida keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylarini yaxshilash choralari koʻrildi. Jumladan, Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojpantirish agentligi tashkil etilib, “Saxovat” va “Muruvvat” uylari, faxriylar sanatoriy va pansionatlari, boshqa qator tibbiy-ijtimoiy muassasalar uning tasarrufiga oʻtkazildi.
“Saxovat”, “Muruvvat” uylari, Respublika faxriylar pansionatining rahbar va shifokorlari ish haqi 1,5 barobarga, kichik va oʻrta tibbiyot xodimlari ish haqi 2 barobarga oshirildi.
Ushbu internat uylarda yashovchi 9 ming 400 nafar keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar hamda 18 ming nafar yolgʻiz fuqarolar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi.
“Zamin” jamgʻarmasi bilan hamkorlikda zaif eshituvchi 2 mingdan ziyod bolalar raqamli eshitish moslamalari bilan taʼminlandi, 11 ta ixtisoslashgan maktab-internat yordamchi tovush-nutq vositalari bilan jihozlandi. Nogironligi boʻlgan 900 nafar bola protez-ortopediya moslamalari, 1 ming 100 nafar shaxs pultli aravachalar bilan taʼminlandi.
Yigʻilishda viloyat hokimlari oʻz hududidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarga borib, u yerdagi ahvolni oʻz koʻzi bilan koʻrgani, muammolarni oʻrgangani haqida axborot berdi.
Jumladan, 12 ta “Saxovat” va “Muruvvat” uyida qoʻshimcha bino, 7 tasida yotoqxona, oshxona, tibbiyot boʻlimi, sport zali qurish, 21 tasida binolar va isitish-sovutish tizimini taʼmirlash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, 6 ta “Mehribonlik uyi”, imkoniyati cheklangan bolalarga ixtisoslashgan 11 ta maktab-internat taʼmirga muhtoj.
Prezident mutasaddilarga barcha tibbiy-ijtimoiy muassasalar ahvolini yana bir bor chuqur oʻrganib, zarur qurilish va taʼmirlash ishlarini qamrab olgan holda 2022-2024 yillarga moʻljallangan hukumat qarori loyihasini tayyorlashni vazifa qilib qoʻydi.
Bunday muassasalardagi keksalar, nogironligi boʻlgan bolalar va shaxslarni toʻliq tibbiy koʻrikdan oʻtkazib, ularni manzilli davolanish va dam olishga yoʻnaltirish boʻyicha topshiriq berildi.
Ota-ona qaramogʻidan mahrum koʻplab bolalar oilalarga qaytayotgani, 10 ta Mehribonlik uyi, 3 ta bolalar shaharchasi va 2 ta bolalar uyi ehtiyoj qolmagani sababli yopilgani qayd etildi.
— Bolalar uylari va ulardagi yetimlar soni kamaygani xalqimizning yuksak maʼnaviyati, iymon-insofini koʻrsatib turibdi. Lekin mamlakatimizda umuman, yetimlar boʻlmasa, qanday yaxshi boʻlar edi. Shuning uchun, imkon qadar ularni munosib oilalarga farzandlikka berish choralarini koʻrish lozim, — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Tibbiy-ijtimoiy muassasalar direktorlari soʻzga chiqib, taklif va mulohazalarini bildirdi.
Yigʻilishda mahallalarni ozoda va yashil makonga aylantirish, madaniy-maʼrifiy tadbirlarni koʻpaytirish vazifalari ham belgilandi.
Ziyodulla JONIBЕKOV, Abdulaziz MUSAYEV,
OʻzA muxbirlari