YASHIL MAKON
Yurtimizda azaldan turli millat va elat vakillari tinch-totuv, ahil-inoq yashab keladi. Ular irqi, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qatʼi nazar, diniy ibodat va marosim, milliy bayramlarini emin-erkin oʻtkazadi. Ayniqsa, soʻnggi yillarda millatlararo totuvlik va bagʻrikenglikni taʼminlash, doʻstlik muhitini va koʻp millatli katta yagona oila tuygʻusini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, xorijiy mamlakatlar bilan madaniy-maʼrifiy aloqalarni kengaytirish davlatimiz siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Bu yoʻnalishda keng miqyosdagi ishlar amalga oshirilmoqda.
“Yangi Oʻzbekiston” bogʻida tashkil etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi tadbir yurtimizda istiqomat qilayotgan turli millat va diniy konfessiyalar vakillarini yagona maqsad atrofida birlashtirdi.
Tadbirda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov, Din ishlari boʻyicha qoʻmita raisi Sodiq Toshboyev, Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan doʻstlik aloqalari qoʻmitasi raisi Rustam Qurbonov, mamlakatimizda faoliyat olib borayotgan diniy konfessiyalar yetakchilari hamda milliy madaniy markazlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbir davomida din arboblari atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari haqida soʻz yuritib, bu borada mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ijtimoiy-siyosiy islohotlarga oʻz munosabatini bildirdi.
– Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan ilgari surilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari yurtimiz boʻylab keng amalga oshirilmoqda. Ezgu maqsadning amaliy qadamlari oʻlaroq, mart oyida Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida yurtimizdagi 16 ta konfessiya vakillari ishtirokida uchrashuv boʻlib oʻtgan edi. Unda irqi, millati, diniy eʼtiqodga mansubligidan qatʼi nazar, barcha yurtdoshlarimizni “Yashil yillik” umummilliy tadbirida faol boʻlishga undovchi bayonot qabul qilindi.
“Yangi Oʻzbekiston” bogʻida bayonotning amaldagi ifodasi oʻlaroq, diniy konfessiya yetakchilari ishtirokida turli daraxt koʻchatlari ekilishida ham katta ramziy maʼno bor. Bu yerda turli millat va elat vakillari ezgu niyat, mushtarak maqsad atrofida birlashdi: “Bagʻrikenglik bogʻi” tashkil etildi, koʻchatlar oʻtqazildi. Ular, albatta, yillar oʻtib osmonga boʻy choʻzadi, oʻz soyasi bilan bu yerga tashrif buyurajak yurtdoshlarimiz hamda xorijlik mehmonlar qalbiga huzur bagʻishlaydi.
Bu kabi xayrli ishlarda har birimiz kamarbasta boʻlib, muntazam atrof-muhitni himoya qilish, yurtimizni pokiza saqlashga munosib hissa qoʻshishimiz zarur. Ayniqsa, dunyoda roʻy berayotgan iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq global muammolar, fojialar qarshisida insoniyatning ojiz qolayotgani, bizdan talab etiladigani neʼmatlarga shukr qilib, uni asrab-avaylashga turtki beradi.
Mamlakatimiz boʻylab davom etayotgan umummilliy tadbir doirasida har bir hududning iqlimiga mos, kam suv talab qiladigan koʻchatlar tanlanib, ularni yetishtirish uchun koʻchatxonalarni koʻpaytirish hamda aholiga kamida 10 million tup mevali va manzarali daraxt koʻchatini bepul tarqatish belgilandi. Quvonarlisi, xayrli tashabbusga xalqimiz chin dildan xayrixohligini koʻrsatmoqda. Ushbu tashabbusning amalga oshishida turli din va millat vakillari qoʻlni-qoʻlga berib, yagona va ahil oila aʼzolaridek ishtirok etmoqda.
– Bugun davlatimiz milliy siyosatining eng muhim ustuvor yoʻnalishlaridan biri – barcha millatlarning ravnaqi uchun teng sharoit va imkoniyat yaratish, millatlararo munosabatlarni uygʻunlashtirishdan iborat. Ayni paytda barchamiz bir osmon ostida, ezgu maqsad atrofida birlashib, umrguzaronlik qilyapmiz. Ana shu mushtaraklik namunasi – “Bagʻrikenglik bogʻi” yurtimizdagi birdamlik va hamjihatlik timsoliga aylanishiga shak-shubha yoʻq. Tadbir doirasida Oʻzbekistondagi barcha millat vakillari bir yoqadan bosh chiqarib, atrof-muhit koʻrkamligiga, ekologiya barqarorligiga oʻz ulushimizni qoʻshishni maqsad qildik. Daraxtlar – toza havo manbai. Toza havo esa salomatlikka, sogʻlom avlod kamoliga xizmat qiladi. Bu harakatimiz xalqimizga manzur boʻladi, deb ishonaman.
Bugun mamlakatimizda diniy tashkilotlar hamda milliy madaniy markazlarning emin-erkin faoliyat olib borayotgani, ular ishtirokida turli tadbirlar tashkil etilayotgani ham yurtimizda hukm surayotgan bagʻrikenglikning amaliy ifodasidir.