Home / YANGILIKLAR / Daraxt ekish – ezgu amal

Daraxt ekish – ezgu amal

YASHIL MAKON

Bugun mamlakatimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yishga har qachongidan ham katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz raisligida ekologik holatni yaxshilash va “Yashil makon” umummilliy loyihasini amalga oshirish bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ushbu yo‘nalishda mavjud holat tanqidiy tahlil qilinib, ustuvor vazifalar aniq belgilab berildi. Loyiha doirasida 200 million tup daraxt va buta ko‘chatlar ekish, shu orqali shaharlardagi yashil maydonlarni hozirgi 8 foizdan 30 foizga oshirish ko‘zda tutilgan.

Ushbu tashabbus doirasida Andijon viloyatida ham dadil qadamlar tashlanmoqda. Ko‘chatlarni yetishtirish, ekish va parvarishlash, tizimli sug‘orish ishlarida mas’ullarni tayinlash bo‘yicha aniq va manzilli vazifalar belgilandi. Yashil hududlarni kengaytirish, ekologik holatni yaxshilash bo‘yicha hududlar kesimida yashil maydon va yashil jamoat bog‘lari tashkil etilmoqda.

Birgina Andijon shahrida 1,98 gektar maydon ko‘kalamzorlashtirilmoqda. Shu yil “Cho‘lpon” bog‘ida 1 gektar, “Nodirabegim” bog‘ining 3,5 gektar yerida yashil jamoat maydonlarini tashkil etish ishlari boshlandi. 

Muqaddas dinimizda ham ko‘chat ekish ulug‘ va savobli amallardan hisoblanib, yerni obod qilish masalasiga alohida e’tibor qaratilgan. Ekilgan ko‘chat va o‘simliklar doimo Alloh taologa tasbeh aytib turadi. Ko‘chat ekayotgan kishi nafaqat o‘ziga, balki yon-atrofdagilar, kelajak avlodga ham manfaat yetkazadi. Bu amal ekuvchiga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so‘ng ham savob yetib turishiga sabab bo‘ladi. 

Shu o‘rinda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflarini yodga olsak: Anas ibn Molik roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadiki, Rasululloh sollallohu alayhivasallam: “Agar qiyomat qoyim bo‘lib qolsa-yu va shu vaqtda birontaning qo‘lida xurmo ko‘chati bo‘lsa, uni ekishga ulgursa, ekib qo‘ysin”, dedilar.

Bahor mavsumi ziroat, ko‘chat ekish faslidir. Ayni damda biz, diniy soha xodimlari ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Andijon viloyatidagi barcha masjidlarga, madrasa, qabriston va ziyoratgohlarga minglab daraxt ko‘chatlari ekib, yurtimizning yashil makon bo‘lishi uchun o‘z hissamizni qo‘shmoqdamiz. Jumladan, shu kunga qadar 4 mingdan ortiq mevali hamda 3 mingdan ortiq manzarali daraxtlar ekildi.

Quvonarlisi shundaki, Baliqchi, Buloqboshi, Marhamat, Jalaquduq, Oltinko‘l, Qo‘rg‘ontepa, Xo‘jaobod, Ulug‘nor, Izboskan, Paxtaobod, Shahrixon tumanlarida ekilgan ko‘chatlar yaproq yozib, mevalilari gullab ulgurdi.

Qishin-yozin yashil tusda bo‘lgan Xonobod shahri ahli obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish ishlarini doimiy vazifa deb biladi. Shaharning Yuksalish va Istiqlol mahallalaridagi yashil maydonlar adirlik joyda bo‘lganligi sababli tomchilatib sug‘orish yo‘lga qo‘yildi.

Ekilgan ko‘chatlar yurtimizni obod, shahar va qishloqlarimizni ko‘rkam qilibgina qolmay, toza havo, pokiza suv bilan ta’minlanishimizda muhim omildir. Bu yo‘nalishda diniy sohada ham qator rejalar, ustuvor vazifalar belgilab olingan. 2022-yil 1-mart kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Bayonoti qabul qilindi. Unda “Yashil makon” umummilliy loyihasining hayotimizda tutgan o‘rni, dinimizda ko‘chat ekish, bog‘ yaratishning fazilatlari, yurtni obod qilishga beriladigan ajru mukofotlar to‘g‘risida batafsil  ma’lumotlar bor.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida keyingi besh yilda respublikamizda bir milliard tup ko‘chat ekiladi. Kelajakda ushbu ko‘chatlarning 80 foizi, ya’ni 800 millioni o‘sib rivojlansa, aholi jon boshiga 20 tupdan ziyod daraxt to‘g‘ri kelar ekan. Bu atmosfera havosining kislorod bilan to‘yinishiga, turli qum, tuz bo‘ronlarining, tuproq yemirilishlari, sel kelishi, qor ko‘chishining tabiatimizga salbiy oqibatlarini sezilarli darajada kamayishiga hissa qo‘shadi, inshaalloh.

Mirzamaqsud ALIMOV,
Andijon viloyati bosh imom-xatibi
Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 31-mart, 64-son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …