Ayni paytda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida ilmiy izlanishlar olib borayotgan Turkiyaning Anqara universiteti ilohiyot fakulteti doktoranti Mine Demirbilek ilm istagida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurdi.
Turkiyalik yosh tadqiqotchi “Hijriy IV-V asrlarda Movarounnahr mintaqasi hanafiylari oʻrtasidagi farqlar” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasi ustida tadqiqotlar olib borib, mamlakatimizdagi islomshunoslikka oid noyob qoʻlyozmalar, zamonaviy ilmiy nashrlar bilan tanishmoqda.
– Ilmiy ishimni mohiyat jihatidan boyitish hamda Movarounnahrning qadimiy shaharlari va tarixiy obidalari bilan yaqindan tanishish maqsadida Oʻzbekistonga keldim, – deydi Mine Demirbilek, – ayniqsa Samarqand zaminida yashab oʻtgan allomalarning islom tafakkuri tarixida oʻchmas iz qoldirganligi, ularning boy ilmiy merosi meni bevosita markazingizga yetaklab keldi. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Dorimiy, Mahudumi Aʼzam, Amir Temur, Mirzo Ulugʻbek, Xoja Ahrori Vali kabi buyuk zotlar abadiy qoʻnim topgan koʻhna kent meni lol qoldirdi.
Boʻlajak olim Samarqanddagi bir haftalik izlanishlari mobaynida Markaz nashrlari va kutubxona fondidagi nashrlar, shuningdek, manbalar xazinasidagi nodir qoʻlyozma asarlar bilan tanishishni maqsad qilgan.
Bundan tashqari xorijlik tadqiqotchining bir qancha maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda ham bevosita ishtiroki koʻzda tutilgan.
Ayni paytda Markazda xorijlik tadqiqotchiga ilmiy izlanishlarni borishi uchun qulay shart-sharoit yaratib berilgan.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati