Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Insonlarning sogʻlom turmush kechirishi har qanday jamiyatda muhim masala hisoblanadi. Muqaddas dinimizda ham jism va ruh salomatligi bandalarning ruhiy-maʼnaviy kamolotga erishishi kaliti sifatida eʼtirof etiladi.
Yangi Oʻzbekistonda dastlabki kunlardan boshlab aholi salomatligini mustahkamlash ustuvor vazifa etib belgilandi. Soʻnggi yillarda bu borada salmoqli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlari bilan oʻtkazgan ochiq muloqotida ayni shu masala izchil muhokama qilindi.
Tariximizda ilk marotaba oʻtkazilgan bunday amaliy tadbirda kamina ham bevosita ishtirok etdim. Ushbu soha hayotida mutlaqo yangicha uchrashuvda Prezidentimiz tibbiyot xodimlarining takliflarini eshitib, sohadagi ogʻriqli holatlar teran tahlil qilindi. Oldimizda turgan aniq vazifalar belgilanib, mutasaddilarga chuqur mushohadali, ilmiy asoslangan tavsiyalar berildi.
Qayd etilishicha, bunga tayyorgarlik ancha avval boshlangan, 25 mingdan ziyod murojaat qabul qilingan, ularning 8 mingdan koʻpi shaxsiy boʻlib, joyida hal etilgan, 17 mingtasi esa tizimga oid masala hisoblanadi.
Ushbu uchrashuv tibbiyot sohasini yangi bosqichga olib chiqishga katta hissa qoʻshadi va shifokorlarni yanada masʼuliyat bilan ishlashga daʼvat etadi. Bu muloqot xalqimizning ertangi kunga boʻlgan ishonchini mustahkamlaydi, mudroq qalblarni uygʻotadi va siniq koʻngillarga roʻshnolik beradi.
Islom dinidagi barcha ahkomu odoblarda, hatto eng ulugʻ ibodatlarda ham inson salomatligi birlamchi oʻrinda turadi. Dinimiz salomatlikni asrashni shunchaki hayotiy ish, deb emas, balki tananing haqqi deb qaraydi va bu haqni Allohning haqqi qatorida sanaydi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Senda Robbingning ham haqqi bor, tanangning ham haqqi bor”, – deganlar.
Nufuzli tadbirda Prezidentimiz shifokorlar mehnatiga yuqori baho berib, jumladan, shunday dedi:
— El-yurtimiz azaldan shifokorlarni inson salomatligini asrashdek ezgu va savobli ishga butun borligʻini bagʻishlagan fidoyi zotlar, deb biladi va hamisha qadrlaydi. Chunki odamlar sizlarga oʻzlarining eng bebaho boyliklarini — hayotlarini ishonib topshiradi. Buyuk bobomiz Abu Ali ibn Sinoning: “Inson dardiga darmon boʻlmoq – olijanoblikning eng yuksak namunasidir”, degan soʻzlari ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Tan olish kerak, shifokorlarning kasbiga sadoqati, xalqimiz sogʻligʻi yoʻlida tunu kun qilayotgan mehnati barchamiz uchun ibrat. Pandemiyaning ogʻir kunlarini bir eslaylik: tibbiyot xodimlari hayoti va sogʻligʻini garovga qoʻyib, kasallik bilan kurashdi.
Haqiqatan shifokorlar odamlarning darddan forigʻ boʻlishiga hissa qoʻshar ekan, bu bilan beqiyos ajru savobga ega boʻlib, amal daftariga bitilaveradi. Alloh taolo: “Kim uni (bir jonni) tiriltirsa, xuddi hamma odamlarni tiriltirgandek boʻladi”, deb bayon etgan (“Moida” surasi 32-oyat).
Mufassir ulamolar ushbu oyatdagi “tiriltirsa” kalimasini “oʻlimdan saqlab qolsa” maʼnosini bildiradi, degan. Imom Soviy rahmatullohi alayh “yashab qolishiga sababchi boʻlsa”, deya tafsir qilgan.
Demak, shifokorlar ham ogʻir kasallikka chalingan bir bemorning tuzalishiga sababchi boʻlsa, barcha insonlar hayotini saqlab qolgandek ajrga erishadi, insho Alloh.
Oʻz navbatida, muloqotda davlatimiz rahbari tibbiyot xodimlarining masʼuliyatli burchini taʼkidlash barobarida ular doimiy oʻqish, izlanish, yangilikka intilish va davolashning zamonaviy usullarini oʻzlashtirishini alohida qayd etdi. Bu borada buyuk ajdodimiz Ibn Sino hayoti va ilmiy merosi buyuk ibrat namunasidir.
Islom taʼlimotiga koʻra, tabib-shifokorlik qiluvchi oʻz sohasini puxta egallashi va oʻta masʼuliyatli boʻlishi kerak. Chunki uning har bir harakati kasal hayotiga ijobiy yoki salbiy taʼsir koʻrsatadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam aytadilar: “Kimki tib (ilmi)ni bilmay turib tabiblik qilsa, u zomin (javobgar)dir” (Imom Abu Dovud rivoyati).
Bemor oʻz vaqtida mohir tabibga murojaat qilishi va uning muolajasini olishi, tabib esa bemorni sidqidildan davolashi darkor. Zero, bemorning hayoti shifokorning muolajalari, xatti-harakatlariga bogʻliq.
Muloqotda xalq tabobatining ustunligi, tabiblar asrlar davomida qoʻllab kelgan usullardan, dorivor giyohlardan keng foydalanishga ham urgʻu qaratildi. Maʼlumki, musulmon tabiblarning saʼy-harakatlari oʻlaroq, tib ilmida koʻplab ixtirolar qilingan va son-sanoqsiz asarlar bitilgan.
Tib ilmini yangi bosqichga koʻtarishda bobokalonimiz Abu Ali Ibn Sinoning oʻrni beqiyos. Olim turli fanlarga taalluqli 450 dan ziyod, jumladan, tibbiyotga oid 43 ta asar taʼlif etgan. Eng mashhur asari besh jilddan iborat “Tib qonunlari” boʻlib, u qariyb 8 asr mobaynida Yevropada darslik sifatida oʻqitilgan.
Gʻarbda Avitsenna nomi bilan mashhur boʻlgan allomaning ushbu kitobida oʻsimliklardan tayyorlangan 760 ta dorining xususiyatlari bayon qilingan. Ibn Sino tabobatni nazm bilan izohlovchi “Urjuza” nomli asar yozgan. Arab tilida noyob sheʼriy vaznda yozilgan ushbu asarga hatto arablar ham tasanno aytgan.
Ulugʻ hakim viruslarga qarshi kurashish amaliyotini ilk bor qoʻllagan zotdir. Binobarin, u 10 yoshlik chogʻidayoq chuqur zakovatga ega boʻlib Qurʼoni karimni yod olgan.
Muloqotda davlatimiz rahbari Ibn Sinoning noyob isteʼdodi, beqiyos aql-zakovati boisini Buxoro hukmdorini ogʻir darddan davolagani evaziga beriladigan mol-dunyo va amaldan voz kechib, saroy kutubxonasidan foydalanish uchun ijozat soʻragani hamda oʻz ustida tinimsiz ishlab, shunday shuhrat qozonganini alohida tilga oldi.
Tabobat tarixan ehtirom qilingan va har kim bilishi shart boʻlgan zaruriy ilm hisoblangan. Sheʼriyat mulki sultoni Alisher Navoiy Husayn Boyqaroning amirzoda farzandlariga taʼlim berar ekan uchta – dinni, tarixni va tib ilmini oʻrganishni uqtirgan. Zero, din inson axloqu eʼtiqodini isloh qiladi, tarix toʻgʻri xulosa chiqarish ilmi boʻlib, tabobat jism salomatligidir.
Nabiy alayhissalom sogʻliqni saqlashga targʻib qilish bilan birga, bemorlikni davolash borasida ham goʻzal xitob qilganlar: “Alloh dardni ham, davoni ham tushirgan va har bir dardga davosini qilib qoʻygan. Shunday ekan, davolaninglar”. Bu hadisi sharif musulmon tabiblarini zamonlar osha har qanday kasallikni davolashga qurbi yetgancha urinishga undagan va yangi-yangi dorilarni kashf etishida ilhom manbai boʻlgan.
Tarixiy uchrashuvda Prezidentimiz mana shunday taʼlimotlarga hamohang ravishda quyidagi ulugʻ allomalarning hikmatlarini keltirdi: Albatta, kasallikni kechikib davolagandan koʻra, uning oldini olgan har tomonlama afzaldir. Imom Moturidiy hazratlarining: “Tiriklik qadriga sogʻliq paytingda yetgil”, degan soʻzlarida chuqur maʼno bor”.
Kishi kasallikka yoʻliqqanda dardiga shifo boʻladigan omillardan foydalanib, oʻziga muolaja qilishi lozim. Agar u oʻz salomatligiga eʼtibor bermasligi tufayli zarar yetadigan boʻlsa, gunohkor boʻladi. Maʼlumki, shariat bandalar besh zaruratni (din, jon, nasl, mol, aql) saqlashi maqsadida joriy qilingan. Ushbu zaruratlarning uchtasi: jon, nasl va aqlni asrash aynan jismoniy salomatlik bilan bogʻliq.
Tansihatlik boʻlmasa, odam bu dunyoda baxtli boʻlishini tasavvur ham qilib boʻlmaydi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ikki neʼmat borki, koʻp odamlar ulardan gʻaflatdalar. Ular sogʻlik va farogʻat”, dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Demak, sogʻlik-salomatlik boʻlmasa, insonga na boylik va na boshqa neʼmatlar tatiydi. Eng muhimi, ularning hech biri sihat-salomatlikni qaytarishga qodir emas.
Barchamizga ayonki, odam sogʻlom boʻlmasa, unga ish ham, moddiy neʼmatlar ham, hayot quvonchlari ham tatimaydi, deya davlatimiz rahbari uchrashuvda eng toʻgʻri gapni aytdi.
Muborak hadislarda keltirilganidek, “Allohdan yaqiyn (mustahkam iymon)ni va mustahkam sogʻlikni soʻranglar. Zero, odamlarga yaqiyn va mustahkam sogʻlikdan koʻra yaxshi narsa berilmagan” (Imom Termiziy rivoyati). Demak, bandaga Alloh tomonidan berilgan neʼmatlar ichida eng birinchisi mustahkam imon, undan keyin sogʻliq turadi.
Hikmatlarda kelganidek, sogʻlom aql salomat jismni talab qiladi. Ular aslo ayro tasavvur qilinmaydi. Unutmaslik kerakki, “salomatlik” hatto jannatda ham yangraydigan kalomdir. Zero, Haq subhonahu va taolo Qiyomat kuni jannatga kirgan bandalariga qarata: “U (yer)ga sogʻ-salomat, tinch-omon kiringiz!” deb marhamat qiladi (“Hijr surasi”, 46-oyat).
Alloh taolo barchamizni bu dunyoda turli balo-ofatlar, dardlardan yiroq aylasin, xalqimizga tinchlik-ofiyat ato etsin va bu sohada boshlangan yangi davr islohotlariga ulkan zafarlar bersin.
Nuriddin XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi,
muftiy